O‘zbekiston | 23:18 / 11.01.2026
1138
2 daqiqa o‘qiladi

Qorako‘lda 20 nafar abituriyent ovqatdan zaharlangani haqidagi xabar bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi

11 yanvar kuni Qorako‘l tumanidagi o‘quv markazida tahsil olayotgan abituriyentlardan 20 nafari salomatligi yomonlashgani yuzasidan tez tibbiy yordam xizmatiga xabar kelib tushgan.

Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi Qorako‘l tumanida 20 nafar abituriyent ovqatdan zaharlanib shifoxonaga yotqizilgani to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar bo‘yicha rasmiy axborot berdi.

Qayd etilishicha, 11 yanvar kuni Qorako‘l tumanidagi o‘quv markazida tahsil olayotgan abituriyentlardan 20 nafari salomatligi yomonlashgani yuzasidan tez tibbiy yordam xizmatiga xabar kelib tushgan.

Bemorlar zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan hamda laborator va instrumental tekshiruvlardan o‘tkazilgan.

“Ko‘rilgan tibbiy chora-tadbirlar natijasida barcha 20 nafar bemorning ahvoli yaxshilandi va ular ambulator davolanish uchun uyiga javob berildi.

Har bir bemorga hududiy oilaviy shifokor va patronaj hamshirasi biriktirildi. Ayni paytda barchasining ahvoli qoniqarli, shikoyatlari mavjud emas.

Bemorlardan tegishli qon namunalari olinib, belgilangan tartibda ekspertizaga yuborildi. Ekspertiza natijalari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi”, deyiladi xabarda.

Boshqarma axborot xizmati tomonidan berilgan va keyinroq o‘chirib tashlangan xabarda 10 nafar viloyat mutaxassislari (toksikolog va reanimatologlar) tumanga safarbar qilinib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi malakali toksikologlari ishtirokida ZOOM platformasi orqali konsilium o‘tkazilgani ham aytilgandi.

Mavzuga oid