O‘zbekiston | 18:01
869
11 daqiqa o‘qiladi

Prezident O‘zbekistondagi farmatsevtika korxonalari uchun yangi imkoniyatlarni e’lon qildi

Shavkat Mirziyoyev raisligida 5 mart kuni farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda farmatsevtika sohasidagi kamchiliklar va muammolar ko‘rib chiqildi. Dori vositalari ishlab chiqarishda mahalliylashtirishni chuqurlashtirmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga yangi imtiyozlar berilishi e’lon qilindi.

Foto: iStock.com

«Tibbiyotdagi keng ko‘lamli islohotlarimiz, birlamchi bo‘g‘inda profilaktikaning kuchaytirilishi kasalliklarni davolash bilan birga uning oldini olishga qaratilgan preparatlarni ko‘paytirishni taqozo etmoqda», dedi davlat rahbari.

Shu bois, mutasaddilar oldida bu yil sohaga kamida 1 milliard dollar investitsiya olib kelish, sifatni oshirish va xorijiy yetuk farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlikda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali ichki iste’moldagi mahalliy dorilar ulushini 2030 yilgacha 70 foizga yetkazish, kelgusi besh yilda eksportni 1 milliard dollarga olib chiqish vazifalari turgani qayd etildi.

Respublikadagi 13 mingdan ziyod dorixona tomonidan o‘tgan yili 24 trillion so‘mlik dori vositalari sotilgan. Bundan tashqari, davlat xaridlari orqali yiliga 5 trillion so‘mlik farmatsevtika mahsulotlari olinmoqda.

O‘zbekistonda 58 ta farmatsevtika korxonasi 2,5 ming turdagi dori vositalarini ishlab chiqarmoqda. Respublika bo‘yicha jami 136 gektar maydonda 5 ta farmatsevtika zonasi tashkil etilgan. Lekin ayrim viloyat hokimlari, ularning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari farmatsevtika loyihalarini o‘z holiga tashlab qo‘ygani tanqid qilindi.

Misol uchun, 25 gektardagi Jizzax farmzonasida o‘tgan yili umuman dori ishlab chiqarilmagan. Yoki Bo‘stonliq farmzonasidagi 14 gektar yer 2017 yildan beri bo‘sh turibdi. O‘tgan yili Jizzax va Samarqandda birorta ham loyiha ishga tushmagan bo‘lsa, Buxoroda atigi 200 ming, Xorazmda 2 million dollarlik bittadan loyiha bo‘lgan, xolos. O‘tgan yili respublikadagi 96 ta korxonaning aylanmasi 312 milliard so‘mga pasaygan.

Tadbirkorlar barcha hududlarda ham farmzonalar yo‘qligi sababli, ularga berilgan soliq imtiyozini boshqa korxonalarga ham qo‘llashni so‘ragan. Prezident buni qo‘llab-quvvatladi va farmatsevtika korxonalari uchun yangi imkoniyatlarni e’lon qildi.

Joriy yil 1 apreldan boshlab qayerda joylashganidan qat’i nazar, yangi farmatsevtika vositalari ishlab chiqarish, dorivor o‘simlik yetishtirish va qayta ishlash yo‘nalishidagi loyihalar boshlanganidan e’tiboran uch yil muddatga yer solig‘idan ozod qilinadi. Tadbirkorlar loyiha ishga tushgandan boshlab uch yil davomida foyda va mol-mulk soliqlarini to‘lamaydi.

Shu bilan birga, biologik faol qo‘shimcha va kosmetika vositalari ishlab chiqaruvchilari ham xomashyo, uskuna, ehtiyot va butlovchi qismlar importi bojidan ozod qilinadi, farmatsevtika korxonalariga o‘z liniyasida biologik faol qo‘shimcha ishlab chiqarishga ruxsat beriladi.

Bundan buyon har yili 1 iyulgacha mahalliylashtirish tavsiya etiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxati tadbirkorlarga e’lon qilib boriladi.

Ro‘yxatdagi dorilarni ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga xorijiy valutada 7 foizli kreditlar beriladi.

Shuningdek, mavjud mahsulotlari bo‘yicha mahalliylashtirishni chuqurlashtirmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga Sanoat kooperatsiyasi jamg‘armasidan 10 yilgacha xorijiy valutada 6 foizli, milliy valutada 12 foizli kredit ajratiladi.

Yig‘ilishda joriy yilda farmatsevtika bo‘yicha 1 milliard dollarlik yangi loyihalarni shakllantirib, boshlash zarurligi qayd etildi.

Bundan tashqari, viloyatlar hokimliklari tomonidan jami 2,5 milliard dollarlik farmatsevtika loyihalari bo‘yicha takliflar tayyorlangan. Ushbu loyihalar hisobiga yiliga 1 milliard dollarlik import o‘rnini bosuvchi dorilarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mumkin.

Misol uchun, Andijonda 203 million dollarlik 16 ta loyiha amalga oshirish reja qilingan. Jumladan, 30 million dollarlik loyihada O‘zbekistonda ilk bor qon plazmasidan inson albuminini ishlab chiqarishni boshlash ko‘zda tutilmoqda.

Sirdaryoda ham bu yil 188 million dollarlik loyihani ishga tushirib, birgina Afg‘onistonning o‘ziga 50 million dollarlik dori vositalarini eksport qilish rejasi bor. Lekin Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo hokimlari taklif qilayotgan loyihalar 100 million dollarga ham yetmasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Taqdim qilingan loyihalarning iqtisodiy samaradorligini o‘rganib, amalga oshirish choralarini ko‘rish topshirildi. Mutasaddilarga past quvvatda ishlayotgan yoki mulki bank balansiga olingan korxonalarni sog‘lomlashtirish dasturini boshlash vazifasi qo‘yildi.

Xorijdan olib kelinayotgan dorilarning yarmi 34 ta xorijiy ishlab chiqaruvchiga to‘g‘ri keladi. Chet el kompaniyalarining ishlab chiqarishini o‘zimizda tashkil etishga rag‘batlantirish zarurligi qayd etildi. Masalan, Turkiyaning “World Medicine” kompaniyasi Toshkent farmatsevtika parkida antibiotik, virusga qarshi va yurak-qon tomir preparatlarini ishlab chiqarish bo‘yicha 30 million dollarlik loyihani amalga oshirmoqda.

Bugungi kunda import qilinayotgan dori vositalarining yarmini 3 ta yirik korxona olib kelmoqda. Ushbu korxonalar 40 dan ziyod yirik xorijiy kompaniyalar mahsulotini O‘zbekistonga import qilish bo‘yicha eksklyuziv huquqqa ega.

Prezident mazkur korxonalarni o‘ziga ijtimoiy mas’uliyat olib, brendli dorilarni xorijiy hamkorlarini jalb etgan holda o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hammaga namuna bo‘lishga chaqirdi. Buni rag‘batlantirish uchun brendlarni olib kelishda hamkorlarga to‘lanayotgan brend nomidan foydalanganlik uchun to‘lov – royaltidan soliq 20 foizdan 5 foizga tushiriladi.

Original dori yaratilganidan 20-30 yil o‘tib, boshqa farmatsevtika korxonalari ham bu dorini ishlab chiqarishi mumkin. Qaysi kompaniya harakat qilib, ushbu dorini ishlab chiqarish texnologiyasini tezroq o‘zlashtirsa, marra shuniki bo‘ladi. Eng muhimi, talab yuqori bo‘lgan bunday dorilarni ichki bozordagi narxi 5 barobargacha arzon bo‘ladi. Shu bois, mana shunday dori vositalarini bir yil ichida o‘zimizda ishlab chiqarishni boshlagan korxonalarning texnologiyalarni transfer qilish xarajatining yarmi Farmatsevtika jamg‘armasidan qoplab beriladi.

Shuningdek, eng ko‘p import qilinayotgan 100 turdagi dorilarni ishlab chiqarishni ko‘paytiraman degan tadbirkorlar uchun “Toshkent farma park” klasteri hududi yana 100 gektarga kengaytiriladi.

Janubiy Koreyalik hamkorlar o‘tgan yili “Toshkent farma park”ka qo‘shib berilgan 60 gektarni boshqaruvga olish taklifini bergan. Ular o‘z hisobidan infratuzilmaga 40 million dollar kiritib, ushbu hududga Koreyaning nufuzli kompaniyalarini olib kelish istagini bildirgan.

Mutasaddilarga bu boradagi muzokaralarni yakunlab, biofarmatsevtika va kosmetika yo‘nalishida kamida 400 million dollarlik loyihalarni shakllantirish topshirildi.

Sohada eksport 220 million dollarga yetdi. Lekin uning atigi 7 foizini dori vositalari tashkil qilmoqda.

Yurtimizdagi 58 ta dori korxonasining barchasi milliy GMP sertifikatini olgan. Endi qimmat bozorlarga kirib borish uchun korxonalarni YevroGMP talablariga ham moslashtirib borish zarurligi qayd etildi. 1 iyundan boshlab mahalliy ishlab chiqaruvchilarga YevroGMP sertifikatini olish xarajatining 50 foizi Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasidan qoplanishi belgilandi.

Farmatsevtika korxonalari davlat xaridlarida qatnashish bilan bog‘liq bir qator masalalarni ko‘targan. Masalan, 51 ta korxona o‘zi ishlab chiqargan 2 ming turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar bo‘yicha mahalliy mahsulot sertifikatini olgan. Biroq mahalliylashtirish darajasi 30 foizga yetmagani uchun 16 ta ishlab chiqaruvchi 178 turdagi mahalliy dori va tibbiy buyumlarni davlat korxonalariga sota olmayapti.

Umuman, mazkur masalani nafaqat farmatsevtika, balki elektrotexnika, oziq-ovqat, to‘qimachilik kabi sohalardagi 811 ta korxona ham ko‘targan.

Shuning uchun 1 sentabrgacha mahalliy mahsulot sertifikati bor tadbirkorlarga mahalliylashtirish darajasidan qat’i nazar, davlat xaridlarida ishtirok etishga ruxsat beriladi. Mutasaddilarga ilg‘or xorijiy tajriba asosida mahalliy mahsulot bo‘yicha mezonlarni to‘liq qayta ko‘rib chiqish topshirildi.

Farmatsevtika sohasiga yangi texnologiyalarni olib kelish, “Big Pharma” kompaniyalarni jalb qilishga ancha harakat qilinmoqda.

Bunday kompaniyalar ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yishdan oldin “Ichki bozorda dorilar sifati va xavfsizligi bo‘yicha kuchli nazorat tizimi bormi?” degan savol qo‘yadi.

Lekin birgina o‘tgan yilning o‘zida mamlakatimizda 57 mingdan ziyod nomdagi ro‘yxatdan o‘tmagan, kontrafakt dorilar aniqlangan. Achinarlisi, qalbaki nusxasi ko‘paygani uchun nufuzli xorijiy kompaniyalar 21 turdagi original dorilarni O‘zbekistonga olib kirishni to‘xtatgan.

Mas’ul idoralarga giyohvand va psixotrop moddalarga qarshi qanday kurashilayotgan bo‘lsa, dorilarning noqonuniy aylanmasi bo‘yicha ham xuddi shunday murosasiz kurashish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Umuman, sifatsiz va qalbaki dorilarning oldi-sotdisi bo‘yicha javobgarlikni keskin kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish muhim ekani ta’kidlandi.

Bugungi kunda farmatsevtika yo‘nalishidagi 6 ta ilmiy-tadqiqot institutida 300 dan ziyod olimlar faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, farmatsevtika oliygohlarini yiliga 1 mingga yaqin yoshlar tamomlamoqda.

Lekin sohada ilm-fan bilan sanoat bir-biridan “uzilib” qolgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan Kimyo-farmatsevtika, Vaksina va zardoblar hamda Sharq tabobati institutlari negizida Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil qilinadi.

Ushbu institut “Toshkent farma park”da joylashadi va olimlarga bu yerdagi korxonalar bilan ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish uchun sharoit yaratiladi.

Buning uchun park hududida klinikoldi tadqiqotlarini o‘tkazish laboratoriyasi (vivariy), sinov-tadqiqotlar uchun bio va kimyo laboratoriyalari tashkil qilinadi. Shuningdek, 250 o‘rinli xalqaro klinik tadqiqotlar markazi ham barpo etiladi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, Toshkent farmatsevtika instituti va Farmatsevtika texnik universitetining professor-o‘qituvchilari ham ilmiy faoliyatini farmapark hududida olib boradi. Oliygoh talabalari esa bu yerdagi korxonalarda dual-ta’lim asosida o‘qib, ishlaydi.

Sohadagi olimlarni jalb qilib, yangi dorilarni ishlab chiqarishni boshlagan korxonalarning 100 ming dollargacha xarajati Farmatsevtika jamg‘armasidan kompensatsiya qilinadi.

Bundan tashqari, korxonalar mahalliy olimlar yaratgan yangi farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ysa, ularga ushbu tovarlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va klinik sinov xarajatlari uchun 100 million so‘mgacha subsidiya beriladi.

Yig‘ilishda farmatsevtika korxonalari vakillarining taklif va tashabbuslari, mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid