Jahon | 23:35 / 12.01.2026
1575
5 daqiqa o‘qiladi

O‘ldingmi? – Xitoyda yolg‘iz odamlar uchun mo‘ljallangan ilova ommalashdi

Tirik ekaningizni tasdiqlash uchun unda har ikki kunda bir marta belgi qo‘yish - katta yashil tugmani bosish kerak. Agar bunday qilinmasa, ilova favqulodda vaziyatlar uchun foydalanuvchi ko‘rsatgan kontakt bilan bog‘lanadi va foydalanuvchiga biror narsa yuz bergan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar beradi.

Foto: Getty images

Mash’um nomga ega yangi ilova Xitoyda shiddat bilan ommalashib bormoqda, deb xabar berdi BBC. Xitoy tilida Sileme («O‘ldingmi?») deb nomlanuvchi dastur juda sodda tuzilgan. Tirik ekaningizni tasdiqlash uchun har ikki kunda bir marta belgi qo‘yish - katta yashil tugmani bosish kerak. Agar bunday qilinmasa, ilova favqulodda vaziyatlar uchun foydalanuvchi ko‘rsatgan kontakt bilan bog‘lanadi va foydalanuvchiga biror narsa yuz bergan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar beradi.

Ilova o‘tgan yil may oyida ishga tushirilgan edi, biroq faqat so‘nggi haftalarda ommalashdi: uni Xitoydagi yolg‘iz yashovchi odamlar ommaviy ravishda yuklab ola boshladi, natijada, eng ko‘p yuklab olinadigan pulli ilovaga aylandi.

2030 yilga borib, Xitoyda yakka yolg‘iz odam yashaydigan uy xo‘jaliklari soni 200 millionga yetishi mumkin, deb yozdi Xitoyning Global Times davlat nashri. O‘zini «xavfsizlik hamrohi» deb ataydigan ushbu ilova aynan shunday odamlarga mo‘ljallangan: yolg‘iz yashaydigan ofis xodimi, uydan uzoqda yashaydigan talaba yoki ongli ravishda yolg‘iz hayot tarzini tanlagan odam.

«Hayotining har qanday bosqichida yolg‘iz yashaydigan odamlar introvertlar, depressiyaga chalinganlar, ishsizlar va boshqa zaif ahvoldagi odamlar kabi nimagadir muhtoj bo‘ladi», deb yozdi Xitoy ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri.

«Qo‘rqinchli tomoni shundaki, yolg‘iz yashayotgan odam hech kimga sezdirmasdan o‘lib qolishi mumkin va hech kimni yordamga chaqira olmaydi. Ba’zan o‘ylab qolaman: yolg‘iz o‘lib ketsam, jasadimni kim olib ketadi?», deb yozdi yana biri.

38 yoshli Uilson Xou oilasidan taxminan 100 km uzoqlikda yashaydi va aynan shu sababli ushbu ilovani yuklab olganini aytadi. U poytaxt Pekinda ishlaydi. Uyiga, xotini va farzandi oldiga haftada ikki marta qaytadi, ammo hozir, uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha ustida ishlayotgani tufayli ulardan uzoqda bo‘lishga majbur va ko‘p vaqtini ish joyida o‘tkazadi.

«Agar menga biror narsa bo‘lsa, ijara uyda yolg‘iz o‘lib ketishim mumkinligidan xavotirdaman va bu haqda hech kim bilmay qoladi, - dedi u. - Shuning uchun men ilovani yuklab oldim va onamni favqulodda kontakt sifatida ko‘rsatdim».

Ba’zilar haqiqatan ham ilovani unchalik quvnoq bo‘lmagan nomi uchun tanqid qiladi va unda ro‘yxatdan o‘tish baxtsizlik keltirishi mumkinligini aytadi. Boshqalar esa nomni ijobiyroq ma’noga o‘zgartirishga chaqiradi. Ushbu ilovaning muvaffaqiyati qisman uning yorqin nomi bilan izohlansa-da, Moonscape Technologies ishlab chiqaruvchisi tanqidlarni inobatga olganini va nomni o‘zgartirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytdi.

Xalqaro bozorda ilova Demumu nomi bilan taqdim etilgan va allaqachon AQSh, Singapur va Honkongda top-2 ga kirgan, shuningdek, Avstraliya va Ispaniyada top-4 pulli dasturlar qatoriga kirdi - ehtimol, chet elda yashovchi xitoylik foydalanuvchilar tufayli.

Dastlab ilova bepul ishga tushirilgan edi, ammo endi u pulli toifasiga o‘tdi - arzonroq narxda 8 yuan (1,15 dollar) bo‘lsa ham.

Ta’kidlanishicha, ilovani yaratish uchun taxminan 1000 yuan (140 dollar) sarflangan. Hozir uning narxi sezilarli darajada oshgan. Ta’sischilardan biri, Go nomi bilan tanilgan shaxs kompaniyaning 10 foiz ulushini bir million yuanga sotish orqali sarmoya kiritishni rejalashtirayotganini aytdi.

Bundan tashqari, ular maqsadli auditoriyani kengaytirish, qariyalar uchun maxsus mo‘ljallangan yangi mahsulotni chiqarish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu aholining beshdan bir qismidan ko‘prog‘i 60 yoshdan oshgan odamlar bo‘lgan Xitoy uchun juda dolzarbdir.

Ushbu niyatning jiddiyligini tasdiqlash uchun kompaniya dam olish kunlari quyidagi xabarni e’lon qildi: «Biz uyda yolg‘iz yashovchi qariyalarga ko‘proq e’tibor berishga, ularga ko‘proq g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatishga chaqirmoqchimiz. Ularning orzulari bor, ular yashashga intiladi va ular hurmat bilan himoyaga loyiqdir».

Mavzuga oid