Jahon | 10:18
1075
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Yevropani Kiyevga havo mudofaasi uchun raketalar berishga chaqirdi

“Omborlarda raketalar bor, biz buni bilamiz”, - dedi Ukraina prezidenti. Uning aytishicha, 12 yanvar kuni uchrashuv bo‘lib o‘tadi va unda Kiyevga qurol topshirish masalasi muhokama qilinadi.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yevropani Kiyevga havodan hujumidan mudofaa (HHM) tizimlari uchun raketalar berishga chaqirdi. Ukraina rahbarining murojaati yakshanba, 11 yanvar kuni uning Telegram kanalida joylashtirildi.

“Birinchi navbatdagi ustuvor vazifa — HHM uchun raketalar”, — deya ta’kidladi davlat rahbari. Uning so‘zlariga ko‘ra, 12 yanvar kuni uchrashuv bo‘lib o‘tadi va unda mazkur masala muhokama qilinadi. “Hamkorlarning PURL dasturiga yangi hissalari kerak, Yevropadagi omborlardan yetkazib berishlar ham kerak”, — dedi Zelenskiy.

PURL dasturi (Prioritised Ukraine Requiremens List — “Ukraina uchun ustuvor talablar ro‘yxati” — tahr.) 2025 yil yozidan beri NATOning AQSh prezidenti Donald Tramp bilan kelishuvi asosida amal qilib kelmoqda.

Ukraina prezidentining aytishicha, “omborlarda raketalar bor”. “Biz buni bilamiz”, — deya urg‘u berdi u va bu qurollar “osmonni himoya qilayotganlar qo‘lida bo‘lishi kerak”ligini qo‘shimcha qildi.

Volodimir Zelenskiy aniqlashtirishicha, u Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy bilan hamkorlardan kelayotgan ta’minot haqida gaplashgan: “nima — yo‘lda, nima — zarur, qaysi so‘rovlar haligacha bajarilmagan, nimani tezlatish kerak”.

Ukraina rahbari, shuningdek, “Ukrainskaya pravda” nashri qayd etishicha, AQSh tomoni bilan muloqot natijalari bo‘yicha Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (MXMK) kotibi Rustem Umerovning hisobotini ko‘rib chiqqanini aytdi. “Biz uchrashuvlar jadvali va keyingi muzokaralarni rejalashtiryapmiz”, — deb qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

Bundan avval, 11 yanvar kuni Ukraina Mudofaa vazirligiga qarashli Bosh razvedka boshqarmasi 2026 yil boshida Rossiya armiyasi qo‘shma havo hujumlari vaqtida ilk bor yangi “Geran-5” zarbali dronini qo‘llaganini bildirdi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, ushbu dronning uzunligi taxminan 6 metr, qanot yoyilishi 5,5 metrgacha. Uning jangovar qismi og‘irligi 90 kg atrofida, ko‘rsatilgan zarar yetkazish masofasi esa taxminan ming kilometr ekani aytildi.

Ukraina poytaxtida 10 yanvar kuni hokimiyat favqulodda elektr uzilishlari bo‘lganini ma’lum qildi. Shuningdek, suv ta’minoti, issiqlik ta’minoti va elektr transporti tizimlari ishi to‘xtatilgani haqida Kiyev shahar davlat ma’muriyati ijtimoiy tarmoqlarda xabar berdi — u buni “Ukrenergo” davlat kompaniyasi ko‘rsatmasiga tayangan holda aytgan. Poytaxtning ayrim tumanlarida uzilishlar ertasi kuni ham davom etgan.

Mavzuga oid