Jahon | 15:08 / 15.01.2026
7457
9 daqiqa o‘qiladi

Tramp Eron bo‘yicha qaror qabul qilolmayapti | “Geosiyosat”

Bugungi Eron masalasi AQSh siyosatidagi eng murakkab dilemmalardan biriga aylanib boryapti. Tramp avvaliga Tehronga tahdid qilgan bo‘lsa, keyinchalik Vashingtonning pozitsiyasi aniq strategiyaga aylanmadi. Gap rejimni almashtirishdami yoki bosim orqali tizimni zaiflashtirishdami, bu savol ochiq qolmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra parokanda Eron AQShga ham kerak emas. Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Eron atrofidagi real vaziyat xususida so‘z yuritdi.

AQShning rejasi Eronda hukumatni o‘zgartirishmi yoki mamlakatni parchalash?

Azizbek Fayzullayev: Hozirgi kunda AQShning so‘nggi bayonotlari yoki Amerikada yashayotgan taxt vorisi Rizo Shoh Pahlaviyning chiqishlari Eron ichidagi namoyishlar to‘lqinining ma’lum darajada kuchayishiga ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin. Biroq shuni ta’kidlash kerakki, Donald Tramp ma’muriyatida Eronni parchalash yoki hukumatni o‘zgartirish borasida aniq strategik qaror va yakdil pozitsiya mavjud emas. Muhim jihat shundaki, Eronda rejimni almashtirish davlatning parchalanishi bilan barobar jarayon hisoblanadi. Bu mamlakatda rejim oddiy siyosiy tizim emas, balki davlat mexanizmlarini ildizi bilan qamrab olgan murakkab tuzilma hisoblanadi. Xususan, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining o‘ziyoq rejimning oddiy yo‘l bilan qulashini deyarli imkonsiz qiladi. Agar bunday tizim yemirilsa, bu bevosita davlatning parchalanishiga olib kelishi mumkin. Agar Eron ichida Muhammad Xotamiy yoki Mir Husayn Musaviy singari, jamiyat ichida real tayanchga ega, aniq g‘arbparast siyosiy liderlar mavjud bo‘lganida, rejim qulashiga yoki elitalar o‘rtasida kurash boshlanishiga oid ssenariylarni tasavvur qilish mumkin edi. Ammo hozirgi sharoitda bunday yaqqol peshqadam loyiha yoki ichki lider yo‘qligi AQShni ikkilanishga va strategik dilemmalarga duchor qilmoqda. Bundan tashqari, Eronning parchalanishi AQSh uchun yangi geosiyosiy imkoniyatlar ochib bermaydi. Bu jarayon AQSh va Isroil uchun qisqa muddatli natija berishi mumkin, ammo Eron hududidagi strategik-logistik yo‘llar yoki yerosti va yerusti resurslarini nazorat qilish imkonini bermaydi. Aksincha, keng ko‘lamli fuqarolar urushi xavfi yuzaga kelib, AQShning mintaqadagi harbiy bazalarini ham tahdid ostida qoldirishi mumkin. Rejimni almashtirishning qiyinligining asosiy sababi shundaki, Eron boshqaruv tizimi personal avtokratiya emas. “Viloyati faqih” konsepsiyasi ko‘pincha noto‘g‘ri talqin qilinadi. Ayrimlar Erondagi dunyoviy va sekulyar qatlam rejimga qarshi degan fikrni ilgari suradi, ammo bu haqiqatga to‘liq mos kelmaydi. Chunki Eron jamiyatining turli qatlamlari — diniy, dunyoviy, konservativ va liberal qarashdagi millionlab fuqarolar so‘nggi qariyb 40 yil davomida aynan shu konsepsiya asosida shakllangan. Viloyati faqih g‘oyasiga ko‘ra, 12-imom hokimiyatni eng bilimdon va munosib faqihga topshiriladi. Bu mutlaq monopol hokimiyat emas, biroq tizim barqarorligi aynan shu mexanizm orqali ta’minlanadi. Shuning uchun Oyatullohlar rejimi nazorat o‘rnatgan bo‘lsa-da, bu mutlaq va yuz foizlik nazorat degani emas. Agar bu tizim aynan bir shaxsga bog‘langan avtokratiya bo‘lganida, yetakchining o‘limi yoki chetlatilishi bilan hokimiyat inqirozi bo‘lishi mumkin edi. Ammo Eronda bunday emas. Bu yerda Oyatulloh bilan real raqobatlasha oladigan, 40–50 million aholini ortidan ergashtira oladigan populistik shaxs yoki kuchli siyosiy partiya mavjud emas. Muxolifat guruhlari esa mamlakatdan siqib chiqarilgan va real siyosiy kuchga ega emas. Shu sababli Oyatulloh rejimining saqlanib qolishidan manfaatdor kuchlar juda ko‘p. Elitalar orasida xalq tomoniga o‘tayotgan biror jiddiy bo‘linish kuzatilmayapti. Hatto islohotchi sifatida tilga olinadigan prezident Mas’ud Pizishkiyon ham hozir namoyishchilarni terrorizmda ayblab, Oyatulloh bilan bir xil pozitsiyada turibdi. Eng hal qiluvchi kuch esa 90 mingdan 120 ming kishigacha deb baholanadigan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusidir. Rejim qulagan taqdirda ularni qanday taqdir kutishi noma’lum. Hatto Rizo Shoh Pahlaviy hokimiyatga qaytsa ham, bu korpusni isloh qilish emas, balki to‘liq tugatish ehtimoli yuqori. Shu bois harbiy va siyosiy elita Oyatulloh atrofida jipslashgan. Biroq bu tizim mutlaq o‘zgarmas degani emas. Ehtimol, yaqin kelajakda rejim saqlanib qolgan holda, muayyan islohotlar amalga oshirilishi mumkin. Masalan, hokimiyat taqsimotini qayta ko‘rib chiqish yoki prezident instituti vakolatlarini kengaytirish ehtimoldan xoli emas.

 

Nurislom Ahmadjonov: Agar taqdir taqozosi bilan Eron hukumati ag‘darilsa, undan keyin mamlakatdagi vaziyat va liderning kim bo‘lishi so‘roq ostida. Shunchaki “rejim ag‘dariladi” degan yuzaki yondashuv yetarli emas. Ag‘darilgandan keyingi siyosiy manzara mavhum bo‘lib qolmasligi kerak. Rizo Pahlaviy populistik kuchga ega emas va xalqni ergashtira oladigan real siyosiy lider sifatida shakllanmagan. Bundan tashqari, uning siyosiy legitimligi masalasi ham so‘roq ostida. Tarixiy jihatdan qaraganda, 1906 yilgi Eron konstitutsiyasiga muvofiq shoh qasamyod qilishi shart edi. Muhammad Rizo Pahlaviy esa bu qasamyodni bajarmagan. Shu konstitutsiyaning 37-moddasiga ko‘ra, agar hukmdor tashqi bosim natijasida mamlakatni tark etsa, uning hokimiyati tugatilgan deb hisoblanadi. Demak, pahlaviylar sulolasining huquqiy legitimligi jiddiy savol ostida. Bundan tashqari, Rizo Pahlaviyning Isroil davlatini ochiq tan olishini e’lon qilib kelayotgani Eron jamiyati tomonidan qanday qabul qilinishi ham muhim savol. Yana bir jihat shundaki, Rizo Pahlaviyning nabirasi Imon 2025 yilda yahudiy millatiga mansub Brendli Sherman bilan nikoh qurgani ham Eron jamiyatida salbiy rezonans uyg‘otishi mumkin. Shu omillarni hisobga olganda, pahlaviylar sulolasi Eron xalqini ortidan ergashtira oladigan kuch sifatida ko‘rinmaydi. Bundan tashqari, media maydonida muqobil da’volar ham paydo bo‘lmoqda. Masalan, Ozarboyjon OAVlarida qojarlar sulolasiga mansub, hozir Ozarboyjonda istiqomat qilayotgan Sulton Bobak Mirzoxon “haqiqiy Eron vorisi” sifatida tilga olinmoqda. AQSh boshchiligidagi siyosiy doiralar Eronni butunlay parchalashdan ko‘ra, rejimni o‘zgartirish ritorikasiga urg‘u bermoqda. Ochiq harbiy intervensiya Eronning o‘zi uchun ham, mintaqa uchun ham og‘ir oqibatlarga olib kelishini tomonlar tushunib turibdi. Ichki siyosiy rivojlanish nuqtayi nazaridan Eronda bir nechta ehtimoliy ssenariylarni ko‘rish mumkin.

Birinchi ssenariy — repressiv barqarorlik. Hozirda rejim aynan shu yo‘ldan bormoqda: kuchishlatar tuzilmalar faol ishlatilmoqda, ommaviy hibslar, bosim va qo‘rqitish orqali namoyishlar bostirilmoqda. Bu usul tashqi va ichki muxolifatning birlashishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan.

Ikkinchi ssenariy — elita ichidagi bo‘linishlar. Bu eng xavfli variant hisoblanadi. Agar namoyishlar uzoq davom etsa, siyosiy va harbiy elita ichida kelishmovchiliklar kuchayishi mumkin. Bu esa chegara hududlaridagi etnik guruhlar orasida separatistik kayfiyatlar qo‘zg‘atishi ehtimolini oshiradi. Kurdlar, ozarlar, balujlar va janubiy hududlarda mustaqillik yoki keng avtonomiya talablari paydo bo‘lishi mumkin. Bunday holat Eronning geografik kattaligi va mintaqadagi o‘rni sababli uzoq davom etadigan etnik va proksi mojarolarga olib kelishi ehtimoli yuqori.

Uchinchi ssenariy — yumshoq o‘tish. Agar mavjud boshqaruv modeli barqaror emas deb topilsa, rejim ma’lum yon berishlarga borishi mumkin. Bu konstitutsiyaviy islohotlar, vakolatlarni qayta taqsimlash yoki prezident institutini kuchaytirish shaklida bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Hatto eng so‘nggi bosqichda oliy rahbar institutini qayta ko‘rib chiqish masalasi ham kun tartibiga chiqishi mumkin.

Bular orasida eng xavfli yo‘l ikkinchi ssenariy, ya’ni elita va etnik nizolar keskinlashuvi hisoblanadi. Aynan shu holat Eronni uzoq muddatli beqarorlik girdobiga tortib ketishi mumkin.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов

Mavzuga oid