Jahon | 20:58
1132
2 daqiqa o‘qiladi

Oq uy Daniyaning Grenlandiyani himoya qila olishiga shubha bildirdi

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington Grenlandiya ustidan nazoratni “qanday bo‘lmasin” qo‘lga kiritishi kerakligini aytgan edi.

Stiven Miller Foto: Reuters

Grenlandiyani faqat uni himoya qiladiganlargina nazorat qilishi mumkin, Daniya esa bunga juda kichiklik va ojizlik qiladi, dedi Oq uy ma’muriyati rahbarining o‘rinbosari, AQSh prezidentining ichki xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Stiven Miller Fox News telekanaliga bergan intervyusida.

U shuningdek, hududni nazorat qilish huquqi uni himoya qila olish qobiliyatiga asosan belgilanishi tamoyili 500dan buyon mavjudligini aytdi. 

«Daniya — kichik iqtisodiyot va kichik armiyaga ega mitti davlat. U Grenlandiyani himoya qila olmaydi. U Grenlandiya hududini nazorat qila olmaydi», — dedi Miller.

Grenlandiya — Daniyaning avtonom hududi. Orol Daniya tarkibida NATOning bir qismi hisoblanadi. Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, Grenlandiya AQSh milliy xavfsizligi, shuningdek Arktika mintaqasi xavfsizligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Oq uy rahbari ta’kidlashicha, u yerda Rossiya va Xitoy faolligi kuchaygan. Tramp versiyasiga ko‘ra, orol rejalashtirilayotgan AQSh raketaga qarshi mudofaa tizimi — “Oltin gumbaz” (Golden Dome)ni yaratish uchun ham muhim.

Avvalroq AQSh prezidenti Vashington Grenlandiya ustidan nazoratni “qanday bo‘lmasin” qo‘lga kiritishi kerakligini aytgan edi. Oq uy esa AQSh armiyasini Grenlandiyani “qo‘shib olish” uchun ishga solish Donald Tramp uchun oliy bosh qo‘mondon sifatida “variantlardan biri” ekanini ma’lum qilgan.

Trampning tahdidlari ortidan Yevropa davlatlari Grenlandiyaga oz sonli harbiy xodimlarni yubordi.

Mavzuga oid