Jahon | 11:17 / 18.01.2026
7833
9 daqiqa o‘qiladi

“Ular shoxida yursa, biz bargida yuramiz” - Sherzodxon Qudratxo‘ja

Rossiya TIV so‘zlovchisi Solovyovning tahdidli chiqishlari rasmiy Moskvaning pozitsiyasini aks ettirmasligini aytdi. Shunday bo‘lsa, hukumat ularning bu chiqishlariga nisbatan nima uchun hech qanday ochiq tanqid yoki choralar ko‘rmaydi? Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar mazkur mavzu xususida so‘z yuritdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Sherzodxon Qudratxo‘ja: Ism qismat, deydilar. “Solovey” ismining ma’nosi — “bulbul” degani. Xo‘sh, Solovyov kim? Men uni Rossiyaning 1943 yildagi Levitani, deb atagan bo‘lardim. Ammo “burgaga achchiq qilib ko‘rpani yoqma” degan maqol bor, afsuski, ular bunday hikmatlarni bilishmaydi. Solovyov “agar AQSh Venesuelani bosib olsa, biz Markaziy Osiyo va Armanistonni bosib olamiz”, dedi. E’tibor bering, negadir Ozarboyjonni tilga olmadi. Ozarboyjon bugungi mustaqil mavqeyiga jim o‘tirib erishgani yo‘q. Bu oson kelmagan.

Bizda esa “andisha” ko‘pincha “qo‘rqoqlik” deb talqin qilinadi. Men shuni aytmoqchimanki, jamiyatda ham, studiyalarda ham bunday yaramas bayonotlarga nisbatan andisha qilmasligimiz kerak. Gap Vatan, sarhad va mustaqillik haqida ketayotganda sukut saqlamasligimiz kerak. Tarixan biz kuchli imperiyalarning markazida turganmiz. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Solovyovning Armaniston va Markaziy Osiyo haqidagi “maxsus harbiy operatsiya” bayonotini rasman qo‘llab-quvvatlamasligi oldindan ma’lum edi. Chunki bu ochiqchasiga Markaziy Osiyo davlatlariga urush e’lon qilish bilan barobar bo‘lardi. Shu sababli masala “olib qochildi”, siyosiy o‘yin qilindi.

Ammo Solovyovning gaplari qachondan “shaxsiy” fikrga aylanib qoldi? U “Vesti Radio”da, ya’ni davlat mediasida chiqish qilgan. Butun propaganda mashinasining markazida turgan odam kechqurun shaxsiy kanalda gapirsa, birdaniga “chastnoye litso” bo‘lib qolmaydi. U Jirinovskiy bilan bahslashgan, yillar davomida urush mafkurasini tayyorlagan shaxs. Shuning uchun bu gaplarni oddiy fikr emas, balki tahdid sifatida qabul qilishimiz kerak. Axir Markaziy Osiyo va Rossiya ittifoqchi va strategik sherik davlatlar. Agar Rossiya bugun bizdan yuz o‘girsa, ertaga Xitoy ham yuz o‘giradi. Butun Markaziy Osiyo voz kechsa, Rossiya xalqaro maydonda “qo‘l berib bo‘lmaydigan” holatga tushib qoladi.

Shuni Solovyov o‘yladimi? Bugun munosabatlar orasida devor ko‘tarilmoqda. Bu devorning g‘ishtini biz emas, ular qo‘ymoqda. Biz esa jim turibmiz. Bu jimlikni Solovyov, Dugin, Prilepin, Smolin, Mironov va Volodin kabi shaxslar suiiste’mol qilmoqda. Shuning uchun bugun ko‘zlar ochilishi kerak: Markaziy Osiyoga nisbatan bunday munosabatni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi.

Yana bir masala: “O‘rta Osiyo” atamasidan ham voz kechish vaqti keldi. Bu ruscha “o‘rtamiyona Osiyo” degan ma’noni anglatadi. Biz Buyuk Osiyomiz, Buyuk Turon, Buyuk Turkistonmiz. Bugun O‘zbekistonda aholi ko‘paymoqda, iqtisod o‘smoqda. Ammo har kuni minglab yangi ish o‘rni yaratish qiyin. Shuning uchun yoshlarimiz bilim olib, dunyoning turli mamlakatlarida ishlasin. Ammo bu qaramlik emas, imkoniyat bo‘lsin. Bu vaziyatni fojia deb emas, imkoniyat deb ko‘rish kerak. Qullik kayfiyatidan chiqish va mustaqil fikrlash vaqti keldi. Bugun Ukrainada bo‘layotgan voqealar — ertaga boshqa mintaqalarga ham ko‘chishi mumkin. Shu bois Markaziy Osiyo haqida aytilayotgan har bir so‘zga jiddiy qarashimiz shart.

Kamoliddin Rabbimov: Bu masalada bir nechta muhim nuqtalar bor. Avvalo, rasmiy bayonotlarda Mariya Zaxarova Solovyovni ochiq tanqid qilgani yo‘q, faqat “u o‘z fikrini shaxsiy kanalda bildirdi”, degan izoh bilan cheklandi. Ammo bu ta’rif haqiqatga to‘liq mos kelmaydi.

Gap shundaki, Solovyov shaxsiy blog yoki mustaqil platformada emas, balki “Radio Vesti”da chiqish qilgan. “Vesti” telekanali va unga qarashli radio Rossiya davlatiga tegishli yirik media korporatsiya hisoblanadi. Solovyov esa bu platformalarda doimiy boshlovchi sifatida faoliyat yuritadi. U radioda ancha erkin uslubda gapiradi, biroq aynan shu format orqali Kremlning qarashlari va siyosiy tafakkuri jamoatchilikka yetkaziladi. Agar u haqiqatan ham davlat pozitsiyasini ifodalamaganida, kamida efirdan olinishi yoki ishdan bo‘shatilishi mumkin edi.

Demak, Solovyovning chiqishlarini Rossiya rasmiy siyosatidan butunlay ajratib ko‘rsatish asossiz. Umuman olganda, Rossiya siyosiy uslubini yaxshi bilamiz. Kreml atrofida jamoatchilik fikrini shakllantirib beradigan, imperialistik va shovinistik kayfiyatni doimiy ravishda qo‘zg‘atib turadigan bir qator noformal shaxslar mavjud. Ilgari bu rolni Jirinovskiy bajargan bo‘lsa, bugun Solovyov, Kiselyov kabi shaxslar shu vazifani davom ettirmoqda. So‘nggi 15–20 yil davomida Rossiya siyosiy tafakkurida millatchilik va agressivlik darajasi tizimli ravishda oshirildi.

Putin davrida bu ko‘rsatkichni keskin pasaytirish deyarli imkonsiz, chunki tashqi mojarolar va urushlar uchun jamiyatda doimiy agressiv kayfiyat shakllantirib turilishi zarur. Bu jarayon o‘z-o‘zidan yuz bermaydi, u davlat siyosati darajasida olib boriladi. Solovyov esa aynan shu tizimning markaziy figurasi hisoblanadi.

Bu yerda yana bir muhim savol tug‘iladi: nega aynan Armaniston va Markaziy Osiyo tilga olinmoqda? Sababi oddiy. possovet hududida Rossiya bilan eng ijobiy munosabatlarni aynan shu davlatlar saqlab kelmoqda. Boltiqbo‘yi mamlakatlari allaqachon Rossiya orbitasidan chiqib, NATO a’zolariga aylangan. Ukraina esa o‘z suvereniteti uchun ochiq urush olib bormoqda.

Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi so‘nggi geosiyosiy keskinlikdan so‘ng Yerevan ham Moskva bilan murakkab munosabatlar bosqichiga o‘tdi. Markaziy Osiyoning besh davlati esa possovet hududida Rossiyaga nisbatan na ochiq, na yashirin antirossiyaviy siyosat yuritmagan, eng konstruktiv mintaqa bo‘lib qolmoqda. Ammo Rossiya siyosiy tafakkurida bunday ijobiy munosabat ko‘pincha “qo‘rquv” sifatida talqin qilinadi. Ya’ni, “agar qarshilik yo‘q bo‘lsa, demak bosim qilish mumkin”, degan yondashuv mavjud.

Shu sababli yagona samarali yo‘l — Markaziy Osiyo davlatlarining birlashgan holda, konseptual va tizimli munosabat bildirishidir. Yagona bayonot yoki hissiy reaksiya yetarli emas. Ozarboyjon bunga misol bo‘la oladi: u Rossiya bilan munosabatlarda bir yil davomida izchil siyosiy bosim o‘tkazdi va natijada Putin Dushanbeda Ilhom Aliyevdan rasman uzr so‘rashga majbur bo‘ldi.

Bugun Markaziy Osiyoda besh mustaqil davlat bor. Shu kunlarda ham prezident tomonidan tashqi ishlar idoralariga faqat minimal darajada nota bilan cheklanib qolmaslik, avvalo o‘z fuqarolarining sha’ni va huquqlarini qat’iy himoya qilish zarurligi ochiq aytildi. Bu yondashuv siyosiy darajaga ko‘tarilishi kerak. Xulosa qilib aytganda, biz siyosiy tafakkurimizni tubdan o‘zgartirishimiz zarur. Ichki va tashqi siyosat markazida inson qadr-qimmati turishi kerak. Faqat shundagina real natijalarga erishish mumkin, ham mintaqaviy, ham xalqaro miqyosda.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid