Jahon | 20:27
2469
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Tinchlik kengashiga Putinni taklif qildi

Rossiya taklifning barcha tafsilotlarini o‘rganayotgani ta’kidlanmoqda.

Foto: Reuters

Vladimir Putin G‘azoni boshqaradigan Tinchlik kengashiga a’zo bo‘lish taklifini oldi, dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

«Ha, haqiqatan ham, prezident Putin ham diplomatik kanallar orqali Tinchlik kengashi tarkibiga kirish taklifini oldi. Ayni paytda biz taklifning barcha tafsilotlarini o‘rganmoqdamiz, jumladan, barcha nozik jihatlarni aniqlashtirish uchun Amerika tomoni bilan aloqa o‘rnatishga umid qilamiz», dedi Peskov.

Tinchlik kengashi o‘t ochishni to‘xtatgandan keyin G‘azo sektorini boshqarish uchun xalqaro tashkilot sifatida taklif etilmoqda. Oq uy unga AQSh davlat kotibi Marko Rubio, Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakil Stiv Uitkoff, AQSh prezidentining kuyovi Jared Kushner va Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler kirishini allaqachon e’lon qilgan. Biroq, Bloomberg tanishib chiqqan nizomga ko‘ra, Tinchlik kengashi ancha kengroq funksiyalarga ega bo‘lishi kerak. Hujjatda u «barqarorlikka ko‘maklashish, ishonchli va qonuniy boshqaruvni tiklash hamda mojarolar ta’sir ko‘rsatgan yoki tahdid ostida bo‘lgan hududlarda mustahkam tinchlikni ta’minlashga intilayotgan xalqaro tashkilot» deb ta’riflangan. Uning raisi Tramp bo‘ladi va unga umrbod a’zo bo‘lish uchun mamlakatlar kamida 1 milliard dollar to‘lashi kerak.

Vashington Tinchlik kengashida ishtirok etish uchun 50 mamlakat, xususan Argentina, Kanada, Fransiya, Germaniya, Avstraliya, Bahrayn, Misr, Turkiya, Belarus, Qozog‘iston, Isroil va O‘zbekiston yetakchilariga taklifnoma yuborgan.

Avvalroq, Tramp O‘zbekistonni Tinchlik kengashiga taklif etgani, Shavkat Mirziyoyev tashkilotga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilishga tayyorligini bildirgani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid