Jahon | 19:16
4936
5 daqiqa o‘qiladi

Ukraina bo‘ylab yangi zarbalar: Kiyevda yana 6 mingta ko‘p qavatli uy issiqliksiz qoldi

Bu vaqtda Zelenskiyning Tramp bilan Davosda rejalashtirgan uchrashuvi – so‘roq ostida.

Foto: Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA

Rossiya qo‘shini 20 yanvarga o‘tar kechasi navbatdagi marta Ukrainadagi energetik infratuzilmasini o‘qqa tutdi. Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, jami 339 ta zarbdor dronlar, «Iskander-M» rusumli 18 ta ballistik raketa, X-101 rusumli 15 ta qanotli raketa hamda kemalarga qarshi qo‘llanuvchi bitta «Tsirkon» raketasi uchirilgan. Raketalardan beshtasi hamda 24 ta dron nishonga yetib borgan, qolganlari urib tushirilgan.

Zarbalarning asosiy yo‘nalishi Kiyev shahri bo‘lgan. Shahar meri Vitaliy Klichko tongda hujumlar tufayli 5635 ta ko‘p qavatli uy (bu shahardagi ko‘p qavatli uylarning yarmidan ko‘proq) issiqlik ta’minotidan uzilganini ma’lum qildi. Kiyevda hozirda kuchli sovuq kuzatilmoqda, tunda harorat –10 darajadan pastga tushmoqda.

Bu yanvar oyi boshidan buyon Kiyevning yarmi issiqlik ta’minotisiz qolishi bilan bog‘liq ikkinchi holatdir – shunga o‘xshash vaziyat 9 yanvar kungi hujumdan keyin yuzaga kelgandi. Rossiya qo‘shini shahar ma’muriyati issiqlik ta’minotini deyarli to‘liq tiklashi bilan navbatdagi zarbani bermoqda.

Kiyevda elektr energiyasini ham favqulodda o‘chirish holatlari davom etmoqda. DTEK ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina poytaxtida 173 ming kishi elektr ta’minotidan mahrum holda yashashiga to‘g‘ri kelmoqda.

Kiyevning chap sohil qismida 3500 ga yaqin uy aholisi suv ta’minotisiz ham qolgan, deb xabar berdi bosh vazir o‘rinbosari Aleksey Kuleba. Rasmiylar yaqin vaqtlar ichida ichimlik suv ta’minotini tiklashni rejalashtirgan.

Elektr ta’minotidagi muammolar tufayli Kiyev metrosi bugun uzilishlar bilan ishlagan: xususan, Dnipro daryosining chap va o‘ng sohillari o‘rtasida poyezdlar 20-25 daqiqa oralig‘i bilan qatnamoqda, bir qancha bekatlar to‘liq yopilgan.

Kiyevdan tashqari, tunda Kiyev, Vinnitsa, Dnipropetrovsk, Odessa, Zaporijjya, Poltava va Sumi oblastlari ham zarbalar ostida qolgan. Bu regionlarning aksarida elektrni avariyaviy o‘chirish grafiklari amal qilmoqda.

Ko‘p qavatli uylardan birida portlash oqibatida derazalari sinib ketgan kvartira. 2026 yil 20 yanvar
Yan Dobronosov / Global Images Ukraine / Getty Images
Kafedagi ko‘chma elektr generator. 2026 yil 20 yanvar
Sergei SUPINSKY / AFP / Scunpi[/ LETA

Tinchlik muzokaralari

19 yanvar kuni boshlangan va jumagacha davom etadigan Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida Volodimir Zelenskiy va Donald Tramp o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tishi hozirgacha aniq emas.

Avvaliga Tramp, Zelenskiy va Yevropa yetakchilari o‘tgan yil kuzida Kiyevga urushdan keyingi xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha Parijda bo‘lib o‘tgan «ko‘ngillilar koalitsiyasi» sammitida erishilgan kelishuvlarni yakunlashi rejalashtirilgan edi. Biroq, AQSh va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi Grenlandiya mojarosi fonida Ukraina mavzusi ikkinchi darajaga tushib qoldi.

Shuningdek, OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina va AQSh prezidentlari Ukraina iqtisodiyotini tiklash uchun 10 yil ichida 800 milliard dollar sarmoya kiritishni nazarda tutuvchi kelishuvni imzolashni rejalashtirgan.

Bugun Axios nashrining Amerikadagi manbasi Tramp hali ham Zelenskiy va Yevropadagi ba’zi davlatlar yetakchilari bilan uchrashishni rejalashtirayotgani, biroq qandaydir keskin kelishuvlar kutilmayotganini ma’lum qildi. Manbaga ko‘ra, investitsiya shartnomasi hali ham takomillashtirishni talab qiladi va uni imzolashning aniq sanasi yo‘q.

Zelenskiy esa bu vaqtda hozircha Jahon iqtisodiy forumiga bormasligini ma’lum qildi va buni energetika infratuzilmasi o‘qqa tutilishi sababli Ukrainada qolish zarurati bilan izohladi. «Albatta, men bu holatda Ukrainani tanlayman, iqtisodiy forumlarni emas. Lekin hamma narsa har daqiqada o‘zgarishi mumkin. Chunki men va ukrainlar uchun bu urushni tugatish juda muhim», – dedi u.

Shu bilan birga, Ukraina prezidenti amalda Davosga tashrif bo‘yicha noaniqlik AQSh bilan muzokaralarda oldinga siljish yo‘qligi bilan bog‘liqligini bildirgan. «Albatta, Amerika bilan [oliy darajadagi] har bir uchrashuv Ukrainaning kuchayishi yoki urush tugashiga yaqinlashishi uchun aniq natijalar bilan yakunlanishi kerak. Va agar hujjatlar tayyor bo‘lsa, uchrashamiz», – dedi Zelenskiy.

Havo hujumi vaqtida yerosti avtoturargohida bolalari bilan jon saqlayotgan ayol. 2026 yil 20 yanvar
Valentyn Ogirenko / Reuters / Scanpix / LETA
Ko‘p kvartirali uyda yashovchilar hovlida ovqat tayyorlamoqda. 2026 yil 18 yanvar
Danylo Antoniuk / Ukrinform / NurPhoto / Getty Images

Mavzuga oid