Jahon | 23:29 / 22.01.2026
1063
3 daqiqa o‘qiladi

Trampning kuyovi Kushner kurort va osmono‘par binolariga ega «Yangi G‘azo» rejasini namoyish etdi

G‘oya Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida taqdim etildi. U ikki yillik urushda deyarli butunlay vayron bo‘lgan, aholisi 2 millionga yaqin bo‘lgan, aksariyati ichki ko‘chirilganlar bo‘lib qolayotgan mintaqani tiklashning «mutlaqo muvaffaqiyatli» ssenariysini nazarda tutadi.

Foto: AP

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimini qo‘llab-quvvatlash tashabbusi doirasida G‘azo sektorini keng ko‘lamli rekonstruksiya qilish bo‘yicha AQSh rejalari e’lon qilindi, deb xabar berdi Reuters.

«Yangi G‘azo» ishchi nomini olgan loyiha O‘rtayer dengizi qirg‘og‘idagi turar-joy binolari, ma’lumotlar markazi, sanoat zonalari va kurort infratuzilmasini o‘z ichiga olgan hududni yangidan qurishni o‘z ichiga oladi.

G‘oya Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida taqdim etildi. Tinchlik kengashining kengroq tashabbusiga bag‘ishlangan marosimdan so‘ng, AQSh prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner G‘azoni rivojlantirish rejalarini e’lon qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, konsepsiya ikki yillik urushda deyarli butunlay vayron bo‘lgan, aholisi 2 millionga yaqin bo‘lgan, aksariyati ichki ko‘chirilganlar bo‘lib qolayotgan mintaqani tiklashning «mutlaqo muvaffaqiyatli» ssenariysini nazarda tutadi.

Taqdimot slaydlari kelajakdagi qurilish xaritasini va osmono‘par binolar arxitekturasiga ega qirg‘oqbo‘yi hududlarini vizualizatsiya qilishni o‘z ichiga oldi. Taxminlarga ko‘ra, tiklash Isroilning to‘liq harbiy nazorati ostidagi Rafah hududida boshlanadi. Shu bilan birga, taqdim etilgan materiallarda mulkka egalik qilish, jabrlanganlarga tovon to‘lash, aholini vaqtincha joylashtirish va loyihani moliyalashtirish manbalari masalalari ko‘rib chiqilmagan. Kushnerning aytishicha, yaqin haftalarda Vashingtonda G‘azo masalasi bo‘yicha xususiy sektor ishtirokida konferensiya bo‘lib o‘tadi.

Shu bilan birga, G‘azo sektorida tinchlik masalasi uzil-kesil hal qilinmagan va keskin vaziyat saqlanib qolmoqda. HAMAS guruhining mahalliy sog‘liqni saqlash idoralariga ko‘ra, 22 yanvar kuni Isroil zarbalari oqibatida besh kishi, bir kun avval esa yana 11 kishi, jumladan, jurnalistlar halok bo‘lgan. Isroil armiyasi HAMAS bilan bog‘liq nishonlarga zarba berayotganini va jurnalistlar foydalangan dronlar tahdid solganini da’vo qilmoqda.

Mavzuga oid