Jahon | 08:31
1237
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Trampning “Tinchlik kengashi”da ishtirok etishdan bosh tortdi

Trampning “Tinchlik kengashi” hozirgi paytda shunday tarzda tuzilganki, unda Germaniyaning ishtiroki konstitutsiyaga zid bo‘lar edi, deb tushuntirdi Germaniya kansleri.

Foto: Andreas Solaro/AFP/Getty Images

Germaniya AQSh prezidenti Donald Tramp taklif qilayotgan “Tinchlik kengashi” deb ataluvchi tuzilmada uning hozirgi ko‘rinishida ishtirok etmoqchi emas. Bu haqda Germaniya kansleri Fridrix Mers juma kuni, 23 yanvarda Rimda Italiya bosh vaziri Jorja Meloni bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida bildirdi.

Mersning aytishicha, u bir necha hafta oldin Trampga “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilishga tayyorligini aytgan — agar u, dastlab rejalashtirilganidek, G‘azo sektoridagi tinchlik kelishuvlariga rioya etilishini nazorat qiluvchi organ bo‘lsa. Ammo Tramp hozir rejalashtirayotgan shakldagi bu organga “biz, hech bo‘lmasa, boshqaruv tuzilmalariga, jumladan Germaniyaning konstitutsiyaviy huquqi bilan bog‘liq sabablar tufayli ham, rozi bo‘la olmaymiz”, deya tushuntirdi GFR hukumati rahbari.

Shu bilan birga, Fridrix Mersning ta’kidlashicha, Germaniya AQSh bilan hamkorlikning yangi shakllarini ham sinab ko‘rishga tayyor — “agar gap turli hududlarda tinchlikka yaqinlashtiradigan yangi formatlarni izlash haqida boradigan bo‘lsa”, bu faqat G‘azo sektori va Yaqin Sharqdagina emas, balki Ukrainada ham bo‘lishi mumkin.

Jorja Meloni ham Trampning “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilish taklifini rad etdi va Mersning sabablariga o‘xshash dalillarni keltirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu organ hozir qanday tuzilgan bo‘lsa, unda Italiyaning ishtiroki o‘z konstitutsiyasiga zid bo‘lar edi. Melonining ta’kidlashicha, kengash nizomi ham Italiyaning “huquqiy tizimiga mos kelmaydi”, bu haqda u Rimda AQSh prezidentiga allaqachon xabar bergan.

Italiya bosh vaziri, u ko‘targan masalalar hal etilsa, Rim “Tinchlik kengashi”da ishtirok etish taklifini qayta ko‘rib chiqishga tayyor bo‘lishini bildirdi.

Aytilishicha, “Tinchlik kengashi” G‘azo sektorida tinchlikni tartibga solish rejasini ta’minlash maqsadida tuzilgan va hatto o‘z faoliyati uchun BMT mandatini ham olgan. Biroq uning nizomi bilan tanishgan kuzatuvchilar “Tinchlik kengashi”ning vakolatlari ancha keng bo‘lib qolishi va u BMTga raqobatchiga aylanib ketishi mumkinligini qayd etmoqda.

Shu bilan birga, “Tinchlik kengashi”da qaror qabul qilish vakolatlari Donald Tramp qo‘lida jamlanishi belgilanmoqda. Shuningdek, u ehtimol, kengash raisi lavozimini umrbod saqlab qolishi ham mumkin, chunki uning lavozimdan ketishi faqat shaxsiy xohishi bilan yoki ijro qo‘mitasi a’zolarining yakdil qarori bilan amalga oshishi mumkin. Ijro qo‘mitasi tarkibiga, boshqalar qatorida, Trampning kuyovi Jared Kushner ham kiradi.

Mavzuga oid