Jahon | 22:29 / 27.01.2026
23180
3 daqiqa o‘qiladi

«Qiyomat kuni soati» yarim tungacha 85 soniya qolganini ko‘rsatdi – bu tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkich

Xalqaro ilmiy hamjamiyat ekspertlari ramziy «Qiyomat kuni soati» millarini 4 soniya oldinga surdi – endi yarim tungacha (shartli global falokatgacha) 85 soniya qoldi. Bu loyiha ishga tushirilganidan beri eng yuqori ko‘rsatkich.

Foto: AP

Qaror 1947 yildan beri global tahdidlarni kuzatib kelayotgan Bulletin of the Atomic Scientiss jurnali va tadqiqot tashkiloti tomonidan qabul qilindi. Soatdagi «yarim tun» eng avvalo yadro urushi, iqlim inqirozi va texnologiyalarning nazoratsiz rivojlanishi bilan bog‘liq keng ko‘lamli shartli falokat lahzasini anglatadi.

«Rossiya, Xitoy, AQSh va boshqa mamlakatlar «tobora tajovuzkor, dushmankor va millatchi» bo‘lib borayotgan bir paytda Yer sayyorasi har qachongidan ham halokatga yaqinlashmoqda, deb bayonot berdi loyiha mualliflari 27 yanvar kuni.

Nima uchun millar oldinga surildi?

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, millarning hozirgi holati bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishlarda global vaziyatning keskin yomonlashishini aks ettiradi.

Asosiy omillar orasida quyidagilar sanab o‘tilgan:

- yadro qurolidan foydalanish xavfining ortishi va qurol-yarog‘ ustidan nazorat qilish tizimining susayishi;

- davom etayotgan xalqaro mojarolar va geosiyosiy keskinlikning yuqori darajasi;

- iqlim o‘zgarishining tezlashishi va ularni jilovlash bo‘yicha choralarning yetarli emasligi;

- samarali xalqaro nazoratsiz sun’iy intellekt va harbiy texnologiyalarni rivojlantirish.

Qaror qanday qabul qilinadi?

Soat millari holati Fan va xavfsizlik kengashi tomonidan belgilanadi, uning tarkibiga yadro fiziklari, iqlimshunoslar, xalqaro xavfsizlik va yangi texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar kiradi. Baholash ramziy xususiyatga ega bo‘lib, haqiqiy halokatdan oldingi vaqtni aniq bashorat qilish yoki hisoblashni anglatmaydi.

Bu nimani anglatadi?

Olimlarning ta’kidlashicha, yarim tungacha bo‘lgan 85 soniya muqarrar yakunni bashorat qilish emas, balki ogohlantiruvchi signaldir. Loyihaning maqsadi hukumatlar va jamoatchilik e’tiborini o‘sib borayotgan xavf-xatarlarga qaratish va voqealar rivoji siyosiy qarorlar va xalqaro hamkorlikka bog‘liqligini ta’kidlashdir.

«Qiyomat kuni soati» millari orqaga surilgan davrlar ham bo‘lgan. Masalan, 1991 yilda sovuq urushning tugashi, SSSR parchalanishi va yadroviy arsenallarni keng miqyosda qisqartirish jarayonlari tufayli millar orqaga keskin surilgan va yarim tungacha qolgan vaqt 17 daqiqani tashkil etgan – bu eng «xavfsiz davr» hisoblanadi. Biroq, shundan keyin soat millari faqat oldinga surilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid