Jahon | 23:05 / 18.03.2026
3845
2 daqiqa o‘qiladi

JST Yaqin Sharqda ehtimoliy yadroviy halokatga tayyorlanayotgani haqida ogohlantirdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mintaqaviy direktorining so‘zlariga ko‘ra, tashkilot o‘z xodimlarini radiatsiyaviy holatlarda qanday harakatlanish bo‘yicha qayta o‘qitmoqda. Ekspertlar aholi uchun himoyalanish choralari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqmoqda.

Foto: Getty images

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yaqin Sharqda ehtimoliy yadroviy halokatga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda JSTning Sharqiy O‘rtayer dengizi byo‘icha mintaqaviy direktori Xanan Balxi Politico nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Balxining so‘zlariga ko‘ra, ekspertlar AQSh va Isroilning Eron yadroviy obektlariga zarbalari oqibatlarini kuzatmoqda.

«Eng yomon ssenariy — bu yadroviy halokat va bu bizni hamma narsadan ko‘proq tashvishga solmoqda. Qanchalik tayyorgarlik ko‘rmaylik, agar bu yuz beradigan bo‘lsa, hech kim mintaqa va butun dunyoga yetadigan zararning oldini ololmaydi hamda buning oqibatlari o‘nlab yillarga yetadi», — dedi u.

JST mintaqaviy direktorining aytishicha, tashkilot o‘z xodimlarini radiatsiyaviy holatlarda qanday harakatlanish bo‘yicha qayta o‘qitmoqda. Ekspertlar aholi uchun himoyalanish choralari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqmoqda.

Mart oyi boshida Isroil harbiylari Tehrondagi bir nechta neft omboriga zarba bergan, zarbalardan so‘ng yong‘inlar yuz bergandi.

Ushbu zarbalardan keyin JST «qora yomg‘ir» to‘g‘risida ma’lumot olgan. Tashkilot vakili Kristian Lindmayyer aviazarbalar «havoga zaharli uglevodorodlar, oltingugurt oksidi va azot birikmalari tarqalishiga sabab bo‘lgani»ni bildirdi. Bunday havodan nafas olish bosh og‘rig‘i, teri va ko‘zlarning zararlanishi hamda saraton rivojlanishi xavfi kuchayishiga olib keladi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid