Sog‘lom hayot | 19:22 / 31.01.2026
738
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda AQSh olimlari bilan saratonni erta aniqlash bo‘yicha yangi loyiha ishlab chiqildi

DFCI instituti tomonidan insonparvarlik yordami sifatida 100 dan ortiq zamonaviy FIT test to‘plamlari, yuqori aniqlikdagi FIT analizator, maxsus lateks reagentlari, bufer eritmalari, kalibratorlar va nazorat materiallari Andijon viloyati uchun beg‘araz taqdim etilmoqda.  

Foto: “Dunyo” AA

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Garvard universiteti qoshidagi Dana-Farber saraton instituti (DFCI) mutaxassislari hamkorligida yangi ijtimoiy-sog‘liqni saqlash loyihasi ishlab chiqildi.

Ushbu loyihaga ko‘ra, DFCIning moliyaviy-texnik ko‘magi asosida onkologik kasalliklarni barvaqt tashxislash va davolash dasturining pilot bosqichi sifatida Asaka tumanida “Zamonaviy skrining orqali kolorektal saratonni erta aniqlash” tashabbusi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Loyihaning o‘ziga xosligi shundaki, u an’anaviy murakkab tekshiruv usullari o‘rniga samaradorligi isbotlangan hamda invaziv bo‘lmagan (jarrohlik yoki ichki aralashuvsiz) immunokimyoviy test (FIT) usuli ishlatilishi orqali onkologik kasalliklarini ilk bosqichlarda, hatto hech qanday alomatlar sezilmagan paytda ham aniqlash imkonini beradi.

Tashabbus doirasida aniqlangan xavf guruhlari keyingi bosqichda zamonaviy diagnostik kolonoskopiya tekshiruvlaridan o‘tkazilib, to‘liq nazoratga olinadi.

Loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun DFCI instituti tomonidan insonparvarlik yordami sifatida 100 dan ortiq zamonaviy FIT test to‘plamlari, yuqori aniqlikdagi FIT analizator (avtomatlashtirilgan rider), maxsus lateks reagentlari, bufer eritmalari, kalibratorlar va nazorat materiallari Andijon viloyati uchun beg‘araz taqdim etilmoqda. Ushbu texnik jihozlar mahalliy laboratoriya sharoitida eng murakkab tahlillarni qisqa vaqt ichida va yuqori aniqlikda o‘tkazish imkonini beradi.

Xorijiy grant faqatgina uskunalar bilan cheklanib qolmay, balki yuqori malakali kadrlar tayyorlashni ham o‘z ichiga olgan. Xususan, Garvard universitetining taniqli onkologlari Timoti Rebberk va Anna Lyu boshchiligidagi xalqaro ekspertlar delegatsiyasi shu kunlarda Asakada bo‘lib turibdi.

Tashrif doirasida amerikalik mutaxassislar mahalliy shifokorlar uchun maxsus treninglar va mahorat darslari tashkil etib, skrining dasturini boshqarish, natijalarni tahlil qilish va zamonaviy davolash protokollarini joriy etish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Kelishuvga binoan, Andijon viloyatida amalga oshirilayotgan ilmiy-amaliy ko‘mak dasturi respublikaning barcha hududlarida joriy etiladigan skrining loyihalari uchun asosiy poydevor sifatida xizmat qiladi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров

Mavzuga oid