Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, “2026–2035 yillarda saratonga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston milliy dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi tayyorlangan.

Loyihaga ko‘ra, 2026–2035 yillarda saraton kasalliklariga qarshi kurashishning asosiy maqsadlari sifatida quyidagilar belgilanmoqda:

  • xavfli o‘sma kasalliklarini erta bosqichlarda aniqlash ulushini 45 foizdan 59 foizgacha oshirish;
  • xavfli o‘sma kasalliklari aniqlangan bemorlarning besh yillik yashovchanligini 40 foizdan 55 foizgacha yetkazish;
  • onkologik bemorlarning kamida 80 foizini zamonaviy tashxislash va davolash texnologiyalari bilan qamrab olish;
  • aholi o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan va oldini olish mumkin bo‘lgan saraton turlari — o‘pka, bachadon bo‘yni, oshqozon va jigar saratoni bilan kasallanishni 5 foizga kamaytirish.

Shuningdek, Milliy dastur doirasida onkologik kasalliklarni erta aniqlash, tashxislash va davolash tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish nazarda tutilgan.

Qayd etilishicha, Respublika ixtisoslashgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini Milliy onkologiya markaziga aylantirish ham rejalashtirilmoqda.