Taqdimotda saraton kasalliklarining oldini olish, erta aniqlash va davolash tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, aholi o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklari bo‘yicha maqsadli tibbiy tekshiruvlar bilan qamrab olishni kamida 60 foizga yetkazish, saraton kasalliklariga chalingan bemorlar orasida 5 yillik umr davomiyligi ko‘rsatkichini 35 foizdan kamida 45 foizga oshirish maqsad qilingan.

Buning uchun 2027 yildan boshlab Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan saratonga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy dastur hududlarda bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Mazkur dastur doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari xodimlarining «onkologik hushyorligi» oshiriladi. Ular saraton kasalliklarining dastlabki belgilarini aniqlash va bemorlarni o‘z vaqtida ixtisoslashgan muassasalarga yo‘naltirish bo‘yicha qayta tayyorlanadi.
Shuningdek, xalqaro tavsiyalar asosida klinik qo‘llanmalar qabul qilinadi. Onkologiya yo‘nalishida multidissiplinar jamoaviy yondashuv – bir nechta mutaxassis ishtirokida bemorga tashxis qo‘yish va davolash taktikasi joriy etiladi.
Eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklarini erta tashxislash dasturlari ishlab chiqilib, bosqichma-bosqich amaliyotga kiritiladi. Bemorlarni qisqa muddatda tekshiruvdan o‘tkazish va tashxis qo‘yish imkonini beradigan tezkor tashxislash yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yiladi.

Nur terapiyasi xizmatini modernizatsiya qilishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, eskirgan kobalt qurilmalari bosqichma-bosqich zamonaviy chiziqli tezlatkichlarga almashtiriladi, yuqori dozali braxiterapiya imkoniyatlari kengaytiriladi.
Palliativ va xospis yordamini rivojlantirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. 2030 yilga qadar aholiga bunday yordam ko‘rsatish qamrovini kamida 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Buning uchun 2026 yil 1 sentabrdan boshlab respublikada palliativ va xospis yordamini ko‘rsatishning yagona tizimi tibbiy va ijtimoiy xizmatlar integratsiyasi asosida tashkil etiladi. Palliativ yordamga muhtoj shaxslarni aniqlash, yo‘llash, hisobga olish va ularga xizmat ko‘rsatish jarayonlari elektron axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.








