Jahon | 19:10 / 01.02.2026
6503
13 daqiqa o‘qiladi

«Barchaning tanishlari orasida o‘ldirilganlar bor». Erondagi namoyish ishtirokchilarining hikoyalari

Foto: WANA via REUTERS

«Do‘stlarimda ham xuddi mendagi kabi vaziyat. Oramizda barchaning namoyishlar vaqtida o‘ldirilgan tanishlari bor», – deya hikoya qiladi Tehronda yashovchi 29 yoshli ayol yanvar oyi boshidagi namoyishlar qanday bostirilgani haqida gapirarkan.

Parisa bundan oldin hech qachon namoyish ishtirokchilariga bu qadar shafqatsizlarcha munosabat ko‘rsatilganiga guvoh bo‘lmaganini aytadi: «Bundan oldingi keng ko‘lamli namoyishlar vaqtida tanishlarim orasida biror kishi halok bo‘lmagandi».

Parisa 28 dekabr kuni boshlangan namoyishlar davrida o‘ldirilganlardan kamida 13 nafari bilan shaxsan tanish bo‘lgan.

Avvaliga Tehronda boshlanib, keyin butun mamlakatga yoyilgan namoyishlarga mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat sabab bo‘lgandi. Keyinroq stixiyali mitinglar hukumatga qarshi tartibsizliklarga aylanib, butun Islom respublikasi tarixidagi eng qonli voqealardan biri ro‘y berdi.

Huquq himoyachilarining ma’lumotlariga ko‘ra, tasdiqlangan o‘lim holatlari soni 6 mingdan oshadi.

Mamlakatda internet deyarli to‘liq o‘chirilganiga qaramay, bir necha yosh eronliklar BBC bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘lgan va o‘z boshdan kechirganlarini aytib berishgan. Ularning ismlari xavfsizlik nuqtayi nazaridan o‘zgartirilgan.

Parisaning so‘zlariga ko‘ra, uning tanishlaridan biri – Tehronda yashagan 26 yoshli ayol – 8-9 yanvar kunlari hukumat namoyishchilarga qarshi o‘limga olib keluvchi vositalarni qo‘llashni boshlaganida «ko‘chada o‘qlar yomg‘iri ostida qolib» halok bo‘lgan.

Uning o‘zi o‘sha kunlarda Tehron shimolidagi tinch ruhdagi aksiyada ishtirok etayotgandi.

«Namoyishchilardan hech kim zo‘ravonlik ishlatmagan va hech kim xavfsizlik kuchlariga qarshilik qilishga urinmagandi. Ammo juma kuni [9 yanvar] kechqurun ular baribir odamlarni o‘qqa tutishdi», – deya hikoya qiladi u.

«To‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan ko‘chalarda va kvartallarda porox hidi o‘tirib qolgandi», – deya eslaydi u.

Amalda qancha kishi qurbon bo‘lgani aniq emas

Tehronda yashovchi 24 yoshli Mehdi ham namoyishlar va ularni bostirish ko‘lamini xuddi Parisa kabi baholaydi.

«Men hech qachon norozilik harakatida bunchalik ko‘p odam ishtirok etganini va shu bilan birga xavfsizlik kuchlari tomonidan bunchalik ko‘p qotillik va zo‘ravonlik holatlariga guvoh bo‘lmaganman», – deydi u.

Namoyishlar avvaliga iqtisodiy sabablar bilan boshlangandi, siyosiy rejimni almashtirish talablari yangray boshlaganidan keyin, 8 yanvardan Eron hukumati namoyishlarn kuch bilan bostirishga kirishdi. Tehronda va boshqa yirik shaharlarda xavfsizlik kuchlari namoyishlarni o‘qqa tutdi

«Payshanba kungi [8 yanvar] qotilliklar va juma kuni [9 yanvar] bo‘lishi kutilayotgan yangi qotilliklar xavfiga qaramay, odamlar baribir ko‘chalarga chiqishdi, chunki ko‘pchiligimiz bunga ortiq chiday olmasdik. Bu odamlarning yo‘qotadigan narsasi yo‘q edi», – deya qo‘shimcha qilgan u.

Mehdi xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni yoppasiga o‘ldirganiga juda yaqin masofadan turib guvoh bo‘lganini aytadi.

«Yosh yigitni ko‘z o‘ngimda o‘ldirishdi, unga ikki bor jangovar patron bilan o‘q uzildi», – deydi u.

«Motosikldagilar yana bir yosh yigitning yuziga drobovikdan otishdi. U turgan joyida yiqildi va o‘rnidan turmadi», – deya davom ettirgan o‘z hikoyasini Mehdi.

Xorijdagi eronliklarning qarorgohi AQShda joylashgan HRANA huquq tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlar boshlangan kundan beri 6159 kishining o‘limi tasdiqlangan. Ulardan 5804 nafari namoyishlar ishtirokchilari, 92 nafari boshalar va 214 nafari Eron hukumatiga aloqador kishilar bo‘lgan. Agentlik yana 17 ming qurbon haqidagi xabarlarni o‘rganishda davom etmoqda.

Tashkilot vakili Skaylar Tompson BBC bilan suhbatda tasdiqlangan o‘lim holatlari soni yana o‘sishini istisno qilmagan.

«Biz o‘z ro‘yxatimizga faqat shaxsi va o‘ldirilgan joyi ma’lum bo‘lganlarni kirityapmiz», – deya qo‘shimcha qilgan u.

Qarorgohi Norvegiyada joylashgan IHR huquq tashkiloti esa qurbonlarning yakuniy soni 25 mingdan oshishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Namoyishlar tinchiganidan keyin Eron hukumati tartibsizliklar chog‘ida 3100 dan ortiq kishi halok bo‘lganini tasdiqlagan, ammo qurbonlarning aksari – huquq-tartibot xodimlari hamda namoyishlarga aloqasi bo‘lmagan va «isyonchilar» hujumiga uchragan o‘tkinchilar ekanini iddao qilgan.

«Ko‘chalarda bolalarni kaltaklashdi va o‘ldirishdi»

Xalqaro axborot agentliklari jurnalistlariga Erondagi voqealarni ichkaridan turib yoritishga ruxsat berilmadi. Ammo xavfsizlik kuchlari odamlarga jangovar o‘qlar otayotgani aks etgan videoyozuvlar haqiqiyligi jurnalistlar tomonidan tekshirilgan va haqiqiy ekani tasdiqlangan.

8 yanvar kuni Tehron ko‘chalarida topilgan sochma miltiq gilzalari va rezina o‘q.

Eronda yashovchi va namoyishlarda qatnashgan ayol BBC Newsnight dasturi uchun izohida «yerda jonsiz yotgan odamlar» va namoyishlarni bostirish chog‘ida o‘ldirilgan bolalarni ko‘rganini aytib bergan.

Londonda yashovchi 25 yoshli Parniya yanvar oyi boshida oilasini ziyorat qilish uchun Eronga borgandi. Xuddi o‘sha vaqtda namoyishlar ko‘lami kengayib, butun mamlakatni qamrab olgandi. O‘zining aytishicha, u oilasi yashaydigan Isfahonda ko‘chaga chiqqan yuzlab namoyishchilar bilan «oldingi saflarda» bo‘lgan.

«Men yerda yotgan odamlarni ko‘rdim. Men qonni ko‘rdim, – deydi u ko‘zda yosh sizdiruvchi gaz qo‘llanganida pana joy qidirayotganini eslarkan. – Ko‘chalarda bolalar ham bor edi va ularni ham o‘ldirishdi. Yetti-sakkiz yoshli bolalarni».

Tehronda yashovchi 27 yoshli Sahar o‘z tanishlaridan yetti kishi namoyishlarni bostirish chog‘ida o‘ldirilgani haqida aytib bergan.

8 yanvar kuni xavfsizlik kuchlari taktikani o‘zgartirishdi va haddan tashqari shafqatsiz usullarni qo‘llay boshlashdi, deydi u.

O‘sha oqshomda xavfsizlik kuchlari ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llaganida Sahar va uning do‘stlari qo‘shni uyga yashirinishadi. «Do‘stlarimdan biri tashqarida nima bo‘layotganiga qarash uchun boshini oynadan chiqargandi va uning bo‘yniga o‘q kelib tegdi», – deya hikoya qiladi u.

Saharning so‘zlariga ko‘ra, uning yana bir do‘sti drobovik (sochma o‘qli qurol) o‘qidan yaralangan va ko‘p qon yo‘qotish oqibatida halok bo‘lgan. U qo‘lga olinishidan qo‘rqib shifokorlarga murojaat qilmagandi.

Ko‘zdan olingan jarohatlar

Saharning uchinchi do‘sti Islom inqilobi muhofizlari korpusi mirshablari tomonidan qo‘lga olinayotganida yoki shundan keyin vafot etgan.

«Ular [zobitlar] uning oilasiga korpus razvedka boshqarmasiga kelishi kerakligini aytishgan. Bir necha kun o‘tib ular qo‘ng‘iroq qilishgan va jasadni olib ketishni so‘rashgan», – deya hikoya qiladi u.

Sahar 9 yanvar kuni xavfsizlik kuchlari xodimlari namoyishlarga jangovar qurollardan o‘q otishni boshlaganini aytadi.

«Ular [xavfsizlik kuchlari] lazerlarni odamlarga yo‘naltirdi, mahalliy aholi esa biz yashirinishimiz uchun avtoturargohlarini ochib berardi», – deya hikoya qiladi u.

Internet aloqasi o‘chirilishi norozilik aksiyalari ishtirokchilari va ularning oila a’zolari uchun navbatdagi jiddiy zarba bo‘lgan.

«Hozir hech qanday yangilik yo‘q, – deydi Sahar. — Internet va telefon aloqasisiz biz yaqinlarimiz bilan nimalar bo‘layotganidan bexabar qoldik. Biz nimanidir bilish uchun bazo‘r qo‘ng‘iroq qila olardik».

Videoroliklardan birida Tehronda namoyishchilarga qarata lazer qo‘llangani aks etgan.

27 yoshli Parham Tehronda xavfsizlik kuchlari namoyishlarni bostirishda tez-tez droboviklarni ishga solgani va miting ishtirokchilarining yuz va ko‘z sohasini nishonga olib otishganini aytadi.

Uning do‘stlaridan biri, 23 yoshli Sino 9 yanvar kuni yuzidan va ko‘zidan jarohat olgan.

«Biz uni shifoxonaga olib bordik, ammo shifokor faqat retsept yozib berdi va tezroq ketishimiz kerakligini aytdi», – deya hikoya qiladi Parham.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oftalmologiya shifoxonasiga muntazam ravishda namoyishlar vaqtida ko‘zidan yaralanganlarni olib kelishgan. «Xuddiki, har 10 daqiqada yangi jabrlanuvchi olib kelinardi», – deydi u.

Parhamning so‘zlariga ko‘ra, shifoxona yaqinidagi kafe xodimi bir necha soat ichida «ko‘zidagi jarohat bilan olib kelingan 70 kishi»ni sanagan.

Hamon peshonasi va ko‘zi atrofida o‘q parchalari qolgan Sinoning aytishicha, u va uning do‘stlari davlat kasalxonasida qamoqqa olinishdan qo‘rqishgan, chunki bemordan shaxsiy guvohnoma raqamini aytish talab qilingan. Shu bois, ular xususiy oftalmologiya klinikasiga murojaat qilishgan.

U shifoxonada o‘zi ko‘rgan boshqa bemorlarga nisbatan omadi kelganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilikning yuzi va ikkala ko‘zi oskolkalardan qattiq shikastlangandi.

BBC Sinoning nomiga yozilgan tibbiy hujjat bilan tanishib chiqdi, unda «uning ko‘zi ortida 5 mm o‘lchamdagi metall jism borligi» aytilgan.

BBC o‘qotar qurollardan yaralangan boshqa bir qator namoyishchilarning tibbiy yozuvlarini ham tekshirgan va haqiqiyligini tasdiqlagan.

Rasmiylar o‘ldirilgan namoyishchilarni xavfsizlik kuchlari xodimlari sifatida ko‘rsatishga urindi

Namoyishchilar va faollarning aytishicha, rasmiylar ko‘p hollarda halok bo‘lgan namoyishchilarning jasadlarini qarindoshlariga topshirishdan bosh tortmoqda.

Eron rahbarlari tartibsizliklarni AQSh tomonidan qo‘zg‘atilgan «isyon» deb baholagan.

Mehdining aytishicha, namoyishlarda uning do‘stining amakivachchasi ham o‘ldirilgan. Rasmiylar marhumning oilasini shunday tanlov qarshisida qoldirgan: uning jasadini olish uchun katta miqdorda pul to‘lash yoki uning nomi o‘ldirilgan xavfsizlik kuchlari xodimlari ro‘yxatiga kiritilishiga rozi bo‘lish.

«Ular shunday deyishgan: „Yo jasadni topshirishimiz uchun 1 mlrd tuman [7 ming dollardan ko‘proq] to‘laysiz, yoki u „Basij“ militsiyasi a’zosi bo‘lgani va jamoat tartibini himoya qilishda halok bo‘lganini aytishingiz kerak“», – deydi Mehdi.

Isfahonda yashovchi 38 yoshli Navid ham uning qarindoshlari o‘ldirilgan ikki yaqin do‘stiga xuddi shu kabi ultimatumlar qo‘yilganini aytadi.

«Ular [jasad uchun] bir necha ming dollar miqdoridagi mablag‘ to‘lash yoki o‘ldirilgan shaxsning nomi „Basij“ning namoyishlar vaqtida o‘ldirilgan xodimi sifatida ko‘rsatilishiga rozi bo‘lish talabini qo‘yishgan», – deydi Navid.

Huquq himoyachilari izohlashicha, rasmiylar shu yo‘l bilan ham norozilik namoyishlari ishtirokchilarining oilalarini jazolamoqchi, shu bilan birga, norozilik namoyishlari ishtirokchilari orasida halok bo‘lganlarning haqiqiy sonini yashirmoqchi bo‘lgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid