Jahon | 22:49 / 01.02.2026
3552
13 daqiqa o‘qiladi

Tramp Eronni urmoqchi, Ukraina Rossiya va sovuq bilan kurashyapti ­– hafta dayjesti

Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 1 fevral, yakshanba. Menimcha, qishning eng qiyin kunlaridan o‘tib oldik. Hafta davomida harorat -9 darajagacha tushdi, ikki kunlab minusdan ko‘tarilmagan holatlar ham bo‘ldi. Shimol davlati bo‘lmagan O‘zbekiston uchun bu jiddiy sinov. Telefondagi ma’lumotlar adashmayotgan bo‘lsa, kamida keyingi o‘n kunda keskin sovuq bo‘lmasa kerak.

Lekin hozircha xotirjamlikka berilishga haqqimiz yo‘q. Qish baribir oxirgi hamlasini qilib olsa kerak. Axir fevral, ayniqsa uning oxiri hamla qilish uchun juda qulay fursat. Quyida odatdagidek haftaning muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.

Ayoz sulhi

Ikki hafta oldingi dayjestda Stiv Uitkoff Trampga ukrainlar -19 daraja sovuqda issiqlik va svetsiz qolgani haqida aytib bermaydi, degandik. Lekin mister Tramp baribir vaziyatdan xabar topibdi. Balki golf o‘yinidan keyin charchab televizor ko‘rayotganida oldidan qahratonda issiqliksiz qolgan ukrainlar haqida lavha chiqib qolgan, balki jurnalistlar bu haqda juda ko‘p so‘ragani ta’sir qilgandir.

Xullas, Amerika prezidenti Tramp ukrainlar bunaqa ayozda issiqliksiz qolishi insofdan emas, dedi-da, Rossiya prezidenti Putinga qo‘ng‘iroq qilib, sovuq kunlar o‘tguncha Ukraina energiya obektlariga zarba bermaslikni so‘radi. Putin darrov rozi bo‘ldi. Keyin Trampning bu iltimosi Ukraina va Rossiya o‘rtasida bir haftalik energo obektlarga zarba bermaslik bo‘yicha sulhga aylanib ketdi.

Lekin sulh kuchga kirganiga qaramay, Ukraina baribir elektr va issiqlik yetishmasligidan aziyat chekmoqda, Rossiya zarbalari butun mamlakat energiya tizimini ishdan chiqarib bo‘lgan. Hozir Ukraina faqat vaqtincha choralar bilan odamlariga energiya yetkazib beryapti, markazlashgan tizim izdan chiqqan, Rossiya raketasi yetib bormagan energiya obektlari qolmagan hisob.

Tramp Eronga zarba bermoqchi

Eronda namoyishlar tinchib ketdi. Amerika prezidenti Tramp namoyishchilarga yordam yo‘lda, davom etavering, dedi. Ammo Amerika eronlik namoyishchilarga hech qanday yordam bermadi. Rasmiy xabarlarda ham minglab odamlar o‘ldirilgani tan olindi. Bu esa qurbonlar soni juda ko‘p bo‘lganini anglatadi.

Tramp namoyishlar tinchigan bir vaqtda Eronga zarba berish bilan tahdid qilyapti. AQShning USS Abraham Lincoln (CVN-72) aviatashuvchisi boshchiligidagi katta guruhi allaqachon Eron yaqiniga joylashtirildi. Bu guruh Venesuela sohillariga yuborilgan guruhdan ancha katta. Tramp «Eron sohillariga katta armada yuborganini» aytdi.

Amerika prezidenti Tehron yadro kelishuviga rozi bo‘lmasa, zarba berilishi bilan tahdid qildi. Oldinroq Tramp «Eronda rahbariyat o‘zgarishi kerakligini» aytgandi. Amerika hozir Eron eng kuchsizlangan holatda deb biladi va shu sabab tahdidlarni kuchaytirmoqda.

Lekin Tramp Eronning aynan qayeriga zarba berishi, qanday nishonlarni ko‘zlashi aniq emas. Bundan tashqari, AQSh Tehron bilan yadro kelishuvi imzolashiga Vashingtonning asosiy ittifoqchisi Isroil qanday qarashi ham noma’lum. Obama davrida kelishuv imzolanishiga isroilliklar qarshi bo‘lgan, Tramp birinchi muddatida kelishuvni bekor qilgandi.

Oltin narxi o‘ynadi

Oltin borgani sari eng ishonchli jamg‘armaga aylanib, narxi rekordlarni «urishda» davom etmoqda. Bir muddat qimmatbaho metallning bir unsiyasi uchun bozor 5600 dollargacha taklif qildi. Lekin 30 yanvar kuni oltin narxida keskin pasayish kuzatildi. Onlayn savdolar vaqtida qimmatbaho metall narxi 10 foizdan ko‘proqqa qulab, bir unsiyasi uchun narx 5000 ming dollardan ham tushib ketdi. 2008 yildagi butunjahon inqirozidan buyon bunaqa kunlik tushish qayd etilmagandi. Ba’zi nashrlar 1980-yillardan buyon narxlar bir kunda bu darajada qulamaganini yozmoqda.

Iqtisodchilarga ko‘ra, bu narx tushishi Donald Tramp AQSh Federal zaxira tizimi rahbarligiga sobiq maslahatchisi Kevin Uorsh nomzodini ilgari surishi bilan bog‘liq.

Xullas, Federal zaxira tizimi amalda Amerika markaziy banki vazifasini bajaradi. Tramp regulyatorning hozirgi rahbari Jyerom Pauellni yomon ko‘radi, uni hammaning oldida ahmoq deb atagan. Prezident regulyator asosiy stavkani tushirishi kerak deb hisoblaydi, Pauell rad etadi. Qizig‘i, Pauellni bu lavozimga oldingi muddatida Tramp tayinlagan va endi uni ishdan ololmayapti, chunki bunga vakolati yo‘q. Pauellning vakolati may oyida tugaydi va faqat o‘shandan keyin Trampning sobiq maslahatchisi Kevin Uorsh Federal zaxira tizimi rahbari bo‘lishi mumkin.

Uorsh Tramp kabi asosiy stavkani tushirish kerak deb hisoblaydi. Vaholanki u uzoq yillar inflatsiyaga qarshi kurashuvchi iqtisodchi sifatida tanilgan. Amerikada asosiy stavka pasayishi kerak deb o‘ylaydigan odam stavkani belgilaydigan moliya tashkilotining ehtimoliy rahbari bo‘lishi dollarni mustahkamladi. Oqibatda Amerika valutasining asosiy raqobatchisi oltin narxi tushgan. Har holda iqtisodchilar shunday tushuntirishmoqda.

Ya’ni oltinning qadri tushib qolgani yo‘q, shundog‘am uning narxi oldingi yillardagidan ancha baland, oxirgi narx tushishi shunchaki iqtisodiy jarayonlar bilan bog‘liq. Amerika prezidenti ana shunaqa katta odam. Birgina falon odamni falon joyga ishga qo‘ymoqchiman, degan gapi bilan butun dunyodagi narx-navoning oyog‘ini osmondan qilib yuboradi.

Amerikadan arazlagan Yevropa

Donald Tramp ikkinchi muddatga kirishganidan keyin AQShning Yevropa Ittifoqiga nisbatan g‘alati siyosat yuritmoqda. Bir qarasa, «o‘zingni o‘zing himoya qil», deydi, bir qarasa, Amerika qilmagan ishlarni ham minnat qiladi, «NATOning Amerikaga hech qanday foydasi tegmagan», deydi. Vaholanki, alyansning 5-moddasi faqat bir marta, aynan Amerikaga hujum qilishganda ishga tushib, ittifoqchilar Amerikaning urushi uchun qo‘shin yuborgan.

Yevropaliklar qarasa, Tramp ularni juda yerga urib, kamsitishga kirishdi. Shunda ular ham Amerikaning jig‘iga tegadigan ishlar qila olishlarini ko‘rsatmoqda.

Masalan, hafta davomida Britaniya bosh vaziri Kir Starmer iqtisodchilar hamrohligida Xitoyga bordi. Starmer Xitoyni global maydondagi muhim davlat deb atadi va tomonlar savdo, xavfsizlik bo‘yicha kelishuv imzoladi. Ikki tomon ham o‘zaro munosabatlarda qayta tiklanish boshlanganini bildirdi.

Sakkiz yil deganda ilk marta Britaniya yetakchisi Xitoyga bordi. Pekin bunga javoban britaniyaliklar uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etadigan bo‘ldi. Britaniyaning mashhur AstraZeneca farmatsevtika kompaniyasi Xitoy iqtisodiyotiga 15 milliard dollar investitsiya kiritadi, ikki tomon juda ko‘p jiddiy kelishuvlar imzolagan. Kir Starmerga safar davomida 50 ga yaqin yirik biznes rahbarlari ham hamrohlik qilgan.

Avvalroq Pekinga Kanada bosh vaziri Mark Karni ham borgan va tomonlar yirik kelishuvlar imzolagandi. Xususan, Kanada Xitoy elektrokarlari uchun bojni 100 foizdan 6 foizgacha tushirdi, bunga javoban Xitoy Kanada yetishtiradigan kolza urug‘i uchun bojni 84 foizdan 15 foizga tushirdi. Donald Tramp bunga javoban Kanadaga 100 foizlik boj bilan tahdid qildi.

Yevropa Ittifoqi ham Trampning tahdidlariga jim qarab turgani yo‘q. Hafta davomida ittifoq yetakchilari Ursula fon der Lyayyen va Antoniu Koshta dunyodagi eng yirik ikki bozordan biri Hindiston bilan savdo kelishuvi imzoladi. Yigirma yilga yaqin davom etgan muzokaralar Trampning iqtisodiy tahdidlari fonida kelishuvga aylanib ketdi.

Hindiston va Yevropa Ittifoqi bojlarni kamaytirish, savdoni erkinlashtirish bo‘yicha kelishib olgan. Masalan, Hindiston Yevropada ishlab chiqarilgan avtomobillar uchun 110 foizlik bojni 10 foizgacha tushirishga rozi bo‘lgan. Yevropa tomoni kelishuv ittifoqning 27 davlati va Hindiston o‘rtasida tuzilgani, kelishuv kamida 2 milliard odamga taalluqli ekaniga urg‘u bergan.

Amerika prezidenti Tramp tahdidlar orqali hammani qo‘rqitib aytganimni qildiraman deb o‘ylagandi. Lekin hozir tahdid zamoni emasligi ko‘rinyapti: Amerikaning qo‘shnisi Kanada Amerikaning asosiy raqobatchisi Xitoy bilan kelishib yuribdi. Yevropa Ittifoqi esa Hindistonday yirik bozorga erkin kirish imkonini qo‘lga kiritish arafasida.

Ayoz bilan kurashayotgan Ukraina

Besh yildan beri qo‘shnisi Rossiyaga qarshi urushayotgan Ukraina har yili qishda ayoz bilan kurashishga ham majbur bo‘lmoqda. Ayniqsa bu yilgi qish ular uchun juda qiyin kechyapti. Chunki frontda ishlari yurishmayotgan Rossiya raketa zarbalari bilan Ukraina energiya tizimini ishdan chiqardi.

Ukrainadagi energetika tizimi ishdan chiqqani qo‘shni Moldovada ham elektr bilan bog‘liq vaziyatni qiyinlashtirgan. Shanba kuni Moldovaning ko‘p qismi «svet»siz qolgan. Ukrainada ham deyarli butun mamlakatda uzilishlar kuzatilgan. Ba’zi yerlarda kunlab elektr bo‘lmasligi mumkin.

Qahratonda qiynalayotgan Ukraina va Moldovaga Yevropa Ittifoqi doimgidek yordam qo‘lini cho‘zdi. Ittifoq ikki davlatga tezkor yordam ko‘rsatish uchun 153 million yevro ajratdi. Ittifoq Ukrainaga qo‘shimcha 947 ta generator yuboradi. Shuningdek, kambag‘al davlat bo‘lishiga qaramay ukrain qochqinlarni qabul qilayotgan Moldovaga qo‘shimcha 8 million yevro mablag‘ ajratiladi.

Ukrainada hozir ko‘p qavatli uylar pastida odamlar sovuqdan o‘lib qolmasligi uchun maxsus shtablar tashkil etilgan. U yerda odamlar issiq ovqat olishi, telefonlarini quvvatlashi, yaqinlariga telefon qilishi va navbati bilan issiq o‘rinda uxlab olishi mumkin. Bunaqa shtablarni ayniqsa Kiyevda ko‘p uchratish mumkin. Ukrainada shu kunlarda ayozli kunlar hukmron. Kamida bir hafta davomida harorat minusdan ko‘tarilmasligi, tunda harorat -23 darajagacha tushishi kutilmoqda.

Domodedovo sotildi

Hafta davomida Rossiya iqtisodidagi real holatni aks ettiradigan savdo amalga oshirildi. Moskvadagi mashhur Domodedovo aeroporti sotildi. Xaridor ham begona emas, Rossiya poytaxtidagi boshqa bir kattaroq aeroport Sheremetevo raqobatchisini sotib oldi.

Auksion qiziq o‘tdi. Domodedovo 1,8 milliard dollar boshlang‘ich narx bilan sotuvga qo‘yildi. Odatda savdo davomida narx ko‘tarilib boradi, lekin Sheremetevo raqobatchisini 880 million dollarga sotib oldi. Ya’ni Moskvadagi ulkan aeroport boshlang‘ich narxidan 1 milliard dollar arzoniga sotib yuborildi. Lekin yana bir tomoni bor. Endi xaridor Domodedovoning 1 milliard dollar atrofidagi kreditini ham to‘lashi kerak bo‘ladi.

Domodedovo sotib yuborilishidan avval uni milliylashtirishga ham ulgurishdi. Ya’ni davlat amalda 880 million dollar ishlab oldi, qarzlarni ham xaridor to‘laydi. Bir qarashda 1,8 milliard dollar juda katta puldek tuyulishi mumkin, lekin butun boshli Moskvadagi yirik aeroport uchun bu arzimagan pul.

Masalan, bu aeroport 2011 yilda kamida 5 milliard dollarga baholangan. Lekin o‘shanda samolyotlar Moskvadan butun dunyoga, Yevropaga, Amerikaga uchgan. G‘arbning qimmat aviakompaniyalari samolyotlari har daqiqada qo‘nib, katta pul to‘lagan.

Hozir esa bu aeroportlar Rossiya shaharlariga, Markaziy Osiyo, Xitoy va yana atrofdagi ba’zi davlatlarga uchadigan manzilga aylanib qoldi. Boy mijozlar yo‘q ­­­– katta pullar ham yo‘q. Birgina mana shu savdo urush Rossiyaga nima berganini ko‘rsatib qo‘ydi. Omon bo‘ling, azizlar. Aytgancha, imkoningiz bo‘lsa, boshqa davlatlarga parvoz qilib qoling. Domodedovodanmi, Sheremetevodanmi yoki Samarqanddanmi farqi yo‘q. Dunyoda pul sarflashga arzigulik eng yaxshi mashg‘ulot bu sayohatdir.

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов

Mavzuga oid