Jamiyat | 20:22 / 03.02.2026
35311
6 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 4 erkak non olib kelish uchun do‘konga ketayotgan 14 yoshli qizni o‘g‘irlab ketdi

Tongga qadar ulfatchilik qilgan 4 nafar erkak uyga qaytayotganda yo‘lni kesib o‘tayotgan qizni ko‘rib qolishgan. Uni onasi non olib kelish uchun do‘konga jo‘natgandi. Erkaklar qizni “tungi klublarda raqsga tushib yuradigan ayol”ga o‘xshatib, majburlab mashinaga mindirishgan hamda olib ketishgan. Maqsadlari u bilan jinsiy aloqa qilish bo‘lgan.

Foto: Tengrinews.kz

Samarqandda voyaga yetmagan qizni o‘g‘irlab ketgan 4 nafar erkak jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, 1995 yilda tug‘ilgan B.X. 2025 yil 6 avgust kuni tongda tanishlari – 29 yoshli M.M., 28 yoshli A.M. hamda 24 yoshli U.Z. bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, voyaga yetmagan qizni o‘g‘irlab ketishgan.

Ular o‘sha kuni tongda A.M. boshqaruvida bo‘lgan Nexia mashinasida Kattaqo‘rg‘on tumani hududi ketishayotganda yo‘lni kesib o‘tayotgan qizni ko‘rib qolishgan. Qiz non olib kelish uchun yo‘lning qarama-qarshi tomonida joylashgan savdo do‘koniga o‘tayotgan bo‘lgan. B.X. sherigi U.Z. bilan mashinadan tushib, qizning oldiga borgan. Ular qizni urib, jismoniy kuch ishlatgan holda sochlaridan tortib, mashinaga majburlab mindirgan hamda olib ketgan. Shundan so‘ng biroz vaqt o‘tib, qizni shu joyga qaytarib keltirib qo‘yishgan.

B.X. va uning sheriklari sudda ayblariga to‘liq iqrorlik bildirishgan va adashganini aytishgan.

2025 yil 5 avgust kuni soat 21:00 larda qo‘shnim M.M.ning uyi oldidan o‘tib ketayotganimda uni ko‘rib qoldim va salomlashdim. Keyin unga o‘tirishni taklif qildim. M.M. rozi bo‘ldi. Shu vaqtda qo‘shnim A.M. ham chiqib qoldi. Uning mashinasida qishlog‘imizdagi do‘kondan pivo oldik va Narpay kanali bo‘yiga bordik. So‘ngra tanishim U.Z. ham shu yerga kelib qoldi.

Shu tariqa soat 4:00 larga qadar birga pivo ichib o‘tirdik. Tong yorisha boshlagani sababli U.Z. uyiga ketishini aytdi. A.M. uni uyiga tashlab qo‘yishini, mashinaga gaz qo‘ydirib kelishini aytdi. Bu taklif hammaga ma’qul bo‘ldi. Hammamiz mashinaga mindik.

Mashinada Navbahor mahallasida joylashgan “Azizbek” oshxonasi oldidan o‘tib ketayotgan vaqtimizda yo‘lning o‘ng tomonida bizga notanish bo‘lgan qiz ketayotganini ko‘rdik. Shu vaqtda U.Z. “Mashinani to‘xtating, bu mening tanishim, tungi klublarda o‘ynab yuradigan qiz” dedi. Hammamiz ichganimiz sababli U.Z. aytgan qizni mashinaga mindirib, u bilan jinsiy aloqa qilmoqchi bo‘ldik.

A.M. mashinani qizning yonida to‘xtatdi. Men mashinadan tushdim. Bu paytda qiz yo‘lning narigi tomoniga o‘tib ketayotgandi. Uning orqasidan borib, qo‘lidan ushlagancha mashina tomonga tortdim. U menga qarshilik qildi va “Sizlar o‘ylagan qizlardan emasman, meni qo‘yib yuboringlar” dedi. Mashinadan U.Z ham tushib keldi. So‘ngra qizning ikkinchi qo‘lidan ham tortgan holda majburlab mashinaga mindirdik”, degan B.X. suddagi ko‘rsatmasida.

Shu tariqa majburlab mashinaga mindirilgan voyaga yetmagan qiz yig‘lab uni qo‘yib yuborishlarini, onasi nonga yuborganini aytib, qo‘lidagi 8 ming so‘m pulni ko‘rsatgan. Shunda A.M. qizga ular IIB xodimlari ekanini aytgan. “Bir qiz bola onasini o‘ldirib, o‘zi qochib ketgan. Shu uchun biz seni to‘xtatib, mashinaga mindirdik”, degan u qizga qarata. Shunda B.X. U.Z.dan bu qiz boshqa qiz emasmikan, adashmadingmi, deya so‘ragan. U.Z. esa bu boshqa qiz ekan, biz adashibmiz, degan. So‘ngra erkaklar uni olgan joylariga olib kelib, tashlab ketishgan.

Qolgan sudlanuvchilar ham B.X.niki kabi ko‘rsatma bergan.

Ma’lum bo‘lishicha, qizning uyi M-37 yo‘li bo‘yida joylashgan. Oila uyi oldida kichik oshxona ochgan. Bu yerda qizning onasi nonushta tayyorlab sotgan. O‘g‘irlangan qiz va opasi onasiga ko‘maklashib kelgan. O‘sha kuni ham qiz onasining topshirig‘iga asosan non olib kelish uchun do‘konga ketayotgan bo‘lgan.

JIB Kattaqo‘rg‘on tuman sudining 2025 yil 16 dekabrdagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 137-moddasi (odam o‘g‘irlash) 2-qismi “a,v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Sud hukmi bilan B.X ga 5,5 yil, M.M, A.M hamda U.Z.ga 5 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Yuqori instansiya sudi dastlabki sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirgan.  

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров

Mavzuga oid