Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina Yevropa va AQSh bilan kelajakda Rossiyaga harbiy javob choralarini kelishib oldi
Rejaga ko‘ra, Rossiya «provokatsiyasi»dan keyingi 24 soat ichida Ukraina armiyasining javobi va diplomatik ogohlantirish bo‘lishi kerak. Agar harbiy harakatlar shundan keyin ham davom etsa, «ko‘ngillilar koalitsiyasi» kuchlaridan foydalangan holda aralashuvning ikkinchi bosqichi boshlanadi.
Foto: Ukraina FVV
Ukraina va uning g‘arblik hamkorlari Moskvaning kelajakdagi o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvni buzishi ehtimoliga harbiy javob berish bo‘yicha kelishuvga erishdi, deb yozdi Financial Times (FT) munozaralar jarayonidan xabardor manbalarga tayanib. Rejaga ko‘ra, Rossiya «provokatsiyasi»dan keyingi 24 soat ichida Ukraina armiyasining javobi va diplomatik ogohlantirish bo‘lishi kerak.
Agar harbiy harakatlar shundan keyin ham davom etsa, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar, shuningdek, Buyuk Britaniya, Norvegiya, Islandiya va Turkiyani o‘z ichiga olgan «ko‘ngillilar koalitsiyasi» kuchlaridan foydalangan holda aralashuvning ikkinchi bosqichi boshlanadi, deb xabar berdi FT manbalari.
Agar Rossiya provokatsiyalari keng ko‘lamli hujumga aylansa, sulhning dastlabki buzilishidan 72 soat o‘tgach, AQSh armiyasini jalb qilgan holda G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kuchlarning muvofiqlashtirilgan harbiy harakatlari boshlanadi, dedi rasmiylar.
2025 yil dekabr oyida 20 banddan iborat tinchlik rejasida Rossiya va Ukraina o‘rtasida to‘qnashuv chizig‘idagi vaziyatni kuzatib borgan holda hujum qilmaslik to‘g‘risida shartnoma tuzilishi, Kiyevga esa Shimoliy Atlantika alyansi Nizomining 5-moddasiga o‘xshash tarzda AQSh, NATO va Yevropa tomonidan xavfsizlik kafolatlari berilishi to‘g‘risidagi qoidalar mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Agar Rossiya qayta bostirib kirsa, bu bandga ko‘ra, harbiy javob va sanksiyalar qayta tiklanishi kerak.
Ushbu ssenariy dekabr va yanvar oylarida muhokama qilingan va Rossiya tomonidan kelishilgan sulhning ehtimoliy buzilishiga ko‘p darajali javobni nazarda tutgan. Xususan, uch tomon rasmiylari dekabr oyida Parijda reja tafsilotlarini muhokama qilgan bo‘lsa, 3 yanvar kuni Kiyevda koalitsiyada ishtirok etishga tayyor bo‘lgan davlatlarning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. FT manbalariga ko‘ra, prezident Volodimir Zelenskiy dekabr oyida Mar-a-Lagoda prezident Donald Tramp bilan uchrashuvda AQSh Ukrainaga kafolat sifatida nima berishga tayyorligi masalasini ham ko‘targan.
O‘tgan hafta AQSh davlat kotibi Marko Rubio kelishuvlar natijasida Vashington va uning Yevropadagi ittifoqchilari Ukraina xavfsizligi kafolatlari bo‘yicha umumiy kelishuvga erishganini ma’lum qilgandi. «Amalda bu xavfsizlik kafolatlari Yevropa qo‘shinlarining cheklangan kontingentini joylashtirishdan iborat - asosan Fransiya va Britaniya qo‘shinlari va Amerika xavfsizlik kafolatlari», deb tushuntirdi Davlat departamenti rahbari.
Yevropa boshchiligidagi «tiyib turish» kuchlari AQSh razvedka va moddiy-texnika yordami bilan o‘t ochishni to‘xtatgandan so‘ng «havoda, dengizda va quruqlikda xavfsizlikni mustahkamlash choralarini» ta’minlaydi, deyiladi Kiyev ittifoqchilari yetakchilarining yanvar oyi boshida Parijda bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha bayonotida.
Mavzuga oid
22:26 / 03.02.2026
Tramp Harvarddan milliard dollar «tovon puli» talab qildi
22:20 / 03.02.2026
“AQSh elitasiga ham ichki, ham tashqi ishonchsizlik ortyapti” - tahlilchilar Epshteyn ishi haqida
21:38 / 03.02.2026
Rossiyaning tanaffusi bir haftaga bormadi. –20 daraja sovuqda energetika tizimiga zarbalar qaytadan boshlandi
19:54 / 03.02.2026