Jahon | 22:14 / 04.02.2026
854
2 daqiqa o‘qiladi

Ilon Maskning boyligi 800 milliard dollardan oshdi – Forbes

Bu uning SpaceX kompaniyasi sun’iy intellektga ixtisoslashgan va Grok chatbotini ishlab chiqqan xAI kompaniyasini sotib olganidan keyin sodir bo‘ldi.

Foto: Getty images

Amerikalik biznesmen Ilon Mask boyligi 800 milliard dollardan oshgan dunyodagi birinchi odam bo‘ldi, deb yozdi Forbes.

Bu uning SpaceX kompaniyasi sun’iy intellektga ixtisoslashgan va Grok chatbotini ishlab chiqqan xAI kompaniyasini sotib olganidan keyin sodir bo‘ldi. Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, kelishuv Maskning boyligini 84 milliard dollarga - rekord darajadagi 852 milliard dollarga yetkazdi.

Forbes talqini bo‘yicha eng boy odamlar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinni Google hammuassisi Larri Peyj egalladi. Nashr uning boyligini 281 milliard dollarga baholamoqda.

Bitimdan oldin Mask SpaceX’ning 336 milliard dollarlik 42 foiz aksiyasiga, shuningdek, xAI’ning 122 milliard dollarlik 49 foiz aksiyasiga egalik qilgan. Bitimdan so‘ng Mask, Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, birlashgan kompaniyaning 542 milliard dollarlik 43 foiz aksiyasiga egalik qiladi.

«Bu SpaceX’ni Maskning eng qimmat aktiviga aylantiradi», deb xulosa qildi Forbes.

2025 yil 20 dekabrda Forbes Maskning boyligi 700 milliard dollardan oshganini yozgan edi. Bundan besh kun oldin Forbes Maskning boyligini 677 milliardga baholagan va uni boyligi 600 milliarddan oshgan dunyodagi birinchi odam deb atagan edi.

Mask birinchi marta Forbes’ning eng boy tadbirkorlar reytingini 2021 yil yanvarida boshqargan, shunda uning boyligi 190 milliard dollarga baholangan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid