Jahon | 10:30 / 07.02.2026
2316
5 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada Rossiyaning NATO hududiga bostirib kirishi ssenariyci modellashtirildi

Harbiy o‘yinlar ssenariysiga ko‘ra, RF qo‘shinlari Kaliningrad viloyatidagi gumanitar inqiroz bahonasi bilan Litvaga bostirib kiradi, deb yozadi Die Welt. Mashqlar Rossiya NATOga bo‘lgan ishonchni susaytirishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Foto: REUTERS

Germaniyada harbiy o‘yinlar o‘tkazilib, ular davomida Rossiyaning NATO hududiga bostirib kirishi ssenariyi modellashtirildi, deb yozdi Die Welt gazetasi juma kuni, 6 fevralda. Oddiysidan farqli bu mashg‘ulotlar 2025 yil dekabrda Hamburg shahridagi Germaniya Qurolli kuchlari universitetida (bundesver) bo‘lib o‘tgan. Tashkilotchi Die Welt bo‘lib, u Nemis harbiy o‘yinlar markazi bilan hamkorlik qilgan.

O‘yin ssenariysiga ko‘ra, Rossiya 2026 yil oktyabrda Kaliningrad viloyatidagi gumanitar inqirozni bahona qilib Litva hududiga kirgan. Mashqlar natijalariga ko‘ra, RF qo‘shinlari Rossiya va Belarus chegaralaridan bir necha o‘n kilometr uzoqlikda joylashgan Mariyampole shahrini egallab olgan. Moskva o‘z harakatlarining «gumanitar» tusda ekanini aytgan bayonotlar AQShning Shimoliy Atlantika shartnomasining 5-moddasini qo‘llashdan bosh tortishi uchun yetarli bo‘lib chiqqan. Ushbu moddaga muvofiq, NATOga a’zo mamlakatlarning hech bo‘lmaganda biriga qurolli hujum qilinsa, bu barchaga qilingan hujum deb qaraladi va har biri hujumga uchragan tomonga yordam ko‘rsatadi.

O‘yin rivojiga ko‘ra, Germaniya qat’iy qaror qabul qilishda ikkilanib qolgan, Polsha esa qo‘shinlarni safarbar qilib Litva bilan chegara tomon olg‘a siljigan, ammo chegarani kesib o‘tmagan. Shu bilan birga, Litvada joylashgan bundesver brigadasi aralashmagan, bunga qisman Rossiya dronlar yordamida mazkur baza atrofidagi yo‘llarni minalashtirgani sabab bo‘lgan.

Harbiy o‘yin natijalariga ko‘ra, Rossiya bir necha kun ichida NATOga bo‘lgan ishonchni izdan chiqarishga va atigi taxminan 15 000 nafar harbiydan iborat kontingentni joylashtirgan holda Boltiq mintaqasi ustidan nazorat o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan. «Tiyib turish faqat imkoniyatlarga emas, balki raqib bizning irodamiz haqida nima deb o‘ylashiga ham bog‘liq. Harbiy o‘yinlar paytida men va mening “rossiyalik hamkasblarim” shundan xabardor edik: Germaniya ikkilanadi. G‘alaba uchun shuning o‘zi yetarli bo‘ldi», — deb tushuntirdi The Wall Street Journal (WSJ) nashriga Venadagi harbiy tahlilchi Frans-Shtefan Gadi. U o‘yinda RF QK Bosh shtabi boshlig‘i rolini bajargan.

Xavfsizlik bo‘yicha ekspertlar fikricha, Moskva Yevropada yana ustun (dominant) mavqeni qaytarib olishga intilmoqda. «Bu maqsadga erishish uchun Rossiya, agar kerak bo‘lsa, NATO bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvdan ham chetlanmaydi», — degan edi Germaniya Federal razvedka xizmati rahbari Martin Yyeger 2025 yil oxirida.

Real hayotda Litva va Shimoliy Atlantika ittifoqidagi uning hamkorlari bunday ssenariyning oldini olish uchun razvedkadan yetarlicha erta ogohlantirishlar olgan bo‘lar edi, deb ta’kidladi Litva Qurolli kuchlari mudofaa shtabi boshlig‘i Gedryus Premenetskas. Bundesver Quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni general Kristian Froyding 4 fevral kuni Litvaga tashrif chog‘ida bildirishicha, NATO razvedkasi hanuz Rossiya 2029 yilgacha ittifoq a’zolariga qarshi harakat boshlay olmaydi, deb hisoblaydi. Biroq Germaniya va uning ittifoqchilari, agar to‘qnashuv «bugun kechqurun» ro‘y bersa ham, hujumlarni qaytarishga tayyor, deya WSJ generalning so‘zlarini keltirgan.

Bunday harbiy o‘yinlar kelajakni taxmin qilmaydi, ular faqat ishtirokchi mamlakatlarning zaif nuqtalarini va ehtimoliy harakat variantlarini aniqlashga yordam beradi. Bunday komandirlik mashqlari Prussiyada 1820-yillarda yaratilgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin Germaniya bunday amaliyotdan chekingan, deb qayd etadi Die Welt. Hozir harbiy o‘yinlar madaniyati asosan AQSh va Buyuk Britaniyada ustun.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid