Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Alekseyevga suiqasd ijrochilari qo‘lga olinishi. Hozirgacha nimalar ma’lum?
GRU boshlig‘i o‘rinbosariga qarshi suiqasd doirasida 65 va 66 yoshlardagi ikki gumonlanuvchi qo‘lga olingan. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati yana bir gumonlanuvchi – 54 yoshli ayol Ukrainaga o‘tib ketganini ma’lum qilgan. U general bilan bir joyda yashagani aytilmoqda.
Foto: RIA Novosti / Profimedia
8 fevral kuni tongda Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Dubayda Rossiya fuqarosi, 65 yoshli Lyubomir Korba RF qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh boshqarmsi (sobiq GRU) boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, general-leytenant Vladimir Alekseyevga uyushtirilgan suiqasd bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olingani hamda RFga topshirilganini ma’lum qildi. Korba allaqachon Moskvaga yetkazilgan va hibsga olingan. FXX uni «jinoyatning to‘g‘ridan to‘g‘ri ijrochisi» deb atagan.
Ish doirasida yana ikki gumonlanuvchi bor – RF fuqarosi, 66 yoshli Viktor Vasin hamda RF fuqarosi, 54 yoshli Zinaida Serebritskaya. Maxsus xizmatlarga ko‘ra, Vasin Moskvada qo‘lga olingan, Serebritskaya «Ukrainaga jo‘nab ketish»ga ulgurgan.
RF mudofaa vazirligi general-leytenanti Vladimir Alekseyevga suiqasd 6 fevral kuni tongda amalga oshirilgandi. Generalga Moskvaning Volokolamskoye shossedagi uyi pod’yezdi oldida bir necha bor o‘q uzilgan. Alekseyev og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. 7 fevral kuni general operatsiyadan keyin o‘ziga kelgani xabar qilindi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Alekseyevga uyushtirilgan suiqasd «Zelenskiy rejimining muzokaralar jarayonini buzishga qaratilgan doimiy provokatsiyalarga intilishini tasdiqlashi» haqida gapirdi. Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Kiyevning suiqasdga aloqadorligi haqidagi ayblovlarni rad etdi.
FXX kuzatuv kameralaridan olingan kadrlarni ham e’lon qilgan, ularda suiqasd ijrochisi qurolni qor uyumi ichiga tashlab ketganini ko‘rish mumkinligi aytilgan.
Keyinroq Tergov qo‘mitasi ham bayonot bilan chiqdi. Unda Korba – Ternopil oblastidan (Ukraina) ekani aytiladi. Tergovchilar versiyasiga ko‘ra, u Moskvaga 2025 yil dekabr oyi oxirida Ukraina maxsus xizmatlarining terakt amalga oshirish bo‘yicha topshirig‘i bilan kelgan. Tergovchilar voqea joyidan Makarov to‘pponchasini topishgan, unda ovoz pasaytirgich hamda uchta patron bo‘lgan.
«Agenstvo» internetda sizdirilgan ma’lumotlarga tayanib, Korba 2021 yilda Xanti-Mansiysk avtonom okrugining Nyagani shahrida ro‘yxatdan o‘tgani (u bu yerga Ternopol oblastidan qachon kelgani aniq emas) haqida xabar bergan. U bu yerda mexanizator bo‘lib ishlagan. Keyinroq u Moskva oblastining Ramensk shahrida hamda Moskva shahridagi Boytsovaya ko‘chasida yashagan. Kuchishlatar tuzilmalarga yaqin hisoblangan «Baza» telegram-kanaliga ko‘ra, Korbada Ukraina fuqaroligi ham bo‘lgan; TASS manbasi ham bu ma’lumotni tasdiqlaydi. U 2001 yilda Rossiya pasportini olgan.
«Baza», «Agenstvo», TASS va «112» telegram-kanali yozishicha, Korba va Vasin ko‘p yillardan buyon tanish bo‘lishgan. Xususan, 2016 yilda Korba Vasinga ikki marta pul o‘tkazib bergan (jami 4,5 ming rubl). «Baza» ma’lumotiga ko‘ra, Vasin va Korba 2015 yilda ofitserlik kurslarida tanishishgan («112» ma’lumotiga ko‘ra, ular bir-birini 20 yildan buyon bilishadi).
Vasin Oltoy o‘lkasining Biysk shahrida tug‘ilgan, turli yillarda «Jilishchnik» davlat budjet muassasasida, Novvoylik sanoati ilmiy-tadqiqot institutida hamda Respublika fanlar akademiyasi Molekulyar biologiya institutida ishlagan. «Baza» Vasinni sobiq ofitser hamda Moskvadagi qaysidir kompaniyaning xavfsizlik bo‘limi sobiq boshlig‘i deb atagan. «112» yozishicha, u Budyonniy nomidagi Harbiy aloqa akademiyasi filialini tamomlagan, shuningdek, SSSR qurolli kuchlari Markaziy ofitserlar klubida «sun’iy yo‘ldosh aloqasi bo‘yicha malakasini oshirgan». «Baza» iddaosiga ko‘ra, Vasinning qarzlari bo‘lgan, shuning uchun Korbaga yordam berishga rozilik bildirgan. Kanal ma’lumotiga ko‘ra, Korbaga ovoz pasaytirgichli Makarov to‘pponchasini aynan u yetkazib bergan. Bu ma’lumotni tasdiqlovchi dalil yo‘q. «Novaya gazeta Yevropa» va «Agenstvo» Vasinning nomini Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi tarafdorlarining internetga sizdirilgan ro‘yxatida uchratgan.
Suiqasd ishidagi uchinchi figurant Zinaida Serebritskaya general Alekseyev bilan bitta uyda yashagan, deb yozmoqda kuchishlatar tuzilmalarga yaqin bo‘lgan Shot telegram-kanali. «Novaya gazeta Yevropa» ushbu ayol Volokolamskoye shosse, 24-manzilidagi uyda yashovchilarning guruhlarida yozib kelganini aniqlagan. U guruhda retseptlar bilan bo‘lishgan, kirish eshigi domofoni kodini so‘ragan hamda batareyalar yaxshi isitmayotganidan noligan. Shot ma’lumotiga ko‘ra, avval Zinaidaning familiyasi Antonyuk bo‘lgan, ammo RF fuqaroligini olganida (bu qachon bo‘lgani aniq emas), familiyasini o‘zgartirgan. U Alekseyev yashaydigan bu uyga 2025 yil dekabrida ko‘chib kelgan. Internetga sizdirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Antonyuk Ukrainaning Luhansk oblasti Slavyanoserbskiy rayoni Xorosheye qishlog‘ida tug‘ilgan. «Baza» ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ayol generalning kun tartibi bo‘yicha ma’lumot yig‘ish bilan shug‘ullangan.

«U uyda qachon bo‘lishi, ish jadvali haqida ma’lumot to‘plagan. Shuningdek, ayol generalning qo‘shnilari bilan muloqot qilib, uning hayoti haqida ma’lumot to‘plagan. U chat yordamida podezdlardagi domofon kodini va kuzatuv kameralari qayerda joylashganini bilib olgan», – deydi TASSning huquq-tartibot idoralaridagi manbasi.
Mavzuga oid
14:22
Alekseyevni otishda gumonlanayotgan shaxs Dubayda qo‘lga olindi
14:27 / 06.02.2026
Moskvada yana bir generalga suiqasd uyushtirildi
15:14 / 05.01.2026
Bektemirda ko‘prikdan sakramoqchi bo‘lgan fuqaro qutqarib qolindi
20:18 / 08.11.2025