Jahon | 14:58 / 10.02.2026
2373
3 daqiqa o‘qiladi

Nemislarning ko‘pchiligi Rossiyadan keyin AQShni tinchlikka eng katta tahdid deb hisoblaydi

Germaniya aholisining 80 foizdan ortig‘i Rossiyani sayyorada tinchlikka eng katta tahdid solayotgan davlat deb atagan, deb xabar qildi Allensbaxdagi Jamoatchilik fikrini o‘rganish instituti. Ikkinchi o‘rinda - AQSh: nemislarning 65 foizi bu davlatni tilga olgan.

Foto: Unsplash

Germaniya aholisining qariyb uchdan ikki qismi (65 foiz) AQShni yaqin yillarda sayyorada tinchlikka eng katta tahdid tug‘diradigan davlat deb atagan. Bu haqda Allensbaxdagi Jamoatchilik fikrini o‘rganish instituti (Institut für Demoskopie Allensbach) tomonidan Strategiya va oliy rahbariyat markazi (Centrum für Strategie und Höhere Führung) buyurtmasiga ko‘ra o‘tkazilgan tadqiqot natijasida aytiladi. So‘rovnoma 6–19 yanvar kunlari o‘tkazilgan bo‘lib, unda 16 yoshdan katta 1077 nafar Germaniya fuqarosi qatnashgan. Natijalarni seshanba, 10 fevral kuni dpa agentligi e’lon qildi.

Taqqoslash uchun: xuddi shu savolga 2025 yilda Germaniyada yashovchilarning 46 foizi, 2024 yilda esa 24 foizi shunday javob bergan. Shuningdek, yangi so‘rovnoma Germaniya aholisining faqat 32 foizi NATOga a’zo Yevropa davlatiga hujum bo‘lsa, AQSh harbiy yordam beradi, deb hisoblashini ko‘rsatgan. Bu fikrga 35 foiz respondent ishonmaydi, qolgan 33 foiz esa aniq javob bermagan.

Shu bilan birga, so‘rovda qatnashganlarning 81 foizi yaqin yillarda tinchlikka eng katta tahdid Rossiyadan keladi, deb hisoblagan. Ukrainadagi keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Moskvadan keladigan tahdidni har yili respondentlarning 75–82 foizi asosiy deb atab kelgan. Yana bir yirik davlat — Xitoyni esa Germaniya aholisining 46 foizi tinchlikka tahdid deb baholagan.

Nemislar mamlakat yaqin yillarda urushga tortilishiga ishonmaydi: respondentlarning 40 foizi bunday ssenariyni “ko‘proq ehtimoldan yiroq” deb hisoblagan, 5 foizi — “juda ehtimoli past”, yana 24 foiz esa aniq javob bermagan. Germaniyada urush “ehtimol” bo‘lishi mumkin, deb hisoblaganlar ham juda kam — 3 foiz. “Ehtimoli yuqori” deganlar esa 28 foizni tashkil etgan.

Shu bilan birga, respondentlarning deyarli yarmi (49 foiz) urush boshlansa, Germaniyani tark etish imkoniyatini ko‘rib chiqmasligini aytgan. Zarur bo‘lsa, bunday variantni o‘rganishga tayyorlar 24 foiz, yana 14 foiz esa bu haqda oldindan o‘ylab ko‘rganini bildirgan. 13 foiz respondent javob berishga qiynalgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid