Jahon | 22:58 / 10.02.2026
1652
6 daqiqa o‘qiladi

«Qaramlik mashinalari» - Instagram va YouTube ustidan sud jarayoni boshlandi

Kaliforniyada (AQSh) amerikalik yosh ayolning yirik ijtimoiy tarmoqlarga qarshi da’vosi bo‘yicha sud boshlandi. U Instagram va YouTube tarmoqlarini o‘z algoritmlari bilan bolalarda ongli ravishda qaramlikni keltirib chiqarishda va shu bilan uning ruhiyatiga zarar yetkazishda, depressiya va ovqatlanish xulq-atvorining buzilishiga olib kelganlikda ayblamoqda.

Foto: Getty images

«Bu kompaniyalar maqsadli ravishda mashina yaratdi, u bola miyasida qaramlikni keltirib chiqaradi», dedi 9 fevral kuni sudda da’vogarning advokati. BBC uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi.

Da’vogarning ismi va familiyasi to‘liq ko‘rsatilmagan (Keyli G.M.), chunki da’vo qo‘zg‘atilayotgan davrda u voyaga yetmagan edi, hozir u 20 yoshda.

U dastlab yana ikkita ijtimoiy tarmoq - Snapchat va TikTok platformalariga qarshi da’vo qo‘zg‘atdi, biroq ular yanvar oyida u bilan sudgacha bo‘lgan kelishuvlarni imzoladi.

Instagram va YouTube platformalariga egalik qiluvchi Meta va Google kompaniyalari advokatlari qizdagi og‘riqli qaramlik ijtimoiy tarmoqlarning ishlash usullari tufayli emas, balki uning oilasidagi muammolar oqibatida yuzaga kelganini isbotlamoqchi.

Shu paytgacha ijtimoiy tarmoqlarga egalik qiluvchi kompaniyalar 1996 yildagi «Aloqa tizimlarida odob-axloq qoidalari to‘g‘risida»gi qonunga asoslanib, platformalar uchinchi shaxslar joylashtirgan kontent uchun javobgar emas, degan qoidani ro‘kach qilib kelgan. Ammo hozirgi da’vo boshqa narsa haqida: odamlarning ushbu tarmoqlardan foydalanishiga ta’sir qiluvchi ijtimoiy tarmoqlarning interfeysi, algoritmlari, xabarlari va boshqa jihatlari haqida.

Shu sababli, Los-Anjyelesdagi ushbu sud jarayonining natijasi butun Qo‘shma Shtatlar bo‘ylab boshqa da’vogarlar, ularning qarindoshlari, maktab ta’limi idoralari va shtat bosh prokurorlari tomonidan berilgan minglab shunga o‘xshash da’volarni ko‘rib chiqadigan sudyalar uchun, shu jumladan pul kompensatsiyasi bo‘yicha ham yo‘l-yo‘riq bo‘lishi mumkin.

Foto: Reuters

Shunday ishlardan biri bo‘yicha yaqinda 29 ta shtatning bosh prokurorlari Kaliforniyadagi federal sudga Meta kompaniyasiga ish usullarini zudlik bilan o‘zgartirishni buyurish ko‘rinishidagi ta’minlash chorasini ko‘rish to‘g‘risida iltimosnoma kiritdi.

Ular sudyadan Meta kompaniyasiga 13 yoshdan kichik bo‘lgan Instagram va Facebook foydalanuvchilarining barcha akkauntlarini o‘chirib tashlash, kompaniya ushbu foydalanuvchilar haqida to‘plagan barcha ma’lumotlarni o‘chirib tashlash, shuningdek, ushbu ma’lumotlardan foydalanadigan algoritmlar va sun’iy intellekt elementlarini o‘chirib qo‘yishni buyurishni so‘ramoqda.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi shtat qonunlariga asoslangan yana bir da’vo bo‘yicha 18 ta shtat bosh prokurorlari suddan Meta kompaniyasidan yosh foydalanuvchilarga dars paytida va tunda internetga kirishni taqiqlashni, ularning fikricha, qaramlikni keltirib chiqaradigan dizayn elementlarini, ya’ni lentani cheksiz pastga varaqlash va videoni avtomatik ravishda ijro etish imkoniyatini o‘chirib qo‘yishni buyurishni so‘radi. Bundan tashqari, ular sud kompaniyaga fotosuratlarni yaxshilaydigan va prokurorlarning fikriga ko‘ra, inson go‘zalligi haqidagi tasavvurlarga ta’sir qiladigan filtrlarni o‘chirib qo‘yishni buyurishini talab qildi.

Qaramlik «kublari»

Los-Anjyelesdagi sudda advokat Mark Lener o‘zining birinchi nutqida A, B va C harflari bo‘lgan bolalar kubini namoyish etdi. Kubdagi bu harflar «qaramlik», «miya» va «bolalar» (addicting, brains, shildren) so‘zlarini anglatishi haqida yozma tushuntirish bor edi.

«Bu ishda gap bolalarning miyasida qaramlikni shakllantirgan tarixdagi eng boy ikkita korporatsiya haqida ketmoqda, - dedi Lener hakamlar hay’atiga. - Men sizga ular qurgan qaramlik mashinasini, odamlar odatda ko‘rmaydigan ichki hujjatlarni va [Meta rahbari] Mark Tsukerberg va YouTube rahbarlarining elektron pochta xabarlarini ko‘rsataman».

Keyin Lener Tsukerbergning 2015 yildagi xatlarini taqdim etdi, unda u qo‘l ostidagilardan kompaniyaning moliyaviy ko‘rsatkichlar rejasini bajarish uchun foydalanuvchilarning kompaniya ijtimoiy tarmoqlarida o‘tkazadigan vaqtini 12 foizga oshirishni talab qilgan.

YouTube haqida Lenerning ta’kidlashicha, bu platforma reklama daromadlarini oshirish uchun yosh foydalanuvchilarni maxsus jalb qilgan.

Meta advokati Pol Shmidt kirish nutqida hakamlar hay’atini Keyli G.M. muammolari Instagram tufayli yuzaga kelganmi yoki ular oiladagi muhitga bog‘liqmi, shuni aniqlashga chaqirdi. Bu muhit, advokatning so‘zlariga ko‘ra, og‘ir bo‘lgan: ota-ona qizga yetarlicha e’tibor bermagan, uni haqorat qilgan va kamsitgan.

Ushbu tavsifda Pol Shmidt qizning oilasida uydagi zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan rasmiy hujjatlarga va u hali uch yoshida psixoterapevt yordamiga muhtoj bo‘lganiga tayangan.

Shmidt hakamlar hay’atiga Keyli G.M. onasi unga baqirgani va uni ahmoq deb atagani, bu esa Keylining o‘z joniga qasd qilish istagini keltirib chiqargani haqidagi dalillarni namoyish etdi.

Los-Anjyelesdagi sud bir yarim oy davom etishi kutilmoqda.

Bu vaqt ichida sudda ekspertlar, shuningdek, halok bo‘lgan bolalarning ota-onalari (ular farzandlari o‘limida ijtimoiy tarmoqlarni ayblamoqda), Mark Tsukerberg, Instagram rahbari Adam Mosseri va YouTube rahbari Nil Mohan, shuningdek, kompaniyadan ishdan bo‘shagan va ijtimoiy tarmoqlar bolalarda keltirib chiqarayotgan giyohvandlik haqida bong ura boshlagan Meta sobiq xodimlari so‘zga chiqadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid