Jahon | 23:35 / 14.02.2026
1682
7 daqiqa o‘qiladi

“Trampdan 2028-yilda aniq qutulamiz” – Myunxenda AQShning siyosati keskin tanqid qilindi

Myunxen xavfsizlik forumida chiqish qilganlar AQShning hozirgi prezidenti va uning jamoasi, Vashington siyosatini keskin tanqid ostiga olmoqda. Tadbirni joyidan yoritayotgan Kun.uz muxbiriga ko‘ra, birinchi matbuot anjumanidayoq Trampning hozirgi siyosati norozilik bilan qarshi olingan. Eurasia Group prezidenti Iyen Brammer esa anjumanda amerikalik sifatida bugungi AQShdan uyalishini aytdi.

Myunxenda boshlangan 2026-yilgi xavfsizlik forumida AQSh prezidenti Donald Tramp hamda uning jamoasi, bugungi Vashington siyosati o‘ta jiddiy tanqid qilinmoqda. Masalan, forum doirasidagi birinchi matbuot anjumanida chiqish qilgan Eurasia Group prezidenti, taniqli amerikalik tahlilchi Iyen Brammer bugungi AQShdan uyalishini aytdi. 2028-yilgacha sabr qilishni, o‘shanda Trampdan aniq qutulish mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Tahlilchining fikricha, uning jamoasi AQShning uzoq yillik manfaatlariga zid harakatlar qilmoqda. Biroq, respublikachilar Kongressga saylovda katta ehtimol bilan yutqazadi. Yaqin yillarda esa Trampning bunday siyosiy inqilobi muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Prezident sifatida uning qiziqishlari esa AQSh milliy manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi, uning tashabbuslari Yevropa manfaatlariga ham mos kelmadi.

Brammerning qo‘shimcha qilishicha, Donald Tramp azaldan Yevropaga qarshi bo‘lgan va Yevropa ittifoqining parchalanishi tarafdori sanalgan. Uning misol keltirishicha, Tramp birinchi muddati chog‘ida Fransiyaga tashrif buyurganida prezident Makrondan bir necha marta qachon Yevroittifoqdan chiqishini so‘ragan.

AQShning Stanford universiteti bitiruvchisi bo‘lgan ekspert Brammer Grenlandiya bo‘yicha Vashingtonning da’volarini vaznsizlik deb biladi. Agarda AQSh milliy manfaatlari uchun Grenlandiya shu qadar zarur bo‘lganida bu boradagi debatlar jiddiy tus olishi kerak edi, deya qo‘shimcha qiladi u.

Matbuot anjumanida Kun.uz jurnalisti Iyen Brammerdan yaqinda O‘zbekiston ham a’zo bo‘lgan Tramp tashabbusi bilan tuzilgan “Tinchlik kengashi” haqida so‘radi. Uning javob berishicha, bu kengash Yevropa manfaatlariga mos kelmaydi va nimaligi ham noaniqroq.

- Men O‘zbekistondan jurnalistman. Yaqinda Prezident Tramp yangi “Tinchlik kengashi”ni tuzishni taklif qildi.

- Siz ham unga qo‘shilgansiz, shu munosabat bilan tabriklayman.

-Xo‘sh, nega bunga zarurat bor? Mening savolim bu tashabbus bilan Tramp nimani ko‘rsatmoqchi ekanligi haqida siz nima deysiz? Va a’zo davlatlar-chi, ular nimani xohlayapti o‘zi?

-“Xo‘sh, nega odamlar Trampga xushomad qiladi? Chunki ular Trampga xushomad qilish orqali o‘zlari xohlagan narsaga ko‘proq erishamiz deb o‘ylashadi. Qarang, bu yerda tarkib unchalik zo‘r emas. Kanadaliklar taklif qilindi va keyin taklif bekor qilindi. Ha, Amerikaning asosiy ittifoqchilarining ko‘pchiligi u yerda yo‘q. Shunday ekan agar siz Tinchlik Kengashining haqiqatan ham global miqyosda nufuzli bo‘lishini ko‘rsatmoqchi bo‘lsangiz, ehtimol Paragvay va Belarusdan boshlamagan bo‘lardingiz, to‘g‘rimi? U yerda O‘zbekiston bor, Qozog‘iston bor, Mo‘g‘uliston bor. Tinchlik Kengashining tuzilishi men uchun achinarli holat edi.

 Tramp G‘azo masalasida maqtovga loyiq edi. Tramp yakkalanib qolgan Qo‘shma Shtatlarning Isroil siyosatini qo‘llab-quvvatlayotgan, dunyoning aksariyat qismi eng yaxshi holatda etnik tozalash deb bilgan vaziyatni olib, G‘azo haqida qayg‘uradigan barcha asosiy davlatlar bilan koalitsiya tuza oldi. Va u o‘zining tinchlik rejasini qo‘llab-quvvatlash uchun Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasini qabul qildirdi, bunda rossiyaliklar va xitoyliklar betaraf qoldi. Qolgan hamma uni yoqlab ovoz berdi. U Hamasni barcha tirik garovga olinganlarni va keyin halok bo‘lganlarning jasadlarini ham ozod qilishga erishdi, buni hech kim qila oladi deb o‘ylamagan edi va Bayden bunga qodir emasligi aniq edi. Va u to‘liq saqlanmagan, ammo undan oldingi ikki yillik urushdan ancha yaxshi davom etgan o‘t ochishni to‘xtatish bilan tinchlik kelishuvining birinchi bosqichini amalga oshira oldi. Va, hozir gumanitar inqiroz yengillashdi. G‘azoda endi avvalgidek ommaviy ocharchilik yo‘q. Bolalar ta’lim ola boshladi. Bular yutuqlar edi.

Va Tramp Davosga borib, G‘azo uchun, G‘azoni qayta tiklash uchun Tinchlik Kengashini e’lon qilmoqchi bo‘ldi. Va bu 65 davlat rahbari ishtirokidagi eng global sahnada qila oladigan eng muvaffaqiyatli tashqi siyosat ishi bo‘lardi. Va uni gulduros qarsaklar bilan kutib olishardi. Agar shunday qilganida, u butun dunyodagi juda ko‘p hukumatlarning qo‘llab-quvvatlashiga erishardi. Lekin u buni qila olmadi. Chunki u bundan ham kattaroq bo‘lishni xohladi. U buni Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Xavfsizlik Kengashining o‘rnini bosadigan, binafsha va tilla rangdagi yangi bayroqqa ega bo‘lgan, BMT bayrog‘iga juda o‘xshash, lekin butun dunyoni qamrab olmagan, asosan G‘arbiy yarimsharga, ko‘proq Kanadaga e’tibor qaratgan Tinchlik Kengashi bo‘lishi kerak deb qaror qildi, lekin ular taklifni nazarga ham ilishmadi.

Va men uyalyapman, men amerikalik sifatida uyalyapman. Men Birlashgan Millatlar Tashkilotini yaratgan mamlakatdan kelgan odam sifatida uyalyapman”, – Iyen Brammer, Eurasia Group prezidenti

Eslatib o‘tamiz, bu yilgi Myunxen xavfsizlik forumida boshi berk ko‘chaga kirgan dunyo xavfsizlik tizimi chuqur muhokamadan o‘tmoqda.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов

Mavzuga oid