Jahon | 00:05
468
6 daqiqa o‘qiladi

Aniq muddat so‘ragan Zelenskiy va mas’uliyatga tayyor Germaniya–Britaniya liderlari | “Geosiyosat”

Germaniyadagi xavfsizlik  konferensiyasi odatdagidan keskinroq ruhda o‘tyapti. Agar o‘tgan yildagi bayonotlar AQSh va Yevropa o‘rtasidagi ishonch masalasi bahs markazida bo‘lgan bo‘lsa, bu safar Yevropaning o‘z xavfsizligini mustaqil ta’minlash masalasi ochiq ko‘tarildi. Ukraina urushi, NATO istiqboli va transatlantik munosabatlar bo‘yicha yangragan nutqlar konferensiyaga keskin siyosiy tus berdi. “Geosiyosatkunuz” sahifasida siyosatshunoslar mazkur sessiyalarda yangragan bayonotlarni muhokama qildi.

62-Myunxen xavfsizlik konferensiyasi qanday nutqlar bilan yodda qolyapti?

Shuhrat Rasul:
O‘tgan yilgi sessiyada xavfsizlik masalasidagi asosiy chiqish Amerika vitse-prezidenti Vens tomonidan yangragan edi. U Donald Tramp nomidan Atlantizm konsepsiyasini shubha ostiga olib, Yevropa Ittifoqi rahbariyatini keskin tanqid qilgan. Tanqidning mohiyati shundan iborat ediki, AQSh Yevropani xavfsizlik borasida haddan tashqari qaramlikda aybladi, ichki siyosat, xususan, migratsiya masalasida ham e’tirozlar bildirgan edi. Obrazli aytganda, bu “ajrashish” haqidagi ogohlantirishga o‘xshardi. O‘sha paytda Yevropa tomoni bunday pozitsiyani “xiyonat” sifatida qabul qilib, transatlantik hamkorlikni saqlab qolishga uringan edi. Asosiy maqsad AQShni Yevropa xavfsizlik tizimidan uzoqlashtirmaslik bo‘lgan.
Bu safargi konferensiyada esa kayfiyat o‘zgargandek. Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Germaniya kansleri Fridrix Mers chiqishlarida Yevropa o‘z xavfsizligini mustaqil ta’minlashga qodir bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Mers iqtisodiy salohiyatni tilga olib, Yevropa Rossiyadan bir necha barobar qudratli ekanini, xavfsizlik masalasida ham mustaqil bo‘lish zarurligini aytdi. Yalpi ichki mahsulotning 5 foizini mudofaa sohasiga yo‘naltirish haqidagi qaror ham shundan dalolat beradi.
Umuman, Yevropa yetakchilari psixologik jihatdan ko‘proq strategik avtonomiyaga tayyordek ko‘rinmoqda. Biroq bu safar AQSh nomidan qatnashgan davlat kotibi Marko Rubio ohangni yumshatdi. Agar Vensning chiqishi keskin va ajralish kayfiyatida bo‘lgan bo‘lsa, Rubio transatlantik ittifoqqa sodiqlikni tasdiqladi. Uning pozitsiyasi shuki, AQSh ajralishni istamaydi, biroq Yevropa xavfsizlik yukining katta qismini o‘z zimmasiga olishi kerak.

Vens va Rubio o‘rtasida uslubiy hamda mafkuraviy farq bor. Vens ko‘proq keskin va tizimga tanqidiy yondashuv bilan ajralib tursa, Rubio uzoq yillik siyosiy tajribaga ega, Respublikachilar partiyasining yetakchi arboblaridan biri sifatida muvozanatliroq pozitsiyani namoyish etdi. AQSh Yevropani o‘z orbitasida saqlab qolishni istaydi, biroq moliyaviy va harbiy yukni tengroq taqsimlash tarafdori.

Ukraina masalasida ham farq seziladi. Vens avvalroq yordam masalasiga sovuqqon yondashgan bo‘lsa, Rubio AQSh Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishini, biroq xarajatlar masalasida aniq mexanizm bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.
 
Sessiyaning eng kuchli chiqishlaridan biri esa shubhasiz, Volodimir Zelenskiy nutqi bo‘ldi. U diplomatik bezaklarsiz, ochiq ohangda gapirdi. Yevropa yetakchilari Ukrainani Yevropa xavfsizlik tizimining muhim bo‘g‘ini sifatida baholayotganini eslatib, agar shunday bo‘lsa, nega Ukraina NATOga qabul qilinmayotganini ochiq savol sifatida qo‘ydi. Shuningdek, u Yevropa Ittifoqiga a’zolik masalasida aniq sana so‘radi: muzokaralar va’da bilan emas, konkret muddat bilan mustahkamlanishi kerakligini ta’kidladi.

Turli yetakchilar turlicha muddatlarni tilga olayotgan bo‘lsa-da, aniq sana hanuz yo‘q. Zelenskiyning tanqidi zalda qarsaklar bilan kutib olindi. Bu esa Yevropa siyosiy elitasi ichida ham masalaga nisbatan jiddiy ichki mulohaza borligini ko‘rsatadi. Umuman olganda, bu chiqish Zelenskiyning xalqaro maydondagi eng kuchli va prinsipial nutqlaridan biri bo‘ldi.

Abduvali Soyibnazarov: 1963 yildan buyon muntazam o‘tkazib kelinadigan Myunxen xavfsizlik konferensiyasining bu yilgisi muvaffaqiyatli deb bo‘lmaydi. Chunki kun tartibida Eron, Grenlandiya, Lotin Amerikasi, Ukraina, Yaqin Sharq va G‘azo kabi dolzarb masalalar turgan bo‘lsa-da, ishtirokchilarning asosiy qismini G‘arbiy Yevropa va AQSh vakillari tashkil etdi.
Holbuki, bugungi geosiyosiy manzara o‘zgarib bormoqda: mafkuraviy qarama-qarshiliklar o‘rnini manfaatlar siyosati egallamoqda. Shunday sharoitda global muammolarni faqat G‘arb hal qiladi degan yondashuv yetarli emas. Ayniqsa, Global Janub mamlakatlarining ovozi bu maydonda deyarli eshitilmadi.

Konferensiyada asosiy e’tibor Ukraina masalasiga qaratildi. Biroq bu mojaroni Rossiyasiz muhokama qilish va hal etish qiyin. Har qanday ziddiyat ikki tomon ishtirokini talab qiladi. Qanchalik ko‘p bayonotlar berilmasin, transatlantik hamkorlik yoki G‘arb tamadduniga tahdidlar haqida umidbaxsh fikrlar aytilmasin, Rossiya ishtirokisiz Ukraina bo‘yicha real yechimga erishish mushkul.

Aksincha, Rossiyani yakkalash va izolyatsiya qilish siyosati davom ettirilayotgandek taassurot uyg‘otadi. Iqtisodiy, moliyaviy va harbiy choralar esa kutilgan natijani to‘liq bermayotgani ko‘rinmoqda. Agar konferensiyaga Rossiya ham taklif etilib, Ukraina masalasi bevosita uning ishtirokida muhokama qilinganida, bu tadbirning amaliy samaradorligi yuqoriroq bo‘lishi mumkin edi.

Bu, albatta, muammo darhol hal bo‘lardi degani emas. Ammo Rossiyasiz Ukraina masalasiga barqaror yechim topish qiyin, degan fikrni inkor etish ham mushkul.

Suhbatni to‘liq “Geosiyosatkunuz”ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов

Mavzuga oid