Jahon | 22:46 / 17.02.2026
1305
6 daqiqa o‘qiladi

Epshteyn bilan aloqalari uchun karerasi barbod bo‘lgan odamlar sanaldi

AQSh Adliya vazirligi Jyeffri Epshteyn bilan bog‘liq yangi fayllarni e’lon qilganidan keyin kamida 11 kishi o‘z lavozimi va jamiyatdagi mavqeini yo‘qotdi. Ushbu hisob-kitoblar Axios nashri tomonidan keltirilgan.

Foto: Getty images

Epshteyn o‘zini «Davos konserji» deb atagan va nafaqat biznes hamjamiyati vakillari va siyosatchilar bilan, balki yuridik elita bilan ham aloqada bo‘lgan.

1875 yilda tashkil etilgan Paul, Weiss, Rifkind, Wharton & Garrison (AQSh) yuridik firmasini 2008 yildan buyon boshqarib kelgan Bred Karp o‘z lavozimini tark etdi. Fayllarda uning Epshteynga yuborgan elektron xatlari topildi.

Goldman Sachs bosh yuriskonsulti Keti Remmler ham lavozimidan ayrildi. Uning Epshteyn bilan elektron yozishmalari ularning yaqin munosabatlaridan dalolat bermoqda. Bundan tashqari, Barak Obama davrida Oq uy jamoasida ishlagan Remmler Epshteynni jinsiy jinoyatlarda ayblanganida himoya qilishga uringan.

2028 yilda Los-Anjyelesda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari qo‘mitasi rahbari Keysi Vasserman o‘z lavozimini yo‘qotdi. Uning Epshteyn bilan aloqasi oshkor bo‘lganidan so‘ng, yuqori martabali mijozlarning bir qismi uning xizmatlaridan voz kechdi va Vassermanning o‘zi Olimpiya qo‘mitasidan ketdi.

Axios tomonidan tilga olingan boshqa ishtirokchilar orasida uzoq umr ko‘rish g‘oyalari targ‘ibotchisi Piter Attiya ham bor. U Devid Protein kompaniyasining katta ilmiy xodimi lavozimini tark etdi va endi Eight Sleep matras ishlab chiqaruvchisining maslahatchisi emas. CBS News telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, ikkinchisi u bilan ekspert sifatida hamkorlikni saqlab qolgan.

New York Gians Milliy futbol ligasi (NFL) klubi prezidenti Stiv Tish tergov obektiga aylandi. NFL komissari Rojyer Gudell ham xizmat tekshiruvi uning Epshteyn bilan ehtimoliy aloqalariga taalluqli ekanini aytdi.

AQSh savdo vaziri Hovard Lyutnik demokratlar va respublikachilarning iste’fo haqidagi chaqiruvlariga duch keldi, chunki yangi fayllar moliyachi bilan ilgari taxmin qilinganidan ko‘ra yaqinroq munosabatlarni ko‘rsatdi.

Oqibatlar Yevropadagi taniqli shaxslarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Buyuk Britaniyaning AQShdagi sobiq elchisi Piter Mandelson Lordlar palatasini tark etdi va London politsiyasi tergovi ishtirokchisiga aylandi. Axios ma’lumotlariga ko‘ra, uning ismi materiallarda minglab marta tilga olingan. AQSh Kongressi Vakillar palatasining nazorat qo‘mitasidagi demokratlar o‘z tekshiruvlari doirasida undan izoh so‘radi. Sentabr oyida Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Mandelsonni iste’foga chiqardi.

Britaniya bosh vaziri devoni rahbari Morgan Maksuini ham iste’foga chiqdi, u avvalroq Mandelsonni o‘z lavozimiga tayinlashni tavsiya qilgan edi.

Norvegiyaning sobiq bosh vaziri Turbyorn Yagland korrupsiyada ayblanmoqda. Norvegiya politsiyasi uning mavqei tufayli sovg‘alar, qarzlar yoki pulli sayohatlar olgan-olmaganini tekshirmoqda. Yaglandning o‘zi qoidabuzarliklarni rad etmoqda.

Fransiyaning sobiq madaniyat vaziri Jak Lang Parijdagi Arab dunyosi instituti rahbari lavozimini uning Epshteyn bilan moliyaviy aloqalari bo‘yicha tergov fonida tark etdi. Tekshiruv ehtimoliy soliq firibgarligiga oid.

Yaqin Sharqda Sulton Ahmad bin Sulaym DP World logistika kompaniyasi bosh direktori lavozimidan ayrildi. Uning ismi Epshteyn bilan yozishmalarda paydo bo‘lgan.

Buyuk Britaniya qiroli Charlz III 2025 yilda ukasi Endryuni Epshteyn bilan aloqalari uchun unvonlaridan mahrum qildi va qarorgohidan chiqarib yubordi.

2008 yilda fohishalikni tashkil etishda aybini tan olgan va voyaga yetmagan qizni zo‘rlagani uchun sudlangan Jyeffri Epshteyn 2019 yil yozida AQShda qayta hibsga olingan va qizlar, jumladan, 14 yoshli qizlar savdosi va ularni fohishalikka jalb qilishda ayblangan edi. Shu yilning avgust oyida 66 yoshli milliarder qamoqxonada o‘lik holda topildi. Uning jazmani va sherigi, Buyuk Britaniya fuqarosi Gisleyn Maksvell jinsiy ekspluatatsiya maqsadida odam savdosiga yordam bergani uchun 20 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda.

16 fevral kuni AQSh bosh prokurori Pem Bondi Epshteyn fayllarida tilga olingan 300 nafar mashhur va siyosatchilarning ro‘yxatini e’lon qildi. Ular orasida prezident Donald Tramp, sobiq prezident Barak Obama va uning rafiqasi Mishel Obama, Microsoft asoschisi Bill Geyts, aktyor Bill Kosbi, aktyor Robert De Niro, sobiq prezident Bill Klinton va uning rafiqasi Hillari Klinton bor.

Shuningdek, hujjatlarda Britaniya shahzodasi Garri, rejissyor Vudi Allen, sobiq vitse-prezident Kamala Harris, Meta asoschisi Mark Tsukerberg, xonanda Bryus Springstin, tadbirkor Ilon Mask, Rim papasi Ioann Pavel II, siyosatchi Nensi Pelosi, Vakillar palatasidagi ozchilik yetakchisi Hakim Jyeffris, ashulachi Bono, xonanda Beyonse va boshqalar bor.

Ushbu shaxslar ismi-sharifining fayllarda tilga olinishi hech qanday noqonuniy harakatlarni yoki hatto Epshteyn bilan bevosita aloqani nazarda tutmaydi, deb tushuntirdi The New York Post.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid