17 fevral kuni Jyenevada AQSh va Eron vakillari uzoq yillardan beri davom etayotgan yadroviy mojaro yuzasidan bilvosita muzokaralarni boshladi. Masaladan xabardor Reuters manbasiga ko‘ra, muzokaralarda AQSh vakili Stiv Uitkoff va Jared Kushner, shuningdek, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi ishtirok etadi.
Muzokaralarga O‘mon vositachilik qilmoqda. Uchrashuv BMTdagi O‘mon elchisi qarorgohida bo‘lib o‘tmoqda. Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp ham Jyenevadagi muzokaralarda «bilvosita» ishtirok etishini va Tehron kelishuvga erishishni istayotganiga ishonishini aytgandi. Lekin Tramp bu muzokaralarda ishtiroki qanday bilvosita bo‘lishini ochiqlamadi.
«Ular kelishuv qilmaslik oqibatlarini istamaydi deb o‘ylayman. Ularning yadroviy salohiyatini yo‘q qilish uchun B2 samolyotlarini yuborish o‘rniga kelishuvga erishishimiz mumkin edi. Va biz B2ʼlarni yuborishga majbur bo‘ldik», dedi Tramp dushanba kuni Air Force One bortida.

Eronning yuqori martabali rasmiysiga ko‘ra, AQShning sanksiyalarni bekor qilish borasidagi jiddiyligi va noreal talablar qo‘ymasligi – Jyenevadagi samarali muzokaralar uchun hal qiluvchi omildir. Ismi oshkor etilishini istamagan rasmiy Tehron muzokaralarga «samimiy va konstruktiv takliflar» bilan kelayotganini bildirdi.
Muzokaralarning asosiy maqsadi nima?
Tehron va Vashington o‘nlab yillik mojarosi bo‘yicha muzokaralarni joriy yil 6 fevral kuni yana tikladi.
AQSh va uning ittifoqchisi Isroil – Eron Isroil mavjudligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan yadroviy qurol yaratishga intilmoqda deb hisoblaydi. Eron esa yadroviy dasturi mutlaqo tinch maqsadlarda ekanini aytadi. Ammo u uranni elektr ishlab chiqarish uchun zarur darajadan ancha yuqori, bomba uchun kerakli darajaga yaqin darajada boyitgani aytiladi.
Eron «Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risida»gi shartnomaga qo‘shilgan. Bu kelishuv davlatlarga atom qurolidan voz kechish, BMTning Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentligi bilan hamkorlik qilish evaziga fuqarolik yadroviy energetikasini rivojlantirish huquqini kafolatlaydi.



















