Jahon | 08:40
1000
3 daqiqa o‘qiladi

FT surishtiruvi: RF nefti sanksiyalarni chetlab o‘tib 90 mlrd dollarga sotilgan

Financial Times gazetasi 90 milliard dollarlik Rossiya neftini sanksiyalardan chetlab o‘tib tashishga aloqador bo‘lgan 48 ta kompaniyadan iborat tarmoqni aniqlagan. Bu haqda nashrning jurnalistik surishtiruvida aytiladi.

Foto: Sputnik / Profimedia

Turli manzillarda ishlaydigan va tashqi ko‘rinishdan mustaqil kompaniyalarga o‘xshaydigan firmalar, jurnalistlar fikricha, amalda Rossiyaning “soya flot”i faoliyatida birgalikda ishtirok etadi. Ular bu tarmoqni 48 kompaniyaning barchasi bir xil xususiy elektron pochta serveridan foydalangani tufayli topgan.

Gazeta 442 ta veb-domenni aniqlagan: ularning ro‘yxatdan o‘tish ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, barchasi elektron pochta uchun bitta xususiy serverdan foydalanadi — mx.phoenixtrading.ltd.

Jurnalistlar domenlardagi nomlarni Rossiya va Hindiston bojxona hujjatlarida RFdan neft tashuvchi sifatida tilga olingan tashkilotlar nomlari bilan solishtirib, kompaniyalarni identifikatsiya qilgan.

FT aniqlashiga ko‘ra:

  • tarmoq ishtirokchilari orasida G‘arb davlatlarining sanksiya ro‘yxatlaridagi shaxslar/tuzilmalar bilan bog‘liq kompaniyalar ham bor;
  • tarmoqning asosiy figurasi — Britaniya sanksiyalari ostida bo‘lgan ozarboyjonlik biznesmen Etibar Ayub, YeIda uni «Rosneft» rahbari Igor Sechinga yaqin shaxs deb hisoblashadi;
  • ishtirokchilar roli bo‘lingan: ayrimlari Rossiyada neft xarid qiladi, boshqalari uni Hindiston va Xitoyga sotadi;
  • 2024 yil noyabrida (FT tarmoq faoliyati bo‘yicha ma’lumot olgan oxirgi oy) «Rosneft»ning dengiz orqali eksport qilgan neftining 80 foizdan ko‘prog‘i aynan shu “qo‘g‘irchoq” kompaniyalar orqali amalga oshirilgan;
  • “qo‘g‘irchoq” tashkilotlarning ko‘pchiligi faqat yarim yil faol bo‘lgan, shu sababli ularning ishini kuzatish qiyin.

Surishtiruvda ta’kidlanishicha, ushbu tarmoq kompaniyalari jami 90 milliard dollarlik Rossiya neftini eksport qilgan. Gazeta qayd etishicha, bu kompaniyalar bilan bog‘liq eksportning haqiqiy hajmlari bundan ham katta bo‘lishi mumkin.

Hozir Rossiya neftining eng yirik eksportchisi — dekabr oyida Britaniya sanksiyalariga tushgan Redwood Global Supply kompaniyasi. FT uni ham umumiy pochta xizmati foydalanuvchilari orasidan topgan. Gazetaning manbalari bu kompaniyani Ayub bilan bog‘laydi.

Gazeta jurnalistlari bilan suhbatda Yevropa Ittifoqining uch vakili, olingan ma’lumotlar yangi sanksiyalar joriy qilish uchun ishlatilishi mumkinligini aytgan. Ulardan biriga ko‘ra, ushbu tarmoqqa kiruvchi ayrim tashkilotlar allaqachon «bizning diqqat markazimizda».

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid