O‘zbekiston | 18:38 / 21.02.2026
1861
3 daqiqa o‘qiladi

Zarur staj va malaka toifasiga ega pedagoglarga ipoteka kreditlari boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab beriladi

Subsidiya olish uchun kelib tushgan arizalar subsidiya.idm.uz elektron platformasi orqali inson omilisiz ko‘rib chiqiladi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining subsidyplatform.mf.uz to‘lov platformasi orqali avtomatik tarzda to‘lab beriladi.

Foto: marifat.uz

Vazirlar Mahkamasining «Oliy malaka toifasiga (bosh o‘qituvchi lavozimiga) ega bo‘lgan pedagoglarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan oliy malaka toifadagi pedagoglarga ipoteka kreditlari boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab beriladi. 

Hujjatga ko‘ra, 2026 yildan boshlab kamida 15 yil pedagogik ish stajiga va oliy malaka toifasiga ega bo‘lgan pedagoglarga Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtiriladigan ipoteka kreditlari boshlang‘ich badalining 25 foizini qoplab berish uchun davlat budjetidan subsidiya ajratish tartibi joriy etiladi.

Subsidiya olish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi hamda ushbu jarayondagi barcha xizmatlar bepul ko‘rsatiladi. Arizalar subsidiya.idm.uz elektron platformasi orqali inson omilisiz ko‘rib chiqiladi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining subsidyplatform.mf.uz to‘lov platformasi orqali avtomatik tarzda to‘lab beriladi.

Mazkur qaror bilan tasdiqlangan tegishli nizomga asosan subsidiya ariza beruvchining ro‘yxatga olingan doimiy yashash joyidagi hudud (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) doirasida qurilgan uy-joylar uchun yo‘naltiriladi.

Pedagoglar subsidiya olish uchun davlat xizmatidan foydalanish uchun tegishli so‘rovnomani YaIDXP orqali elektron tarzda yoki Davlat xizmatlari markaziga kelgan holda Markaz xodimi orqali to‘ldirishi mumkin.

So‘rovnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlar mas’ul tashkilotlarning axborot tizimlari orqali belgilangan ijtimoiy mezonlarga muvofiq yoki muvofiq emasligi bo‘yicha avtomatik ravishda tekshiriladi.

Baholash natijalaridan kelib chiqib, ariza beruvchiga subsidiya ajratish yoki subsidiya ajratishni rad etish to‘g‘risidagi elektron QR kod qo‘yilgan xabarnoma bir ish kuni ichida Davlat xizmatlari markaziga va YaIDXPdagi shaxsiy manziliga yuboriladi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid