O‘zbekiston | 22:10 / 23.02.2026
2506
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz”ga yangi maydonlarda qidiruv ishlarini kuchaytirish vazifasi yuklatildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishdi.

«O‘zbekneftgaz» raisi Abdug‘ani Sanginov

30 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan taqdimotda kompaniya faoliyatida operatsion samaradorlikni oshirish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirib, zaxiralarni ko‘paytirish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berilgan edi. Davlat rahbariga bu boradagi ishlarning borishi haqida axborot berildi.

Avvalo, kompaniya faoliyatida xarajatlarni maqbullashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, markaziy apparatning tashkiliy tuzilmasi qayta ko‘rib chiqilib, optimallashtirilmoqda. Ishlab chiqarish xizmatlari, tovar va materiallar narxlari va pudrat ishlari bo‘yicha narxlarni qayta ko‘rib chiqish, kredit portfelini tartibga solish boshlandi. Sohaga oid bo‘lmagan aktivlar tasarrufdan chiqarilmoqda.

Shu bilan birga, debitor qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.

Geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va uglevodorod zaxiralarini ko‘paytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, 2026-2027 yillarda qator hududlarda yangi maydonlarda qidiruv ishlarini kuchaytirish, 3D seysmik-qidiruv hajmlarini kengaytirish hamda quduqlarni qurilish bilan yakunlash rejalari belgilangani aytildi. Shuningdek, joriy yil yanvar-fevral oylarida ikkita yangi gaz kondensat koni ochilgani haqida ma’lumot berildi.

Kompaniyani strategik rivojlantirish doirasida forenzik audit o‘tkazish, xaridlar jarayonlarini takomillashtirish, ESG tamoyillarini joriy etish hamda hisobotlarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash ishlari tezlashtiriladi.

Davlat rahbari belgilangan vazifalar va rejalashtirilgan barcha tadbirlar ijrosini aniq hisob-kitob, qat’iy intizom hamda shaxsiy javobgarlik asosida ta’minlashni davom ettirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid