Tashkilot matbuot xizmatining ochiqlashicha, iqtisod qilingan mablag‘lar birinchi navbatda geologiya qidiruv ishlari, 3D seysmika, yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash, izlov-qidiruv va ishlatish quduqlarini burg‘ilashga yo‘naltirilmoqda. Ta’kidlanishicha, bu yil kompaniya tarixidagi eng katta burg‘ilash hajmi rejalashtirilgan – 103 ta quduq. Shuningdek, respublika bo‘ylab 6500 kv.km hududda 3D seysmik qidiruv ishlari o‘tkazilishi belgilangan.

“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati tashkilotda boshlangan “Dolzarb 100 kunlik” dasturining dastlabki 50 kunligida erishilgan natijalarga bag‘ishlangan brifing o‘tkazdi. Unda geologiya-qidiruv ishlari, burg‘ilash, ishlab chiqarish hamda iqtisodiy-ijtimoiy yo‘nalishlardagi so‘nggi ko‘rsatkichlar ochiqlandi.

Qayd etilishicha, “Dolzarb 100 kunlik” doirasida jamiyatni moliyaviy sog‘lomlashtirish, xarajatlarni maqbullashtirish orqali samaradorlikka erishish kabi vazifalarga asosiy e’tibor qaratilgan. Mablag‘lar birinchi navbatda geologiya qidiruv ishlari, texnik tadbirlar, qazib chiqarish hamda qayta ishlashga yo‘naltirilgan.

Sarf-xarajatlarni qisqartirish natijasida dastlabki ikki oyda qo‘shimcha 1,1 trln so‘m samaraga erishildi. Xususan, o‘tgan qisqa davr mobaynida neft va gaz qazib chiqarish, uglevodorodlar zaxirasini oshirishda ustuvor hisoblangan geologiya qidiruv, 3D seysmika natijalari asosida yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash hamda izlov-qidiruv quduqlarini burg‘ilash ishlari amalga oshirildi. Respublikadagi kon va maydonlarning chuqur geologik tuzilishini o‘rganish hamda izlov burg‘ilashga yangi strukturalar aniqlash maqsadida jami 6500 kv.km hajmda 3D seysmik qidiruv ishlari o‘tkazilishi belgilandi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 2,5 baravar ko‘p”, – deydi tashkilot matbuot kotibi Mo‘min Ibodov.

Mas’ulga ko‘ra, bu yil “O‘zbekneftgaz” tarixidagi eng katta hajmda burg‘ilash ishlari amalga oshiriladi. Jumladan, 103 ta quduq: 58 ta izlov-qidiruv qudug‘i, 45 ta ishlatish qudug‘ini burg‘ilash reja qilingan.

“Geologiya qidiruv ishlarini jadallashtirish, yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish maqsadida 20 ta investitsiya bloki uchun ruxsatnomalar olindi. Geologiya-qidiruv asbob-uskuna parkini modernizatsiya qilish hamda ularga zamonaviy uskunalarni jalb etish maqsadida 12 ta burg‘ilash dastgohi, 2 ta 3D seysmik majmua va 100 dan ortiq karotaj asbobini xarid qilish yuzasidan xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borildi”, – deydi Mo‘min Ibodov.