Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoy uy bozoridagi inqiroz: bunga nima sabab bo‘ldi?
Xitoy provinsiyalarida bo‘shab yotgan uy-joy majmualarini ko‘plab uchratish mumkin. Ayrim uylar jihozlab, derazalariga parda ilingan, uy qarshisidagi bog‘lar obod qilib qo‘yilgan. Ammo, qorong‘i tushishi bilan, xonadonlar bo‘m-bo‘shligi ma’lum bo‘ladi – uyda yashab, chirog‘ini yoqadigan odam yo‘q. Xo‘sh, 1,4 milliard aholiga ega Xitoyda nega uy-joylarga talab tushib ketdi?
Xitoy so‘nggi 20 yil ichida shu qadar tez rivojlandiki, ko‘pchilik ekspertlar va tahliliy markazlar rasmiy Pekin tez orada dunyoning eng boy va qudratli davlati bo‘lgan AQShga yetib olishi va uni ortda qoldirishi bo‘yicha prognozlar bera boshladi. Ammo kutilmaganda jiddiy muammo paydo bo‘ldi. Bu mamlakat ko‘chmas mulk sektoridagi chuqur inqiroz bilan bog‘liq.
Xitoy provinsiyalarini aylanib, bo‘shab yotgan uy-joy majmualarini ko‘plab uchratish mumkin. Ayrim uylar jihozlab, derazalariga parda ilingan, uy qarshisidagi bog‘lar obod qilib qo‘yilgan, lekin qorong‘i tushishi bilan, ular bo‘m-bo‘shligi ma’lum bo‘ladi – uyda yashab, chirog‘ini yoqadigan odam yo‘q. Ya’ni xaridor yo‘q. Xo‘sh, 1,4 milliard aholiga ega Xitoyda nega uy-joylarga talab tushib ketdi?
Urbanizatsiya to‘lqini
Xitoyda “ko‘chmas mulk bumi”ning ildizi 1998 yildagi islohotlarga borib taqaladi. O‘shanda hukumat uy-joy tizimini xususiylashtirishga ruxsat bergandi. Bu esa dunyo tarixidagi eng yirik urbanizatsiya to‘lqiniga ulanib ketdi. Qariyb yarim milliard xitoylik qishloqlardan shaharlarga ko‘chib o‘tdi. Natiajada 1990 yillarda Xitoy aholisining atigi 30 foizi shaharlarda yashagan bo‘lsa, 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich 65 foizga yetdi. Ko‘chib kelayotgan odamlar uchun uy-joy shunchaki boshpana emas, balki ijtimoiy status darajasiga ko‘tarildi.
Yillar davomida xitoyliklar uchun ko‘chmas mulk – kelajakka asosiy sarmoya edi. Bank depozitlari stavkalari har doim kommunistik partiya tomonidan belgilab berilgan, ijtimoiy yordam esa rivojlanmagan. Shu sababli xitoyliklar an’anaviy ravishda ko‘chmas mulkka investitsiya kiritib, kelajak hayot uchun pul jamg‘arishgan. Shuningdek, urbanizatsiya va aholining o‘sishi shaharlarda uy-joyga bo‘lgan talabni qo‘llab-quvvatlab keldi. "Uy narxi hech qachon tushmaydi", degan qarash odamlar ongiga qattiq o‘rnashib olgandi.
Inqiroz nimadan boshlandi?
Xitoyning Evergrande, Country Garden kabi gigant qurilish kompaniyalari juda xatarli, ammo o‘sha payt uchun samarali model asosida ishlab keldi. Quruvchilar poydevorni ham qo‘ymasdan, uylarni qog‘ozda sotar va xalqdan pul yig‘ib olardi. Shuningdek, kelajakdagi sotuvlar garovga qo‘yilib, banklardan ulkan miqdorda qarz olindi. Yig‘ilgan pullar joriy binoni bitirishdan ham ko‘ra yangi yer uchastkalarini sotib olishga sarflandi. Natijada quruvchilar mamlakatdagi eng qarzdor kompaniyalarga aylandi. Masalan, Evergrande guruhining qarzi 300 milliard dollardan oshib ketdi. Bu ko‘plab davlatlarning yillik budjetidan kattaroq raqam.
Inqiroz COVID-19 pandemiyasi davridagi ilk lokdaunlar ortidan boshlandi. Hukumat qurilish kompaniyalari uchun qarz olishni cheklovchi “uchta qizil chiziq” qoidasini joriy qildi. Kompaniyalar qarz ololmay qolgach, ularning ayrimlari boshlab qo‘yilgan binolarni bitirishga ham pul topa olmay qoldi. Aynan shu nuqtada Xitoy bo‘ylab "arvoh shaharlar" paydo bo‘la boshladi. Xitoyning o‘nlab provinsiyalarida uy egalari ipoteka to‘lovlarini to‘lashdan bosh torta boshladi. Sabab oddiy edi: "Uyim qurilmayapti, nega men unga pul to‘lashim kerak?" Yillar davomida faqat ko‘tarilgan narxlar ilk bor pasaya boshladi. Bu esa “investitsiya” sifatida uy olganlar uchun dahshatga aylandi.
Hozirgi vaziyat qanday?
2024 yil boshida Hongkong sudi Evergrande’ni tugatish haqida qaror chiqardi, boshqa o‘nlab qurilish kompaniyalari ham bankrot bo‘ldi. Bu jahon bozoriga "Xitoyning ko‘chmas mulk mo‘jizasi tugadi", degan signalni berdi.
Ko‘plab xitoylik oilalar yig‘gan pullarini uy-joy sotib olishga ishlatib qo‘ygan, lekin oxirgi 5 yil ichida ular olgan uylarining narxi keskin tushib ketdi. Ko‘chmas mulk bozori qulaganiga qaramay, developerlar uy-joy qurishda davom etaverishdi. Natijada shunchalik ko‘p bo‘sh kvartiralar paydo bo‘ldiki, hatto butun mamlakat aholisi yoppasiga ko‘chib kirgan taqdirda ham, bo‘sh xonadonlarni to‘ldira olmaydi. Hukumat ipoteka stavkalarini tushirganiga qaramay, yoshlar uy sotib olishga shoshilmayapti. Xitoyda tug‘ilish darajasi tushib ketgani ham uzoq muddatli istiqbolda uy-joyga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi. Mamlakatdagi viloyat va shahar ma’muriyatlari o‘z budjetining katta qismini yer sotish orqali to‘ldirardi. Endi quruvchilar yer sotib olmayapti, bu esa mahalliy budjetlarning bo‘shab qolishiga va ayrim ijtimoiy loyihalarning to‘xtashiga olib keldi.
Britaniyaning Barclays banki hisob-kitoblariga ko‘ra, uy-joy narxlarining tushishi oqibatida xitoylik xonadonlar jami 18 trln dollardan ortiq boyligini yo‘qotgan. Ilgari YaIMning qariyb to‘rtdan bir qismini ta’minlagan qurilish sektori hozirda iqtisodiy o‘sishni sekinlashtiryapti. Ayniqsa ikkinchi va uchinchi darajali shaharlarda narxlar 30 foizgacha, ayrim hududlarda esa undan ham ko‘proqqa pasaygan. Mamlakat bo‘ylab tugallanmagan uylar, “arvoh shaharlar” saqlanib qolmoqda, millionlab oilalar esa manfiy kapital holatiga tushib qolgan. Shu sharoitda rasmiy Pekin yangi pufak paydo bo‘lishidan qo‘rqib, keng ko‘lamli rag‘batlantirish choralaridan tiyilyapti hamda bozorni sekin-asta tuzatish yo‘lini tanlayapti.
Mavzuga oid
16:18 / 21.02.2026
Xitoy dronlarni Rossiyaga Tailand orqali yetkazib berishni boshladi
07:33 / 21.02.2026
Kelajak shakli: Xitoyda 2026 yilda bitadigan 12 yirik loyiha
08:00 / 20.02.2026
Xitoyning 2025 yilgi savdo xaritasi: AQSh yetakchi, Osiyo tezlashmoqda
17:11 / 18.02.2026