Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kuchli Rossiya – xavfsizlik kafolatimi yoki yangi tahdid manbayi?
Markaziy Osiyo bugungi kunda global geosiyosiy raqobat markazlaridan biriga aylanib boryapti. Rossiyaning kuchayishi, Ukrainaning G‘arb bilan yaqinlashuvi hamda yirik davlatlar o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuvi mintaqa kelajagiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturi navbatdagi sonida siyosatshunoslar mavjud vaziyatga turli rakursdan nazar soldi.
– Markaziy Osiyo uchun kuchli Rossiya kerakmi yoki NATOga a’zo bo‘lgan Ukraina?
– Shuhrat Rasul: Tarix shuni ko‘rsatadiki, Rossiya kuchaygan davrlar ko‘pincha bir xil oqibat bilan tugagan. Ya’ni kuchli Rossiya odatda qo‘shnilariga nisbatan agressiv siyosat yuritib, imperialistik yo‘nalishga o‘tadi.
Markaziy Osiyo davlatlariga esa demokratik Rossiya zarur. Agar u yerda demokratiya ta’minlansa, Rossiya kuchli bo‘lishi mumkin, ammo demokratik tamoyillar ustuvor bo‘lsa, jamiyat ichida shovinizmga qarshi kuchlar ham shakllanadi.
Masalan, rossiyalik bir professor va siyosatchi, 1990 yillarda Rossiya siyosiy maydonida faol ishtirok etgan va “Yedinaya Rossiya” partiyasi yetakchilaridan biri hisoblangan. U bundan qariyb 20 yil avval shunday degan edi: “kuchli Rossiya quramiz deb oxir-oqibat mamlakatni halokatga olib borasizlar”. Bugungi voqealar uning bu fikrlarini ma’lum ma’noda tasdiqlayotgandek.
Endi Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi yoki bo‘lmasligi masalasiga to‘xtalsak, bu O‘zbekiston uchun bevosita hal qiluvchi ahamiyatga ega emas. Biz Ukraina bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri chegaraga ega emasmiz.
Umuman olganda, har bir davlat xalqaro maydonda qanday yo‘l tutishini va qanday pozitsiyani egallashini o‘zi belgilaydi. Shu nuqtai nazardan, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish yoki bo‘lmaslik masalasini avvalo, Ukraina xalqining o‘zi hal qilishi lozim.
– Kamoliddin Rabbimov: Biroq e’tibor berish kerakki, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish yoki bo‘lmasligidan ko‘ra, uning hududiy yaxlitligi biz uchun muhimroqdir. Chunki possovet hududida asosiy tamoyil — davlatlarning hududiy yaxlitligi va daxlsizligini saqlashdir.
Agar kuchli davlat boshqa bir mamlakat hududida separatizmni qo‘llab-quvvatlab, uning ichki ishlariga aralashsa, bu umumiy qoidaning buzilishiga olib keladi.
Bunday holat esa Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar uchun jiddiy muammo tug‘diradi. Bu, albatta, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston uchun birdek xavfli hisoblanadi.
Shu sababli, davom etayotgan urushdan so‘ng, yaqin yoki ma’lum bir muddat ichida Ukraina o‘z hududiy yaxlitligini tiklay olsa, bu muhim xulosa chiqarishga asos bo‘ladi. Ya’ni imperialistik siyosat yuritayotgan davlatlar geosiyosiy bosim o‘tkazish uchun urush yo‘li maqbul emasligini anglaydi. Natijada global siyosiy tafakkurda davlatlarning hududiy chegaralariga hurmat yanada mustahkamlanadi.
Suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
11:11 / 24.02.2026
🔴 LIVE: Rossiyaning amalga oshmagan “Barbarossa rejasi” | "Geosiyosat"
23:34 / 18.02.2026
Ozarboyjon elchixonasiga zarbalar tasodifmi?
20:01 / 17.02.2026
Afg‘onistonga sovetlar bosqinida Xitoyning pozitsiyasi qanday edi?
14:27 / 16.02.2026