O‘zbekiston | 20:00
1129
6 daqiqa o‘qiladi

“Markaziy Osiyoda xorijiy davlatlarning harbiy bazalariga ehtiyoj qolmagan” - siyosatshunoslar

Markaziy Osiyodagi harbiy bazalar amalda qanday vazifa bajarayotgani – munozarali masala. Siyosatshunos Farhod Tolipovning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan 35 yillik davr Afg‘onistondan keluvchi xatarlarga milliy kuchlar ham yetarli javob bera olishini isbotladi. Hamid Sodiqning fikricha, O‘zbekistonning mintaqaviy mediator sifatida namoyon bo‘layotgani ham tashqi aktorlarga ehtiyojni kamaytirmoqda.

Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Farhod Tolipov va Hamid Sodiq tomoshabinlardan kelib tushgan savollarga javob berishdi.

Izohlarda yozilgan savollardan biri – Rossiyaning Tojikistondagi 201-sonli harbiy bazasi haqida bo‘ldi.

Harbiz baza – geosiyosiy manfaat demakdir

Farhod Tolipov: Tojikistonda joylashgan 201-diviziya, Qirg‘izistondagi Rossiya aviabazasi va umuman mintaqadagi ayrim harbiy infratuzilmalar bugungi geosiyosiy sharoitda o‘z rolini qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda. Menimcha, ularning bosqichma-bosqich yopilishi yoki hech bo‘lmaganda funksional jihatdan qayta formatlanishi davri kelgan.

Bunga bir nechta asos bor. Avvalo, ularning amaliy foydasi masalasi. Ayniqsa, Qirg‘izistondagi aviabaza misolida aytadigan bo‘lsak, uning real operatsion samaradorligi juda past ekani haqida fikrlar mavjud. Shuningdek, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti yoki mintaqadagi boshqa xavfsizlik tuzilmalari ham shu paytgacha kutilgan darajada samarali mexanizm bo‘la olgani yo‘q, degan qarashlar bor.

Umuman olganda, har qanday xavfsizlik tashkilotining haqiqiy roli qachon aniqlanadi? Faqatgina real tahdidlar yuzaga kelganida va ushbu tahdidlarga qarshi davlatlar yakka holda harakat qila oladimi yoki kollektiv tizimga ehtiyoj bormi, degan savolga amaliy javob berilgandagina. So‘nggi 30–35 yil ichida Markaziy Osiyoda keng ko‘lamli, muntazam harbiy agressiya kuzatilgani yo‘q. Afg‘oniston hududidan kirib kelgan ayrim guruhlar kabi tahdidlar bo‘ldi, ammo ularga qarshi ko‘p hollarda milliy xavfsizlik tizimlari o‘z kuchi bilan javob bera oldi. Shu nuqtayi nazardan, yirik harbiy bazalarning amaliy zarurati ham deyarli sezilmagan.

Ikkinchi muhim masala – xorijiy harbiy bazalarning geosiyosiy ta’siri. Nazariy jihatdan ham, amaliy tajribada ham shuni ko‘rish mumkinki, biror hududda xorijiy harbiy baza joylashsa, u bilan birga o‘sha davlatning geosiyosiy manfaatlari ham kirib keladi. Bu jarayon ba’zan ochiq, ba’zan esa yashirin shaklda kechadi. Bundan tashqari, suveren qaror qabul qilish jarayoniga bosim sifatida ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

O‘tgan yil noyabr oyida Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda muhim hujjatlardan biri – mintaqaviy xavfsizlik konsepsiyasi qabul qilindi. Shuningdek, unga bog‘liq holda mintaqaviy xavf va xatarlar katalogi ham ishlab chiqildi.

Afsuski, ushbu hujjatlar yopiq hisoblanadi va jamoatchilik uchun to‘liq ochiq emas. Mutaxassis sifatida ularni o‘rganish, tahlil qilish va takliflar berish imkoniyatiga ega emasmiz. Shunga qaramay, shunday konsepsiya paydo bo‘lganining o‘zi muhim signal beradi, ya’ni Markaziy Osiyo davlatlari o‘z mintaqaviy xavfsizligini asosan o‘zlari ta’minlashga intilmoqda. Bu esa strategik nuqtayi nazardan “mintaqaviy xavfsizlik arxitekturasi” deb ataladigan modelga ishora qiladi.

Agar mintaqa davlatlari o‘z xavfsizlik tizimini mustaqil ravishda shakllantirish yo‘lini tanlayotgan bo‘lsa, unda tashqi harbiy bazalarning zarurati tabiiy ravishda kamayadi. Tarixda ham shunga o‘xshash tendensiyalar kuzatilgan. 1997 yilda Markaziy Osiyo davlatlari (Turkmaniston neytral maqomiga qaramay) mintaqani yadroviy quroldan xoli zona deb e’lon qilgan edi. Bu o‘z davrida juda muhim xavfsizlik tashabbusi bo‘lgan.

Agar shu tajribani bugungi sharoitga tatbiq qilsak, shunday savol tug‘iladi: Markaziy Osiyoni kelajakda xorijiy harbiy bazalardan xoli zona sifatida shakllantirish ham mantiqan to‘g‘ri yo‘l bo‘lishi mumkinmi? Bu savol ochiq qolmoqda, ammo u mintaqaviy xavfsizlikning kelajak modeli haqida jiddiy muhokama yuritish zarurligini ko‘rsatadi.

Hamid Sodiq: Birinchidan, Tojikistonga Afg‘onistondan xavf masalasi ko‘p hollarda ortiqcha bo‘rttirilgan edi. Asosiy e’tibor Afg‘onistondagi beqarorlikka qaratilgan bo‘lsa-da, amaliy vaziyat shuni ko‘rsatdiki, real xavf boshqa yo‘nalishda ham yuzaga chiqdi. Natijada Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida bir necha bor jiddiy to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Kimning ustun kelgani masalasi esa alohida mavzu, ammo muhim jihat shundaki, tahdid manbayi haqidagi dastlabki baholar to‘liq to‘g‘ri chiqmagan.

Ikkinchidan, agar Tojikistondagi 201-diviziya muayyan siyosiy rejimni himoya qilish uchun zarur bo‘lsa, u holda saqlanib qolishi mumkin. Ammo mintaqaning umumiy xavfsizlik ehtiyojlari nuqtayi nazaridan qaralganda, bugungi kunda uning zarurati qayta baholanishi lozim. Strategik yondashuvdan kelib chiqib aytganda, bu kabi harbiy tuzilmalar sharoitga qarab mintaqadan bosqichma-bosqich chiqib ketishi ham mumkin.

Uchinchidan, mintaqada yangi vositachi – mediator shakllandi. Bu rolni O‘zbekiston bajarayotganini ko‘rish mumkin. O‘zbekiston davlatlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni tenglik asosida, hech bir tomon manfaatini kamsitmagan holda hal etishga intilmoqda. Eng muhimi, bu jarayonda “minnat” yoki siyosiy bosim unsuri kuzatilmaydi.

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid