Jahon | 09:39
1606
9 daqiqa o‘qiladi

«Ukrainlar halok bo‘layotgan paytda, ular uchun Belarus - agressorning ittifoqchisi» - Zelenskiy 

Volodimir Zelenskiy Rossiya–Ukraina o‘rtasida urush boshlanganidan beri birinchi marta Belarus OAVga intervyu berdi. Ukraina prezidenti mustaqil «Zerkalo» nashri jurnalistlari bilan suhbatlashdi. 

Foto: Genya Savilov / AFP / Scanpix / LETA

U belarus xalqiga munosabati, Minsk tomonidan hozir qanday harbiy tahdidlar kelayotgani va belaruslar qanday qilib urushga tortilib qolishi mumkinligi haqida gapirdi, shuningdek nega Aleksandr Lukashenkog‘a qarshi sanksiyalar joriy qilayotgani va muxolif kuchlar hamda OAV bilan aloqalarni mustahkamlayotganini tushuntirdi. «Meduza» bu intervyudan eng asosiy iqtiboslarni e’lon qildi.

Belarusga munosabat haqida

Men doim Belarusga, belarus xalqiga katta hurmat bilan qaraganman, Belarusda bir necha bor bo‘lganman. Lekin rostini aytsam, urush boshlanganidan keyin… Bu oddiy xafagarchilik emas. Biz shunday bir tushunish ostonasida turibmizki, urushni faqat Rossiya boshlagani yo‘q, Rossiya Federatsiyasining ittifoqchisi ham bor — bu Belarus. Biz Lukashenko rejimi haqida gapiryapmiz, belarus xalqi haqida emas. Ammo baribir, raketa uchib kelayotgan paytda belaruslar shuni tushunishi kerak: ukrainlar halok bo‘lyapti, va o‘sha paytda ular uchun Belarus — agressorning ittifoqchisi, Rossiyaning ittifoqchisidir.

Belarus uchun xavflar haqida

Endi biz [Belarus va RF o‘rtasida] munosabatlarning yangi formatiga guvoh bo‘lyapmiz: Belarus o‘z hududida nima bo‘layotganini aniq biladi. Endi esa, Lukashenko to‘liq ko‘lamli bosqin boshlanganidan keyin menga aytganidek, «Ukrainaga raketa uchdi, lekin ular «ancha oldindan u yerda turibdi, biz bunga nazorat qila olmaymiz, uchirishni ham nazorat qilmaymiz», deb aytishning iloji yo‘q.

Hozir Belarus hududida dronlar uchun retranslyatorlar paydo bo‘ldi va u yerda paydo bo‘lgan bu yangi texnika Rossiya «Shaxed»lariga odamlarimizni — fuqarolar va energetika infratuzilmasini nishonga olishda yordam beryapti, chunki bu retranslyatorlar tufayli yo‘naltirish amalga oshirilyapti. Keyingi qadam esa — [Belarusda] «Oreshnik»ni joylashtirish uchun maydon tayyorlash.

Bularning barchasi yangi qadamlar; bu Lukashenko aytganidek, «eski harakatlar» yoki «unga bog‘liq bo‘lmagan ishlar» emas. Endi bu aniq unga bog‘liq. Koordinatsiya, retranslyatorlar, ma’lumot, «Shaxed»larning reaktiv uchishini tuzatish — bularning hammasi mahalliy [Belarus] hokimiyatga aniq bog‘liq. Shuning uchun hozir biz shunday nuqtadamizki, belaruslar barcha xavflarni tushunib yetishi kerak. Rossiya doim Belarusni bu urushga tortishni istagan — Belarus odamlari, Belarus harbiylari ukrainlarga qarshi urishishini istagan.

Belarus hududida «Oreshnik» haqida

Mening fikrimcha, NATO unga qonuniy nishon sifatida qarashi kerak. Biz esa kuzatamiz, baholaymiz — bu tahdidni hisobga olamiz. Men faqat shunga ishora qilyapmanki, Lukashenko katta xato qilyapti. Masala faqat «Oreshnik»da emas. Hamma ko‘ryaptiki, hozir bundan katta shou qilishyapti. Ular hali [Belarusga] butun kompleksni olib kirmagan, faqat tegishli mashinalarni kiritgan, lekin allaqachon hammasini go‘yoki hammasi u yerda borday qilib ko‘rsatishyapti. Yevropani qo‘rqitishyapti. Lekin Lukashenko bu o‘yinni bekorga o‘ynayapti, chunki bu qadamlardan keyin, shubhasiz, endi undan so‘ramasdan ham, rossiyaliklar «Oreshnik»ni sizlarning davlatingiz hududiga olib kiradi.

«Oreshnik» biz uchun — Belarus bilan allaqachon murakkab bo‘lgan munosabatlarning yanada keskinlashuvidir.

Lukashenkog‘a qarshi sanksiyalar haqida

Biz hozir siyosiy qadamlar bilan uning urushga tortilayotganiga va Putinga yordam berayotganiga bo‘lgan munosabatimizni ko‘rsatyapmiz. Ammo bular faqat siyosiy yoki iqtisodiy qadamlar — aytgancha, oddiy belaruslarning moliyasiga tegishli emas. Gap faqat shu yagona shaxs haqida ketyapti. U shuni tushunishi kerak: biz kuzatyapmiz, bizga yevropaliklar murojaat qilyapti va agar Lukashenko o‘zini tiymasa, to‘xtamasa, biz mos siyosatni davom ettiramiz.

Sanksiyalar siyosati — birinchi qadam. Biz uni davom ettirish uchun huquqiy asos ustida ishlayapmiz. Bu faqat Lukashenkoning o‘ziga emas, uning atrofiga, o‘g‘illariga va hokazolarga ham taalluqli bo‘ladi. Va biz u [Rossiyaga] berayotgan har qanday harbiy yordamni kuzatamiz… U fuqarolarni o‘ldirishga yordam beryapti. Bizda dalillar bor: hammasi xaritalarda, videolarda va hokazolarda qayd etilgan — Belarus hududidan retranslyatorlar tufayli «Shaxed»lar qanday kirib kelgani. Bu jinoyat, chunki ular agressorga yordam bergan — bu fakt. Bu zarbalardan keyin fuqarolar halok bo‘lgan. Demak, bu biz uchun jinoyat. Va hozir biz bu jinoyatlarning huquqiy tomoni bilan shug‘ullanamiz.

Belaruslar Putinning sheriklarimi, degan savol haqida

BMTda u yoki bu rezolyutsiyalar ko‘tarilganda, odatda biz Belarus tomonidan agressiya haqida gapirmaganmiz. Biz hech qachon bunday qilishga yo‘l qo‘ymaganmiz, chunki bizningcha, Lukashenko bilan bog‘liq masalalar bor, Belarus bilan bog‘liq masalalar bor, belarus xalqi bilan bog‘liq masalalar bor. Ayrim rossiyaliklar so‘raydi: «Farq nimada? Nega Rossiyada Putin urush boshlagani uchun biz aybdor bo‘lamiz, belaruslar esa yo‘q?» Chunki urushni Lukashenko boshlamagan. Urushni Putin boshlagan. Lukashenko — sherik. Lekin belarus odamlari, rasmiy Belarus armiyasi Ukraina hududida yo‘q. Rossiya armiyasi esa bor. Shuning uchun soliq to‘lab armiyani qo‘llab-quvvatlayotgan, mobilizatsiya orqali armiyaga ketgan rossiyaliklar — to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoyatchilar. Lukashenko esa sherik — ammo hali belarus xalqi emas. Nega «hali»? Chunki belaruslarni bu urushga tortishyapti. Bunga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Lukashenko bilan suhbat haqida

Urush vaqtida men u bilan gaplashganman. U menga qo‘ng‘iroq qildi, gaplashmoqchi bo‘ldi. Suhbatimiz unchalik yoqimli bo‘lmadi, lekin baribir… U uzr so‘radi va u juda qo‘rqardi — biz [javob tariqasida] zarba beramiz, deb. Va u o‘zi: «Xo‘p, unda [Mozirdagi] zavodga uringlar», dedi, chunki biz nima qilishimiz mumkinligini bilmas edi. Menimcha, u birinchi sutkadayoq bizlarni «yo‘q qilib tashlashmagani»ni angladi: xalqimizni ham, armiyamizni ham, meni shaxsan ham yo‘q qilishmagan. Shuni tushungach, u men bilan aloqa o‘rnatish imkoniyatini izlay boshladi. U izladi — men esa istamadim. Men darhol javob ham bermadim, gaplashgim kelmadi, undan juda qattiq g‘azablangan edim. Umuman olganda, suhbatimiz ham shunday ruhda bo‘ldi.

Tixanovskaya bilan uchrashuvlar haqida

Men u bilan, nazarimda, to‘liq ko‘lamli bosqindan oldinroq uchrashganman. Sammit chetida uchrashuv bo‘lgan, menimcha, Litvada. Aniq, turli xalqaro maydonlarda bir necha bor uchrashganmiz. Lekin ikki tomonlama — rasmiy uchrashuv birinchi marta bo‘ldi. Yaxshi uchrashuv bo‘ldi, oddiy gaplashdik. Belaruslar bilan gaplashish juda zavqli — shunda men o‘ylayman: ukrainlar bilan gaplashish belaruslarga ham zavqli bo‘lsa kerak. Biz turli tillarda gapiramiz, lekin hammasini tushunamiz. Bu juda yoqimli. Rostdan ham, juda zo‘r.

Menimcha, Belarus bilan aloqalarni kuchaytirishimiz kerak. Svetlana bilan, jurnalistlar bilan — bugun sizlar bilan bo‘lganidek. Bu suhbat uchun rahmat. Mening nazarimda, ko‘proq muloqot qilish kerak. Men uning g‘oyasiga qo‘shilaman: Belarus bo‘yicha Ukraina maxsus vakili bo‘lishi kerak — Svetlana, uning odamlari va turli sabablarga ko‘ra mamlakatda bo‘lmagan boshqa belaruslar bilan aloqa qilish uchun. Shuning uchun men unga aytib qo‘ydim: buning ustida ishlayman. Biz biror odam tanlaymiz, men unga va’da berdim.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid