Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
RF urushga qarshi pozitsiyasi uchun 4 mingdan ortiq kishini ta’qib qilmoqda
Huquq himoyasi bilan shug‘ullanuvchi “Siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlash. Memorial” loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, RF hokimiyati Ukrainaga qarshi urush bilan bog‘liq, siyosiy sabablarga ko‘ra qo‘zg‘atilgan ishlar doirasida 4 mingdan ortiq kishini ta’qib qilmoqda.
Foto: Konstantin Kokoshkin/Picvario LLC
Huquq himoyachilari seshanba kuni, 24 fevralda — to‘laqonli urushning to‘rtinchi yilligida — 2026 yil 18 fevral holatiga ko‘ra Rossiyada va Ukrainaning RF tomonidan bosib olingan hududlarida kamida 4029 nafar shaxs ana shunday ishlar bo‘yicha ayblanuvchi sifatida qayd etilganini bildirdi.
Bu odamlarning uchdan biri ukrainlar ekani aytilgan. “Bizga Ukraina pasportiga ega kamida 551 nafar fuqaro (tinch aholi) va 726 nafar ukrain harbiy xizmatchisining ismlari ma’lum. 2022 yildan beri kamida 39 nafar ukrain fuqarosi umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan”, — deyiladi xabarda.
Siyosiy motivli, urush bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha jami 3059 nafar shaxs hanuzgacha qamoqda saqlanmoqda. Rossiya sudlari 2730 ta hukm chiqargan, shulardan 2302 tasi haqiqiy ravishda ozodlikdan mahrum etishni (qamoq jazosini) nazarda tutadi. Huquq himoyachilari ta’kidlashicha, bunday ishlar bo‘yicha sudlar birorta ham oqlov hukmini chiqarmagan.
“Siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlash. Memorial” loyihasi ma’lum qilishicha, repressiyalardan eng ko‘p jabr ko‘rganlar Kursk viloyatida (346 kishi), Ukrainaning Donetsk viloyatining RF nazoratidagi qismida (289), Moskva va Moskva viloyatida (249) hamda Rossiya tomonidan qo‘shib olingan Qrimda (212) qayd etilgan. Umuman olganda, Ukrainaning bosib olingan hududlarida — Xerson, Zaporijjya, Donetsk, Luxansk viloyatlarida, Qrim va Sevastopolda — 899 nafar kishi siyosiy motivlar bilan jinoiy ta’qibga uchragan.
Rossiya fuqarolari Ukrainadagi urush bilan bog‘liq siyosiy motivli jarayonlarda ko‘pincha davlatga xiyonat moddasi bo‘yicha (473 kishi), terrorchilik bo‘yicha (317 kishi) hamda terrorchilikka ommaviy da’vat qilish va uni oqlash moddalari bo‘yicha (298 kishi) ozodlikdan mahrum etilmoqda. Xabarda qo‘shimcha qilinishicha, Ukraina fuqarolari asosan RFda va bosib olingan hududlarda davlatga xiyonatda (199 kishi), terrorchilikda (159 kishi) va josuslikda (125 kishi) ayblanib ta’qib qilinmoqda.
Mavzuga oid
10:18
Avstraliya Ukrainaga yordamni davom ettiradi: RFga qarshi yangi cheklovlar
09:14
Kanada Ukrainaga harbiy yordamni va RFga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi
09:01
AQSh Rossiyadan bo‘lgan “haker-brokerlar”ga qarshi sanksiyalar joriy qildi
08:31