Jahon | 23:01 / 26.02.2026
4994
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston Pokistonning chegara hududlarida harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qildi

Nangarhor viloyatining Gushta tumanida va Kunar viloyatida Pokistonning sakkizta chegara posti qo‘lga olingani ta’kidlanmoqda.

Foto: TOLOnews

Afg‘oniston Mudofaa vazirligi Pokistonning chegara hududlarida harbiy operatsiya boshlanganini ma’lum qildi. Jangovar harakatlar Nangarhor, Nuriston, Kunar, Xost, Paktiya va Paktika viloyatlarida olib borilmoqda, deb xabar berdi TOLOnews.

Agentlikning Afg‘oniston xavfsizlik kuchlaridagi manbasiga tayanib xabar berishicha, Nangarhor viloyatining Gushta tumanida va Kunar viloyatida Pokistonning sakkizta chegara posti qo‘lga olingan.

Afg‘oniston Mudofaa vazirligi boshlangan harbiy operatsiya Pokistonning harakatlariga javob ekanini ma’lum qildi. 21 fevral kuni Pokiston qurolli kuchlari Nangarhor va Paktiya viloyatlarida «terrorchilarning yettita lageriga» aviazarbalar berganini ma’lum qilgan edi. Shunda Afg‘oniston hukumati tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lganini ma’lum qilib, muqobil javob qaytarishga va’da bergan edi.

Pokiston va Afg‘oniston munosabatlari «Tahrik-i-Tolibon Pokiston» (TTP, «Pokiston toliblari») guruhi atrofidagi bahs tufayli yomonlashdi. Pokiston ushbu guruhni terrorchilar deb hisoblaydi.

Pokiston rasmiylarining ta’kidlashicha, Afg‘oniston hukumati TTP guruhlarini moliyalashtiradi, qurol-yarog‘ bilan ta’minlaydi va o‘z hududidan harakatlanishga ruxsat beradi. Afg‘oniston hukumati Pokiston tomonining barcha ayblovlarini rad etmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid