Tramp Kubaga neft yetkazib berishni to‘sib qo‘ygan va hukumatga bosim kuchaygan bir paytda orolga «yashirin bostirib kirish» kuzatildi. 10 nafar qurollangan shaxs Floridada ro‘yxatda o‘tgan kemada Kuba sohillariga kelib otishma uyushtirdi: 4 kishi halok bo‘lgan. AQSh voqeaga aloqasi yo‘qligini aytmoqda.

25 fevral kuni Kuba kuchlari Florida shtatida ro‘yxatdan o‘tgan tezyurar qayiqda Kuba suvlariga suzib kirgan va patrullarga qarata o‘t ochgan to‘rt nafar surgundagi shaxsni o‘ldirdi. Qayiqdagi yana olti kishi yaralangan. Kuba Ichki ishlar vazirligi ushbu guruh hukumatga qarshi bo‘lgan kubaliklardan tashkil topganini, ularning ayrimlari ilgari hujumlarni rejalashtirganlikda ayblanib qidiruvda bo‘lganini bildirdi.

Reuters'ning Kuba rasmiylariga tayanib yozishicha, ular AQShdan kamuflyaj kiyimida hamda hujum miltiqlari, to‘pponchalar, qo‘lbola portlovchi moddalar, zirhli jiletlar bilan qurollangan holda kelgan.

2022 yilda Kuba migrantlar kontrabandasi bilan shug‘ullangan qayiqni tutganda e’lon qilgan kema surati / Foto: Reuters arxivi
Kuba suvlari otishma bo‘lgan taxminiy hudud / Foto: New York Times

Floridada ro‘yxatdan o‘tgan tezyurar qayiq Havanadan taxminan 200 km sharqda, Kuba shimoliy qirg‘og‘iga bir dengiz mili masofasigacha kelgan. Shundan so‘ng unga Kuba chegara patruli bo‘linmasining besh nafar a’zosi yaqinlashgan. Hujumchilar esa tezyurar qayiqdan o‘t ochgan va Kuba kemasi qo‘mondoni yaralagan.

Hujumchilar kim edi?

Kuba hukumati qayiqda bo‘lgan olti nafar mahbusning shaxsini aniqlagan. Ulardan ikki nafari — Amixail Sanches va Leordan Enrike Kruz ilgari Kubada terrorchilik harakatlarini rejalashtirganlikda gumonlanib qidiruvda bo‘lgan. Qolgan to‘rt kishi Konrado Galindo, Xose Manuel Rodriges, Kristian Ernesto va Roberto Askora ekani aytildi.