O‘zbekiston | 21:42 / 27.02.2026
2602
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Afg‘oniston va Pokistonni o‘t ochishni darhol to‘xtatishga chaqirdi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi chegara hududida vaziyatning keskinlashayotganidan chuqur xavotir bildirib, barcha kelishmovchiliklar faqat tinch yo‘l bilan, siyosiy va diplomatik muloqotlar orqali, davlatlarning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va o‘zaro hurmat prinsiplari asosida hal etilishi lozimligini ta’kidlab, bayonot berdi.

Foto: AFP

O‘zbekiston Respublikasi Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi chegara hududida vaziyatning keskinlashayotganidan chuqur xavotirdaligini bildiradi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining 27 fevral kuni e’lon qilingan bayonotida aytiladi.

«Biz tomonlarni darhol otishmani to‘xtatishga, vazminlikka va keskinlikning yanada kuchayishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqiramiz. Shuningdek, O‘zbekiston tomoni yuzaga keladigan barcha kelishmovchiliklar faqat tinch yo‘l bilan, siyosiy va diplomatik muloqotlar orqali, davlatlarning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va o‘zaro hurmat prinsiplari asosida hal etilishi lozimligini yana bir bor ta’kidlaydi», deyiladi bayonotda.

26 fevral kuni Afg‘oniston tomoni Pokiston kuchlarining zarbalariga javoban chegara hududlarda maxsus amaliyot boshlaganini ma’lum qildi. Pokiston o‘tgan haftada «Tahriki-Tolibon Pokiston» va «IShID — Xuroson viloyati» guruhlarining Afg‘oniston sharqida joylashgan lagerlari bo‘ylab zarbalar yo‘llagandi. Pokiston hukumati bu zarbalar Pokistonda sodir etilgan davomli teraktlarga javoban amalga oshirilganini ma’lum qildi. Islomobodga ko‘ra, ushbu guruhlar yetakchilari Afg‘oniston hududida yashiringan va shu yerdan turib Pokistondagi hujumlarni rejalashtirib kelmoqda.

Pokiston mudofaa vaziri Havaj Asif Afg‘oniston boshqaruvidagi «Tolibon» harakati bilan «ochiq urush» boshlanganini e’lon qildi. Vazir toliblar hukumati Afg‘onistonni «Hindiston mustamlakasiga aylantirgani», ular butun dunyo terrorchilarini Afg‘onistonga yig‘ib, terrorizmni eksport qila boshlagani, o‘z xalqini asosiy inson huquqlaridan mahrum etgani, islom dini ayollarga bergan huquqlarni tortib olgani haqida gapirgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid