Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Yevrouchlik” Eronning palapartish zarbalaridan norozi
Parij, Berlin va London Eronni “o‘ylamay qilingan hujumlar”ni to‘xtatishga chaqirdi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning aytishicha, Buyuk Britaniya AQShga Eronning raketa obektlariga zarba berish uchun britan harbiy bazalaridan foydalanishga ruxsat berishga rozi bo‘ldi.
Foto: Getty Images
Parij, Berlin va London (E3) Yaqin Sharq mintaqasi davlatlariga qarshi Eron tomonidan amalga oshirilayotgan, pala-partish va nomutanosib raketa zarbalariga, jumladan, dastlab AQSh va Isroilning Tehronga qarshi operatsiyasida ishtirok etmagan mamlakatlarga nisbatan zarbalarga ham, norozilik bildirdi. Bu haqda yakshanba, 1 mart kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer idorasi e’lon qilgan bayonotda aytildi.
“Eronning hujumlari yaqin ittifoqchilarimizga qarshi qaratilgan va butun mintaqadagi harbiylarimiz hamda tinch aholi uchun tahdid solmoqda”, — deb ta’kidlangan bayonotda. “Biz Eronni bu hujumlarni darhol to‘xtatishga chaqiramiz”, — deyiladi unda.
Bayonot mualliflari mintaqada o‘z manfaatlarini va ittifoqchilar manfaatlarini himoya qilish uchun qadamlar qo‘yishga va’da berdi. Xususan, Eronning raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar)ni uchirish qobiliyatini yo‘q qilishga qaratilgan “zarur va mutanosib” mudofaa choralari haqida gap ketmoqda.
Uchala davlat ham bu masala bo‘yicha AQSh va mintaqadagi ittifoqchilar bilan hamkorlik qilishga kelishib oldi.
E3 — Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiyaning tashqi siyosat va xavfsizlik sohasidagi o‘zaro hamkorligi uchun yaratilgan norasmiy mexanizm.
Shu orada, Kir Starmer 1 mart kechqurun Buyuk Britaniya AQShga Eronning raketa obektlariga zarbalar berish uchun britan harbiy bazalaridan foydalanishga ruxsat berishga rozi bo‘lganini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eronning yondashuvi tobora bee’tibor tus olmoqda va Buyuk Britaniya fuqarolari hayotiga tahdid solyapti, shu bois AQShga ikki britan bazasini ishga solishga ruxsat berish haqida qaror qabul qilingan.
“Buyuk Britaniya yordam so‘rab murojaat qilgan mintaqaviy ittifoqchilarning jamoaviy o‘zini o‘zi himoya qilishi manfaati uchun harakat qilmoqda”, — deya bildirdi London.
Britaniya hukumati rahbari, Eron tomonidan nishonga olingan Yaqin Sharq mamlakatlarida 200 000 nafar Buyuk Britaniya fuqarolari borligini aniqlashtirdi. The Guardian gazetasi Starmer so‘zlarini keltirib yozishicha, tahdidni to‘xtatishning yagona yo‘li — saqlanayotgan joylardagi “raketalarni”, shuningdek Erondagi uchirish qurilmalarini yo‘q qilishdir.
Shu bilan birga, The Cyprus Mail gazetasi Kiprdagi Buyuk Britaniyaning Akrotiri aviabazasi dron zarbasiga uchraganini xabar qildi: “kichik dron” (tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Shahed 136) aerodromga urilgan, jabrlanuvchilar yo‘q, “oz miqdorda zarar” yetgan.
The Cyprus Mail’ning aniqlashtirishicha, baza rahbariyati xodimlarga “o‘z joyida qolish va keyingi ko‘rsatmalarni kutish”ni buyurgan, shuningdek Limassol shahrida portlashlar va sirenalar ovozi eshitilgani sabab “qo‘shimcha zarbalar bo‘lishi mumkin”ligi haqida ogohlantirgan.
Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi ehtimoliy dron zarbasiga munosabat bildirib, chora ko‘rayotganini tasdiqladi. Vazirlik vakili The Independent gazetasiga: “Mintaqadagi himoyamiz eng yuqori darajada, va baza odamlarimizni himoya qilish uchun javob choralari ko‘rdi”, — deb ma’lum qildi.
Eronning oliy rahbari — Ali Xomanaiy 28 fevral kuni Tehronda AQSh va Isroilning qo‘shma havo operatsiyasi natijasida halok bo‘ldi. Uning o‘limi munosabati bilan Eron hukumati 40 kunlik umummilliy motam e’lon qildi va mamlakat aholisiga yetti kunlik dam olish kunlari berdi. Xomanaiy Islom Respublikasiga 30 yildan ortiq vaqt rahbarlik qilgan.
Shu kuni Eron oliy rahbariyatining boshqa vakillari ham halok bo‘ldi, jumladan mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda va Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni Muhammad Pakpur ham.