Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
CNN: AQSh ma’muriyati Erondagi kurdlardan rejimga qarshi foydalanmoqchi
Eron Kurdistonida tartibsizliklar keltirib chiqarish maqsadidagi amaliyotga tayyorgarlik ishlari allaqachon boshlangan.
Foto: Morteza Nikoubazl/Reuters
Markaziy razvedka boshqarmasi mamlakat ichkarisida rejimga qarshi isyon ko‘tarilishi uchun Erondagi muxolifatchi kurd kuchlarini qurollantirish ustida ishlamoqda. Bu haqda CNN telekanali bir necha manbaga asoslanib xabar tarqatdi.
Suhbatdoshlardan birining so‘zlariga ko‘ra, ushbu g‘oya kurd qurolli kuchlari Eron xavfsizlik kuchlari bilan jangga kirishishi va ularni o‘ziga jalb etib, yirik shaharlardagi oddiy aholining namoyishlarga chiqishini osonlashtirishini ko‘zda tutadi.
Amerikalik boshqa bir mulozim esa kurdlar mintaqada tartibsizlik keltirib chiqarishga va Eron rejimining harbiy resurslari maksimal darajada sochilishiga yordam berishi mumkin. Yana bir g‘oyaga ko‘ra, kurdlar Eron shimoliy qismidagi hududni egallashi va Isroil uchun bufer zona yaratishi mumkin bo‘ladi.
Eron kurdlari vakilining so‘zlariga ko‘ra, 3 mart kuni Donald Tramp Eron Kurdistoni Demokratik partiyasi prezidenti Mustafo Hijriy bilan bog‘langan. Tramp ma’muriyati Iroq kurdlari bilan ham muhokama olib bormoqda. Erondagi kurdlarni qurollantirishga bo‘lgan har qanday urinish Iroq kurdlari qurol-yarog‘ tranzitiga va Iroq Kurdistonidan platsdarm sifatida foydalanishga ruxsat berishini talab qiladi, deb tushuntiradi CNN.
Kurdlar yaqin kunlarda operatsiyada ishtirok etishi kutilmoqda, degan Erondagi yuqori martabali manba. «Hozir bizda katta imkoniyat borligiga ishonamiz», – degan CNN suhbatdoshi va kurd ko‘ngillilari AQSh va Isroilning qo‘llab-quvvatlashiga umid qilayotganini qo‘shimcha qilgan.
Eron kurdlarining qurollangan guruhlari Iroq bilan chegara hududida harakatlanuvchi minglab jangchilarga ega, deb yozadi CNN. Urush boshlangach, bu guruhlarning ba’zilari Eron harbiylarini o‘z tomoniga o‘tishga chaqirib, bayonot bergan. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi esa ushbu guruhlar bo‘ylab zarbalar yo‘llamoqda.