Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kongress roziligisiz harbiy operatsiya mumkinmi?
AQSh konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident ma’lum harbiy harakatlarni boshlashi mumkin, lekin urush e’lon qilish vakolati Kongressga tegishli. Tramp ma’muriyatining Eronga urush ochgani bu masalani yana kun tartibiga olib chiqdi. Mavzu yuzasidan Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunos Jahongir Akramov so‘z yuritadi.
— AQSh prezidenti qanday harbiy harakatlar uchun Kongressdan rozilik olishi kerak?
Jahongir Akramov:1787 yilda qabul qilingan AQSh konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident oliy bosh qo‘mondon hisoblanadi va harbiy harakatlarni boshlash vakolatiga ega. Biroq urush e’lon qilish huquqi AQSh Kongressiga tegishli. Masalan, Ikkinchi jahon urushi davrida rasmiy urush e’lonlari aynan kongress nomidan amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, prezident va kongress vakolatlari o‘rtasida kesishmalar mavjud bo‘lib, bu holat hanuz siyosiy-huquqiy bahslarni keltirib chiqarmoqda. Prezident qisqa muddatli va cheklangan harbiy operatsiyalarni mustaqil boshlashi mumkin, ammo uzoq muddatli urush olib borish uchun kongress roziligi talab etiladi.
Bu masala ayniqsa 1973 yilda qabul qilingan “War Powers Resolution” qonuni bilan aniqroq tartibga solingan. Mazkur qonun Vetnam urushi va “Uotergeyt” mojarosidan keyin prezident vakolatlarini cheklash maqsadida qabul qilingan. Unga ko‘ra, prezident harbiy operatsiyalar boshlanganidan so‘ng 60 kun ichida Kongressdan ruxsat olishi shart. Agar ruxsat olinmasa, qo‘shinlar chiqarilishi kerak. Zarurat tug‘ilganda operatsiyalarni yakunlash uchun qo‘shimcha 30 kunlik muddat berilishi mumkin.
Amaliyotda esa prezidentlar ba’zan operatsiyalarni “urush” deb emas, balki boshqa nomlar bilan atab, mazkur cheklovlarni chetlab o‘tishga harakat qiladi. Shunga qaramay, huquqiy jihatdan belgilangan muddatlar amal qiladi va kongress istalgan paytda harbiy harakatlarni to‘xtatish vakolatiga ega. Bundan tashqari, kongress jamoatchilik fikri, ittifoqchilar pozitsiyasi va harbiy harakatlarning natijalarini inobatga oladi.
Uning tarkibida razvedka va mudofaa masalalari bilan shug‘ullanuvchi maxsus qo‘mitalar mavjud bo‘lib, ular mustaqil ekspertlar xulosalari asosida qarorlar qabul qilishga ta’sir ko‘rsatadi. Agar vaziyat salbiy tomonga o‘zgarsa, Kongress bosqichma-bosqich siyosiy bosimni kuchaytirib, hatto impichment jarayonigacha borishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, prezidentda harbiy harakatlarni boshlash uchun yetarli vakolat mavjud, ammo ularning davomiyligi va kengayishi ustidan asosiy nazorat Kongress qo‘lida qoladi. Shu sababli bu masala nafaqat huquqiy, balki siyosiy muvozanat bilan ham chambarchas bog‘liq.
Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.