Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp va jamoasi Eronga qarshi urush sababini tushuntirishga urinmoqda
Lekin ularning versiyalari vaqt o‘tgan sayin o‘zgarmoqda va bir-biriga zid kelmoqda.
The White House
28 fevral kuni Donald Tramp amerikaliklarning ko‘pchiligi qo‘llab-quvvatlamaydigan navbatdagi urushni boshladi. Ushbu urushni oqlashda Oq uy AQSh prezidentlari uchun noodatiy, ammo Rossiya propagandasiga xos taktikani tanladi: Tramp va uning jamoasi a’zolari AQShga bu urush nima uchun kerakligi va uning ijobiy yakuni qanday bo‘lishi haqida keng ko‘lamli va bir-biriga zid fikrlar bildirmoqda.
Ekspert fikricha, bu orqali Tramp g‘alaba haqidagi moslashuvchan ta’rifni saqlab qolmoqchi va ehtimoliy muvaffaqiyatsizlik uchun javobgarlikni o‘zidan soqit qilmoqchi. Ammo tanqidchilar va hatto AQSh prezidentining ayrim tarafdorlari ham Oq uyning mujmal javoblaridan g‘azablanishmoqda, chunki bu javoblar Amerikada Yaqin Sharqdagi yangi urush bo‘yicha aniq strategiya yo‘qligi va urush cho‘zilishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. «Meduza» Tramp va uning ma’muriyati a’zolari Eron bilan urush sabablari, maqsadlari va tabiatini qanday izohlaganini ko‘rib chiqdi.
Eron yadroviy dasturi haqida
Mudofaa vaziri Pit Hegset, 2025 yil 22 iyun
«[12 kunlik urush davomida] biz Eron yadroviy dasturini yo‘q qildik. Prezident Trampning dadil va uzoqni ko‘ra biladigan rahbarligi tufayli Eronning yadroviy ambitsiyalari butunlay yo‘q qilindi».
AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff, 2026 yil 22 fevral
«Eronda uranni boyitish darajasi 60 foizga yetgan. Katta ehtimol bilan, bir haftadan keyin ularda bomba tayyorlash uchun yetarli materiallar paydo bo‘ladi».
Davlat kotibi Marko Rubio, 2026 yil 25 fevral
«Ularning yadroviy dasturi yer yuzidan supurib tashlanganida, ularga uni qayta tiklash taqiqlangan edi, ammo ular muntazam ravishda uning elementlarini tiklashga harakat qilishmoqda. Hozir ular [uranni] boyitmayapti, lekin buni qilish mumkin bo‘lgan nuqtaga yetishga harakat qilishmoqda».
Eron bo‘ylab yangi zarbalar sabablari haqida
Prezident Donald Tramp, 1 mart
«Ular [eronliklar] yadroviy tadqiqotlarini to‘xtatishni istamadi. Ular yadro quroliga ega bo‘lmaslikka va’da berishni xohlamadi. Agar biz buni qilmaganimizda [hujum qilmaganimizda], ular ikki hafta ichida yadro quroliga ega bo‘lardi.
Pit Hegset, 2 mart
«Eron o‘zining yadroviy shantaji uchun shartli qalqonga ega bo‘lish maqsadida raketalar va dronlar yaratdi. Bizning bazalarimiz, odamlarimiz, ittifoqchilarimiz – barchasi ularning nishonida. Yadroviy bombasi sari yo‘l ocharkan, Eron boshimizga „to‘pponcha“ tirab turgandek edi».
Marko Rubio, 2 mart
«Birinchidan, Eronga kim hujum qilsa ham, ular bunga javoban zarba berishlari va bu javob AQShga qarshi qaratilishi aniq edi. Biz Isroil harakat qilishini bilardik, buning ortidan Amerika kuchlariga hujum bo‘lishini bilardik va agar ogohlantiruvchi zarba bermasak, ko‘proq yo‘qotishlarga duch kelishimizni bilardik».
Operatsiya maqsadlari haqida
Donald Tramp, 28 fevral
«Men xohlaydigan bor narsa – [Eron] xalqi uchun ozodlik. Men mamlakat xavfsiz bo‘lishini xohlayman va biz aynan shunga erishamiz».
Donald Tramp, 2 mart
«Birinchidan, biz Eronning raketa salohiyatini yo‘q qilyapmiz. Ikkinchidan, ularning flotini. Uchinchidan, biz terrorizmning dunyodagi bosh homiysi hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligiga erishmoqchimiz. Va nihoyat, Eron rejimi o‘z chegaralaridan tashqarida terrorchi armiyalarni qurollantira olmasligiga erishmoqchimiz».
Operatsiya muddatlari haqida
Donald Tramp, 28 fevral
«Nishonlar bo‘ylab og‘ir bombardirovkalar butun hafta tanaffussiz davom etadi – yoki maqsadimizga – butun Yaqin Sharqda va butun dunyoda tinchlikka erishish uchun qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha!»
Donald Tramp, 2 mart
«Avvalboshdan biz to‘rt-besh haftalik harbiy harakatlarni mo‘ljallagan edik, ammo bizda urushni yanada uzoqroq davom ettirish uchun imkoniyat yetarli».
Erondagi rejim almashishi haqida
Donald Tramp, 28 fevral
«Buyuk va mag‘rur Eron xalqiga murojaat qilaman: siz erkin bo‘ladigan vaqt keldi. Biz ishni bitirgach, hokimiyatni o‘z qo‘lingizga oling. Bu sizning kelajak avlodlar uchun yagona imkoniyatingiz bo‘lishi mumkin. Ko‘p yillar davomida siz Amerikadan yordam so‘radingiz, lekin baribir ololmadingiz. Hech bir prezident men qilishga tayyor bo‘lgan ishni qilishga tayyor emas edi. Endi sizda prezident bor, u sizga istagan narsangizni beradi. Bunga qanday javob berishingizni ko‘ramiz».
Senator Lindsi Grem, 1 mart
«Maqsad – rejimni emas, tahdidni yo‘q qilish. Operatsiya yakunlanganida Eronda hokimiyat tepasiga kim kelishi muhim emas, ularda bizga, Isroilga yoki Yaqin Sharqqa zarar keltiradigan ballistik raketalar bo‘lmaydi. Ularda terrorizmning eng yirik homiysi bo‘lib qolish imkoniyati bo‘lmaydi. <…> Biz Eron xalqini terrorchilik rejimidan ozod qilib, o‘z taqdirini o‘zi belgilash imkonini bermoqchimiz. Ammo Eronning yangi hukumatini tanlash – bizning ish emas».
Donald Tramp, 1 mart
«Menda [Eron rahbarligi uchun] uchta juda yaxshi nomzod bor. Men hozir ularning kimligini ochiqlamayman. Keling avval o‘z ishimizni bajaraylik. <…> O‘ylaymanki, biz Venesuelada qilgan ish – ideal ssenariy edi. Ikki kishidan boshqa hamma o‘z lavozimlarini saqlab qoldi».
Tramp, 2 mart
«Hujum shu qadar muvaffaqiyatli chiqdiki, [Eron rahbari lavozimi uchun] nomzodlarning ko‘pchiligi o‘yindan chiqdi. Bu biz o‘ylagan odamlarning hech biri bo‘lmaydi, chunki ularning hammasi o‘ldi. Biz ular [eronliklar] kimni tanlashini bilmaymiz. Ehtimol, ularning omadi kelib, nima qilayotganini biladigan odamni tanlashar».
Pit Hegset, 2 mart
«Bu rejimni o‘zgartirish uchun olib borilayotgan urush emas, lekin rejim, shubhasiz, o‘zgardi va bundan dunyoga faqat yaxshi bo‘ldi».
Ali Xominaiyning o‘ldirilishi haqida
Respublikachi kongressmen Maykl Terner, 1 mart
«Kecha men davlat kotibi Rubio bilan gaplashdim va u Xominaiyga biz hujum qilmaganimizni aniq qilib aytdi. <...> U qonxo‘r avtoritar hukmdor edi, bu tufayli ko‘plab isroilliklar halok bo‘lgan va bu, shubhasiz, ularda bunday hujum uchun jiddiy asos bor edi».
Pit Hegset, 2 mart
«O‘ylaymanki, Isroil bu amaliyotni a’lo darajada uddaladi».
Donald Tramp, 2 mart
«U [Xominaiy] meni qo‘lga tushirishidan oldin men uni qo‘lga tushirdim. Ular ikki marta harakat qilishdi. Ammo men ildamroq chiqdim».
Mavzuga oid
21:52
Xominaiyning dafn marosimi noma’lum muddatga qoldirildi
21:00
NATO havo mudofaasi Turkiya tomonga uchirilgan Eron ballistik raketasini urib tushirdi
20:51
“Men ko‘rgan hujjatlarda urushning bo‘lishi aniq edi” – amerikalik siyosatshunos
19:10