Jahon | 19:25
1336
15 daqiqa o‘qiladi

Ali Xominaiy hokimiyat tepasiga qanday kelgandi?

2026 yil 28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga raketa va harbiy samolyotlardan foydalanib zarbalar berdi. Oqibatda Eron oliy ruhoniysi, amalda mamlakatning ikki rahbaridan biri bo‘lgan Ali Xominaiy halok bo‘ldi. Bu shaxs bir paytlar Eron prezidenti ham bo‘lgan va amalda u 1981 yildan buyon hokimiyat tepasida edi.

Ali Xominaiy o‘ldirilgani haqida birinchi bo‘lib Reuters agentligi xabar berdi. So‘ng Isroil tomoni va AQSh prezidenti Donald Tramp ham uning o‘ldirilganini aytib chiqdi.

Biroq 28 fevral tunda Eron OAVlari Ali Xominaiy o‘ldirilganini rad etib, u “AQSh va Eronga qarshi harbiy harakatlarni qat’iyat va sobitlik bilan boshqarib turganini” ta’kidladi.

1 mart tongda Eron OAVlari mamlakat oliy rahbari Ali Xominaiy o‘ldirilganini tasdiqladi. Mamlakatda 40 kunlik motam e’lon qilingani haqida xabar tarqatildi. Xo‘sh, Xominaiy hokimiyat tepasiga qanday kelgan edi?

Ozarboyjon oilasidan chiqqan inqilobchi

Ali Xominaiy 1939 yilda Eronning Mashhad shahrida ozarboyjon oilasida tug‘iladi. Ha, ajablanmang. Eronda aholining qariyb yarmi ozarboyjonlar bo‘lib, ular asosan mamlakatning shimoliy va shimoliy-g‘arbiy qismida yashaydi.

Foto:alamy.com

Shu o‘rinda bir ma’lumot, ozarboyjonlar Eronda hokimiyat tepasiga kecha, bugun kelib qolgan emas. Muhammad Shayboniyni yengib, Safaviylar davlatini tuzgan shoh Ismoil Safaviy ham ozarboyjon bo‘lgan.

1736 yilda Safaviylar davlati qulaydi va Eronda hokimiyat tepasiga yana bir ozarboyjon sulolasi – Afshorlar keladi. 1796 yilda ular o‘rniga boshqa bir ozarboyjon sulolasi – Qojarlar Eronni boshqara boshlaydi.

1925 yilda hozirda quvg‘inda yurgan Rizo Pahlaviyning bobosi Rizo Pahlaviy Qojarlar sulolasini yiqitadi va Eron shohiga aylanadi. Biroq o‘shandan keyin, hatto 1979 yilda sodir bo‘lgan inqilobdan so‘ng ham ozarboyjonlarning Eronda yuqori lavozimlarni egallashi davom etadi.

Masalan, hozirda Eron prezidenti bo‘lib turgan Mas’ud Pizishkiyon ham ozarboyjon millatiga mansub. Ya’ni Erondagi ikki rahbar – oliy rahbar va prezident ozarboyjon millati vakillari hisoblanadi.

Endi Ali Xominaiyga qaytsak, uning otasi Erondagi mashhur ulamolarning biri bo‘lgan. Xominaiy 19 yoshida Qum shahriga ko‘chib o‘tadi va shu yerda Ruhulloh Humayniy bilan tanishadi. Uning shohga qarshi harakatlarga qo‘shilishiga aynan Humayniy katta ta’sir ko‘rsatgan deyiladi.

Talabalik davrida unda sovet siyosatiga moyillik bo‘lgan. Shunda Karl Marks va Lenin asarlarini o‘qish uchun Xominaiy rus tilini o‘rgangan. Shuningdek, u arab, ingliz, ozroq fransuz tillarida ham so‘zlasha olgan.

1979 yilda Eronda sodir bo‘lgan inqilobgacha Ali Xominaiy ustozi Ruhulloh Humayniy bilan birga bir necha marta hibsga olinadi, surgun qilinadi.

Foto:fardanews.com

Eron inqilobi

1978 yil yanvar oyida Qum shahrida, talabalar namoyishi vaqtida politsiya tomonidan ikki nafar talaba o‘ldiriladi. Qum – aholisi uzoq yillik diniy an’analarga qattiq amal qilinadigan, Ruhulloh Humayniyning ona shahri edi.

Talabalar o‘limidan so‘ng bu shahar aholisi shoh tuzumiga qarshi oyoqqa turadi. Fevralda yana bir yirik shahar – Tabriz aholisi bosh ko‘tardi. Martga kelib Erondagi barcha shaharlarda keng ko‘lamli namoyishlar boshlanib ketadi.

1978 yil iyunida Pahlaviy namoyish uyushtirayotgan xalqni tinchlantirish uchun erkin saylovlar o‘tkazishga va’da beradi, ammo bu quruq gap vaziyatni yumshatmaydi.

1978 yil 20 avgust kuni Obodon shahridagi kinoteatrda yong‘in sodir bo‘lib, 500 dan ortiq odam halok bo‘ladi. Shunda bu yong‘inni shoh tuzumidagi milliy xavfsizlik xodimlari uyushtirgani ommaga oshkor bo‘ladi va namoyishlar yanada avj oladi.

Shoh mamlakatda harbiy holat joriy etib, namoyish o‘tkazishni taqiqlaydi. Ammo xalq noroziligi nazorat qilib bo‘lmas darajaga yetib bo‘lgandi.

1978 yil dekabr oyi boshlarida namoyishlar yanada kuchliroq avj oladi. Birgina Tehron ko‘chalariga Pahlaviyning iste’fosini talab qilib 2 mln odam namoyishga chiqadi.

1979 yil 16 yanvar kuni shoh Muhammad Rizo Pahlaviy hokimiyatni bosh vazir Shopur Baxtiyorga qoldirib, Erondan qochib ketadi. Shoh qochganini eshitgan odamlar butun mamlakat bo‘ylab ko‘chalarda shohning suratlarini oshkora yoqadi.

Foto:alamy.com

1979 yil 1 fevralda oyatulloh Humayniy 15 yillik qochqinlikdan so‘ng Eronga qaytadi. O‘sha yil dekabrda yangi konstitutsiya qabul qilinadi.

Unga ko‘ra, mamlakatning diniy rahnamosi – oliy rahbari oyatulloh bo‘ladi. Siyosiy va fuqarolik hokimiyati esa prezident, Oliy majlis va bosh vazir ixtiyorida qoladi. Ruhulloh Humayniy Eronning ilk oyatullohi bo‘ladi. Shu tariqa Eronda tuzum o‘zgaradi.

Eronning 3-prezidenti

Eronda monarxiya yiqitilib, respublika o‘rnatilgach, mamlakatning oliy rahbariga aylangan Humayniy eski safdoshi Ali Xominaiyni Tehronda juma masjidi bosh imomi etib tayinlaydi.

O‘sha paytda bu masjid oddiy ibodatxona emas, balki yangi tuzumning umumdavlat va umummilliy siyosiy xabarlari e’lon qilinadigan joyi edi. Ya’ni Ali Xominaiy shunchaki bir masjid imomi emas, balki soddaroq tilda aytganda oliy rahbarning matbuot kotibi vazifasida edi.

1981 yilda Eronda prezident almashadi. Humayniy birinchi prezident Abulhasan Banisadrni Iroqqa qarshi urushda sustkashlikda ayblaydi va hokimiyatdan ketkazadi.

O‘sha yil iyulda o‘tkazilgan saylovda g‘alaba qozongan Muhammad Ali Rajoiy mamlakat prezidenti bo‘ladi. Biroq qasamyod qabul qilish marosimidan ikki hafta o‘tgach shoh tarafdorlari tomonidan unga suiqasd uyushtiriladi. Oqibatda Muhammad Ali Rajoiy, Eron bosh vaziri va milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi halok bo‘ladi.

Foto:rfi.fr

Shundan so‘ng Eronda yana prezidentlik saylovi o‘tkaziladi. Unda Ali Xominaiy g‘alaba qozonadi va Eronning uchinchi prezidentiga aylanadi.

Ali Xominaiy Eronni 1981 yildan 1989 yilgacha boshqaradi. O‘sha paytlarda mamlakat ichida shoh tarafdorlari tomonidan yashirin qarshiliklar sodir bo‘lib turgandi. Ikkinchi tomondan Eron Iroq bilan urushayotgandi.

Ana shunday vaziyatda Ali Xominaiy shoh tarafdorlariga qarshi ayovsiz munosabatda bo‘ladi va qo‘lga tushganlarning aksariyati qatl etiladi. U shu yo‘l bilan Eronda inqilobni mustahkamlaydi.

Umuman olganda Xominaiy tuzumi 8 yil mobaynida juda ko‘plab inqilobga qarshi chiqqan odamlarni qatl etadi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, birgina 1988 yilning o‘zida Eronda 30 mingdan ortiq odam qatl etilgan.

O‘sha paytda Eronda tuzumga qarshi bo‘lganlarni sud va tergov qilishmaydi. Hibsdagilar “Tehron o‘lim qo‘mitasi” deb nomlangan qo‘mita qarori bilan o‘lim jazosiga hukm qilinadi.

Tehron prokurori, keyinchalik Eron bosh prokurori bo‘lgan Murtazo Eshrag‘iy, Eron bosh prokurori o‘rinbosari, keyinchalik Eron prezidenti bo‘lgan Ibrohim Raisiy, shariat qozisi, keyinchalik Eron oliy sudi raisi o‘rinbosari bo‘lgan Husayn Ali Nayyeriy, qurolli kuchlar inqilobiy sudining g‘arbiy hududlar bo‘yicha prokurori Mustafo Pirmuhammadiy qo‘mitaning asosiy hukm chiqaruvchilari bo‘lgan.

Eron oliy rahbari

1989 yil 3 iyun kuni Ruhulloh Humayniy vafot etadi. Ertasi kuni “Ekspertlar kengashi” deb nomlangan kengash 20 soat davom etgan majlisda Ali Xominaiyni Eronning oliy rahbari etib saylaydi.

Foto:alamy.com

O‘sha majlisda bir necha oyatulloh Ekspertlar kengashiga Eron oliy rahbari lavozimini bir kishiga emas, uch kishidan iborat kengashga topshirishni taklif qiladi. Ekspertlar kengashi bu taklifni rad etadi.

Shundan so‘ng oliy rahbar lavozimi uchun oyatulloh Muhammad Rizo Gulpayg‘oniy va Ali Xominaiy nomzodlari ilgari suriladi. Yakunda 74 ta ovozdan 60 tasini olgan Ali Xominaiy g‘alaba qozonadi va Eron oliy rahbariga aylanadi.

Ali Xominaiy Eron oliy rahbari bo‘lganidan so‘ng biron marta xorijiy safarga chiqmagan. Ya’ni mamlakat hududini tark etmagan.

Halok bo‘lgan paytda 86 yoshda bo‘lgan Ali Xominaiy Eronni prezident sifatida 8 yil, oliy rahbar sifatida 37 yil, jami 45 yil boshqardi. Eron tarixida biror hukmdor bu davlatni bunchalik uzoq boshqarmagan.

Ali Xominaiy prezident bo‘lganida, so‘ng mamlakat oliy rahbariga aylanganida ham Eron Yaqin Sharqdagi turli jangari guruhlarni har tomonlama qo‘llab kelgan.

Shu sababli Livandagi “Hizbulloh”, Yamandagi Husiylar, yana Iroqdagi shia jangari guruhlari uni o‘z rahnamolari deb bilishadi. Hatto Livan poytaxti Bayrut shahri ko‘chalariga uning portretlari ilingan holda turadi.

1981 yilda Ali Xominaiyga suiqasd uyushtiriladi. Yig‘inlarning birida unga savol yozilgan magnitofon berishadi. Ali Xominaiy savolni eshitish uchun magnitofon tugmasini bosganda undagi portlovchi uskuna ishga tushadi. O‘shanda u tirik qoladi va o‘ng qo‘li qisman ishdan chiqadi.

Shundan so‘ng Ali Xominaiy har doim o‘z xavfsizligini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Keyinchalik mobil telefonlar ommalashganda ham xavfsizlik sababidan umuman mobil telefondan foydalanmaydi.

Foto:alamy.com

Ali Xominaiy qattiqqo‘llik bilan olib borgan siyosatni uning yaqin qarindoshlari qo‘llamagan. Masalan, uning singlisi Badri Xominaiy akasi yuritgan siyosatga qarshi chiqadi.

Tuzum ta’qibiga uchragach, ayol 1985 yilda eri Ali Tehroniy bilan Eronni tark etadi. 1995 yil ayol vataniga qaytganida qo‘lga olinadi va 10 yil umrini qamoqda o‘tkazadi.

2022 yilda Badrining turmush o‘rtog‘i vafot etadi. Shundan so‘ng ayol yana akasiga qarshi chiqib, u olib borayotgan siyosatni tanqid qila boshlaydi.

Shuningdek, Badri Xominaiyning qizi Farida Murodxoniy ham Ali Xominaiy tuzumining ashaddiy tanqidchisi hisoblanadi. Shu sababli unga 2022 yilda 3 yil qamoq jazosi beriladi.

Ali Xominaiy oliy rahbar bo‘lganda Eronda bir necha kishi prezidentlik qiladi:

·      Akbar Hoshimiy Rafsanjoniy – 1989-1997 yillarda;

·      Muhammad Hotamiy – 1997-2005 yillarda;

·      Mahmud Ahmadinajot – 2005-2013 yillarda;

·      Hasan Ruhoniy – 2013-2021 yillarda;

·      Ibrohim Raisiy – 2021-2024 yillarda;

·      Muhammad Muxbir – 2024 yil 19 maydan 29 iyulgacha vaqtincha;

·      Mas’ud Pizishkiyon – 2024 yildan hozirgacha.

Yadro quroliga qarshi fatvo

2005 yilda Avstriya poytaxti Vena shahrida Xalqaro atom energetikasi agentligi yig‘inida Eron vakillari mamlakat oliy rahbari Xominaiyning fatvosini o‘qib beradi.

Unda oliy rahbar Islomda yadro qurolini ishlab chiqarish va uni qo‘llash haromligini aytgandi. Biroq negadir Eron tomoni bu fatvoga hech qachon amal qilmagan va ancha yillardan buyon yadro qurolini yaratish ustida tadqiqotlar o‘tkazib kelmoqda.

Foto:alamy.com

Ayrim eronlik diplomatlar Ali Xominaiy mamlakat milliy razvedkasi rahbariyati bilan uchrashganda ularga chiqargan fatvosi Eron musulmonlariga yadro qurolni ishlab chiqarishni taqiqlamasligini aytgan.

Shundan kelib chiqib, ayrimlar Xominaiy keyinroq yadro quroli bo‘yicha chiqargan fatvosini bekor qilgan deyishadi. Shunga o‘xshash hodisa avvalroq, Eron–Iroq urushi davrida sodir bo‘lgan.

Xominaiy kulfat keltiruvchi qurollar, jumladan, yadro qurollari haqida o‘zi chiqargan fatvoni bekor qilgandi va ularni ishlab chiqarish dasturlarini boshlashni buyurgandi.

Xominaiy davrida Eron tashqi siyosati

Xominaiy Eronni boshqargan yillarda mamlakatning tashqi siyosati o‘zgarmadi. Bu siyosat AQShni o‘ziga dushman, Isroilni esa bosqinchi davlat deb biladi. Shu tufayli Eron hanuzgacha Isroil davlatini tan olmagan.

Shu o‘rinda bir ma’lumot. Shoh Rizo Pahlaviy hukmronlik qilgan davrda, aniqrog‘i 1950 yilda Eron Isroil davlatini tan oladi.

Shundan so‘n ayrim arab davlatlari Eron bilan diplomatik aloqalarni uzadi. Masalan, Misr shunday qilgan va o‘zaro munosabatlar 10 yildan so‘ng qayta tiklangan.

Ko‘p o‘tmay Isroil va Eron o‘rtasidagi aloqalar do‘stona ko‘rinishda davom etadi. Har ikki davlat o‘rtasida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Savdo aloqalari rivojlanadi.

Hatto 1961 yilda Isroil bosh vaziri Devid Ben Gurion Eronga davlat tashrifi bilan keladi. O‘sha paytlarda Isroilni neft bilan asosan Eron ta’minlab turgan.

Shuningdek, 1973 yil oktyabrda bo‘lib o‘tgan 20 kunlik Arab–Isroil urushi paytida Eron Isroilga 25 ta harbiy samolyot beradi. Boshqa yordam ko‘rsatadi.

Foto:yahoo.com

Ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar 1979 yilda Eronda tuzum o‘zgarganidan so‘ng tugaydi. Inqilobdan so‘ng Erondagi yangi tuzum Isroil bilan barcha aloqalar uzilganini va bu davlatni tan olmasligini aytib chiqadi.

Ali Xominaiy prezident bo‘lganida, so‘ng oliy rahbarga aylanganida ham Eronning Isroil va AQShga nisbatan keskin siyosati o‘zgarmadi. Aksincha, o‘zaro dushmanlik va qarama-qarshilik battar kuchaydi.

Oxir-oqibat Ali Xominaiy AQSh hamda Isroilning Eronga raketa va samolyotlar yordamida zarba bergan paytida halok bo‘ldi.

Eronning AQSh va Isroilga qarshi dushmanlik siyosati oxiri nima bilan tugaydi, aniq aytish qiyin. Lekin shu tarzdagi dushmanlik davom etsa taxmin qilish mumkin, katta ehtimol bilan AQSh Erondagi tuzumni qachonlardir ag‘daradi.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid