Jahon | 03:13 / 09.03.2026
19219
3 daqiqa o‘qiladi

Erondagi urushdan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan davlatlar ma’lum qilindi

Yaqin Sharqdagi yangi urush Osiyo va Yevropa mamlakatlari uchun inqirozga aylandi. Jabrlangan mamlakatlar orasida AQShning NATO bo‘yicha ittifoqchilari ham bor. 

Foto: Reuters

AQSh-Isroil va Eron urushi Yevropa va Osiyoning yirik mamlakatlari iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazdi. Buning oqibatlarini o‘zida eng ko‘p his qilgan davlatlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tashiladigan neft va gazga qaram Italiya, Belgiya, Xitoy, Hindiston va Janubiy Koreya bo‘ldi. Bu haqda tahlilchilarga tayanib The Washington Post yozmoqda. 

Nashrning yozishicha, o‘tgan haftada S&P 500 indeksi 2 foizga pasaygan bo‘lsa, Janubiy Koreya fond bozori 20 foizga quladi, Hindiston esa milliy valutaning dollarga nisbatan keskin pasayishiga duch keldi.  

QatarEnergy kompaniyasi suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarishni to‘xtatganidan so‘ng uning narxi 1,5 baravarga ko‘tarildi. ICE Futures birjasining 3 mart kungi ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropada ming kub metr gaz narxi uch yil ichida ilk marta 800 dollardan oshdi. 

Shuningdek, aviatashuvlar ham jiddiy zarar ko‘rdi. Logistika kompaniyalari yuk tashuvlarida BAA va Qatardagi xalqaro xablardan foydalanardi, biroq Eronning zarbalari bois ular endilikda aylanma yo‘llarni tanlashiga to‘g‘ri kelmoqda. 

«Shimol tomonga qarab ko‘p uchish mumkin emas, janub tomonga qarab ko‘p uchish mumkin emas», — dedi SEKO Logistics bosh tijorat direktori Brayan Burk. 

Uning izoh berishicha, endi Xitoy va Shimoli-sharqiy Osiyodan parvoz qiladigan samolyotlar foydalanish taqiqlangan Rossiya havo hududiga kirmasdan va urush ketayotgan Eron ustidan o‘tmasdan, Turkmaniston orqali uchishiga to‘g‘ri keladi.  

Buning ustiga, Fors ko‘rfazi mintaqasidan neft mahsulotlari yetkazilishining to‘xtatilishi aviatsiya yonilg‘isi narxi ko‘tarilishiga olib keldi. WP qayd etishicha, uning narxi 72 foizga ko‘tarilib, Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan 2022 yildagi ko‘rsatkichga yetgan. 

28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga hujum uyushtirdi. Bunga javoban Eron Yaqin Sharqdagi Amerika harbiy bazalari joylashgan mamlakatlar hududidagi harbiy obektlarga zarba berdi hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali amalga oshiriladigan neft va gaz savdosini to‘xtatib qo‘ydi. Jahon neftining qariyb 20 foizi aynan ushbu bo‘g‘oz orqali o‘tadi. 

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid