Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh harbiy qo‘mondonligi Erondagi urush boshidan beri 8 harbiysi o‘limini tasdiqladi
Bir hafta avval Eron hujumida olgan jarohatlari oqibatida amerikalik harbiy xizmatchi vafot etdi - u “Epik g‘azab” operatsiyasi davomida halok bo‘lgan yettinchi harbiy bo‘ldi. Yana bir askar esa Kuvaytda “sog‘liq bilan bog‘liq hodisa” sababli vafot etgan.
Foto: Ken Cedeno/REUTERS
AQShning Eronga qarshi harbiy operatsiyasi boshlanganidan beri halok bo‘lgan amerikalik harbiy xizmatchilar soni sakkiz nafarga yetdi. 8 mart, yakshanbaga o‘tar kechasi harbiylardan biri “Eron rejimi tomonidan Yaqin Sharqda amalga oshirilgan dastlabki hujumlar” paytida olgan jarohatlari oqibatida vafot etdi, deb shu kuni kechroq AQSh qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) xabar qildi.
Qo‘mondonlik ma’lumotiga ko‘ra, u 1 mart kuni Saudiya Arabistonidagi Amerika kuchlariga qilingan hujum vaqtida og‘ir yaralangan edi.
Yana olti nafar amerikalik harbiy xizmatchi ham xuddi shu kuni — 1 martda, Kuvaytda uchuvchisiz qurilmalar zarbasi natijasida o‘ldirilgan. 7 mart, shanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Delaver shtatidagi Dover aviabazasida ularning jasadlarini topshirish marosimida ishtirok etdi.
CENTCOM yana bir AQSh Milliy gvardiyasi askarining o‘limi haqida ham xabar berdi: Markaziy qo‘mondonlik ma’lumotiga ko‘ra, u 6 mart kuni Kuvaytda, “unga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish paytida sog‘liq bilan bog‘liq hodisa natijasida” vafot etgan. O‘limning aniq sababi hozircha aniqlanmoqda. Shu bilan birga, qo‘mondonlik bu harbiy xizmatchining o‘limi AQShning Erondagi harbiy operatsiyasi bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatmagan.
AQSh va Isroil 28 fevraldan beri Eronga qarshi harbiy operatsiya olib bormoqda. Bu operatsiya amerikalik harbiylar tomonidan “Epik g‘azab”, isroilliklar tomonidan esa “Arslonning na’rasi” deb nomlangan.
Islom Respublikasi bunga javoban Isroilga va Yaqin Sharqda Vashingtonning mintaqadagi ittifoqchilari bo‘lgan mamlakatlarga dronlar va raketalar bilan hujum qilmoqda. Tehronning ta’kidlashicha, Eron zarbalarining nishonlari — ushbu mamlakatlardagi Amerika harbiy bazalaridir.
Eronga berilgan zarbalar davomida Islom Respublikasining oliy rahbari Ali Xominaiy va yana bir qator yuqori lavozimli amaldorlar o‘ldirilgan.