Jahon | 14:06
2385
3 daqiqa o‘qiladi

NYT: AQSh Kuba prezidentining iste’fosini talab qilmoqda

Foto: Getty Images

Donald Tramp ma’muriyati Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel hokimiyatdan chetlatilishiga erishmoqchi, deb xabar berdi The New York Times to‘rtta manbaga asoslanib. 

Muzokaralar chog‘ida Amerika tomoni Kubaga mamlakat prezidenti ketishi kerakligini ma’lum qilgan, shu bilan birga, keyingi qadamlar kubaliklarning ixtiyoriga qoldirilgan. Tramp ma’muriyati rasmiylariga ko‘ra, Dias-Kanelning hokimiyatdan chetlatilishi Kubada tarkibiy iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish imkonini beradi, Vashingtonning fikricha, mamlakatning amaldagi prezidenti ularni qo‘llab-quvvatlashi dargumon.

NYT suhbatdoshlaridan biriga ko‘ra, Vashington Kuba hamon Fidel Kastro g‘oyalariga sodiq qolayotgan ayrim keksa siyosatchilar ham hokimiyatdan chetlatilishini xohlaydi. Shu bilan birga, AQSh hozircha mamlakatda juda nufuzli shaxslar bo‘lib qolayotgan Kastro oilasi a’zolariga qarshi hech qanday chora ko‘rishni talab qilmayapti.

Gazeta manbasining so‘zlariga ko‘ra, Kuba prezidentining hokimiyatdan chetlatilishi Donald Tramp uchun Venesuelada bo‘lgani kabi «uzoq vaqtdan beri AQShga qarshi bo‘lgan so‘l hukumat rahbarini ag‘darganini e’lon qilish imkonini beruvchi ramziy g‘alaba bo‘lardi». «AQSh rasmiylari nuqtayi nazariga ko‘ra, muzokaralar Kuba o‘z iqtisodiyotini Amerika ishbilarmonlari va kompaniyalari uchun bosqichma-bosqich ochib berishiga, qaram davlat yaratilishiga zamin yaratishga, shuningdek, Tramp e’lon qilishi mumkin bo‘lgan bir nechta ramziy siyosiy g‘alabalarga erishishga qaratilgan», – deyiladi materialda.

65 yoshli Migel Dias-Kanel 2018 yildan buyon Kuba prezidenti hisoblanadi. The New York Times uni davlatning nominal rahbari deb atagan. Kuba sobiq prezidenti, hozirda 94 yoshda bo‘lgan va hamon mamlakatda katta ta’sirga ega Raul Kastro Dias-Kanelni o‘z vorisi etib tanlagandi. 

Donald Tramp avvalroq AQSh Kubani «do‘stona qo‘shib olishi» mumkinligini aytgandi. Uning fikricha, Kuba hukumati «tez orada qulaydi». The Wall Street Journal xabariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati 2026 yil oxirigacha mamlakatda hokimiyatni almashtirish uchun Kuba hukumati ichidan agentlar izlagan.

Migel Dias-Kanel 13 mart kuni Kuba vakillari AQSh hukumati bilan muzokaralar boshlaganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kuba rasmiylari muloqot orqali «mamlakatlar o‘rtasida mavjud bo‘lgan ikki tomonlama kelishmovchiliklar uchun yechim topish»ni istaydi.

16 mart kuni Kubada blekaut yuz berdi. Dias-Kanel uch oydan ortiq vaqtdan buyon mamlakatga neft kirmayotgani va quyosh energiyasi, tabiiy gaz va issiqlik elektr stansiyalari hisobiga ishlayotganini aytgan. Kuba oldin neftni Venesueladan olardi, biroq AQSh Venesuela rahbari Nikolas Maduroni ag‘dargach, yetkazib berish to‘xtatildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid