Turkiyadagi NATO sammiti oldidan jurnalistlar Trampga o‘tgan oyda erishilgan AQSh-Eron anglashuv memorandumi nihoyasiga yetdimi, deb savol berdi:

«Bu juda qiziq savol. Menimcha, hammasi tugadi. Ular bilan ish ko‘rishni xohlamayman».

Anqarada jurnalistlarga gapirar ekan, u: «Ular — razillar. Ular — kasal odamlar. Ularga kasal odamlar rahbarlik qilmoqda.

Mening fikrimcha, ular bilan shug‘ullanish shunchaki vaqtni behuda sarflashdir. Ular — yolg‘onchilar. Biz kelishuv tuzamiz, hamma rozi bo‘ladi, yadro quroli bo‘lmaydi deb kelishiladi. Biz kelishuv tuzamiz, ular esa ko‘chaga chiqib, matbuotga bu haqda hatto gaplashmaganmiz ham, deb aytishadi. Ularning miyasida nimadir joyida emas. Ular aqldan ozgan (telba). Men uchun hammasi tugadi», deya Trampning so‘zlarini keltirmoqda Reuters nashri.

«Ular gapiraverishi mumkin, lekin baribir vaqtlarini bekorga ketkazishyapti, deb o‘ylayman», dedi AQSh yetakchisi.

Eron: sulhning ba’zi qismlari «samarasiz»

Ko‘rfazdagi hujumlardan so‘ng Eron Tashqi ishlar vazirligi ham bayonot e’lon qilib, Tehronning neft sotish litsenziyasini bekor qilishi va AQShning yangi harbiy zarbalari — amaldagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining ayrim qismlarini «samarasiz» qilib qo‘yganini bildirdi.

Eronning ta’kidlashicha, AQShning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan xavfsiz o‘tishni ta’minlash bo‘yicha Tehron tartib-qoidalariga aralashishi muvaqqat sulh bitimini amalga oshirib bo‘lmaydigan holatga keltirmoqda.